25-iyundan boshlab yurtimizga yozning eng issiq davri – “chilla” kirib keldi. Ushbu issiq mavsum 5-avgustga qadar davom etadi.
Bu davrda oftob urishidan saqlanish juda muhim. Chunki quyosh urishi – xavfli boʻlib, u tashqi termal omillar taʼsirida organizmning umumiy qizib ketishi va haroratni meʼyorda ushlab turish qobiliyatini yoʻqotishi natijasida yuzaga keladi.
Mutaxassislarning tavsiyalariga koʻra, issiq urishining oldini olish uchun suvsizlanishning oldini olish, kuniga 3 litr miqdorda suyuqlik (sovitilgan koʻk choy, gazsiz mineral suv, mevali, kam yogʻli sutli ichimliklar) ichish lozim. Toʻgʻri tushadigan quyosh nurlaridan saqlanish, undan himoyalovchi kremlar, koʻzoynaklar hamda soyabonlardan foydalanish kerak.
– Koʻchaga chiqayotganda ochiq rangli tabiiy matodan tikilgan yengil liboslar va issiqdan saqlaydigan bosh kiyim kiyish zarur, – deydi deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimov. – Shuningdek, yogʻli, qovurilgan taomlardan tiyilish va meva-sabzavotlar isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Taom albatta, tuzli boʻlishi darkor. Chunki havo harorati yuqori boʻlganda odam organizmidan koʻp miqdorda natriy chiqib ketadi. Eng asosiy eslatma shuki, kunduzi soat 10:00 va 16:00 oraligʻida quyosh nuri tushadigan ochiq joylarda yurmaslik lozim. Havo harorati yuqori boʻlganda ogʻir jismoniy ishlarni cheklash va koʻproq yopiq joylarda boʻlish maqsadga muvofiq. Yosh bolalar, keksa kishilar va surunkali xastaliklar (yurak-qon tomir, endokrin, nafas olish aʼzolari, metabolik va ruhiy xastaliklar) bilan ogʻriydigan bemorlar issiqlik urishiga koʻproq moyil. Shu sababli ular salomatligini muntazam kuzatib borish muhim.
Tez-tez dush qabul qilish tananing nafas olish tizimini yaxshilaydi. Suv xona haroratida boʻlishi kerak. Suvni kuchli sovitish oqibatida haroratning keskin oʻzgarishi zotiljam kasalligiga yoʻl ochib beradi.
Bunday issiqda konditsionersiz qiyin, albatta. Ammo konditsioner bor xonada uning roʻparasiga oʻtirish taqiqlanadi. Sababi, konditsionerning ishlashi jarayonida bakteriyalar sovuq havo bilan birga xonada haydalib, surunkali bronxit va pnevmoniyani qoʻzgʻatishi mumkin.
Ushbu tavsiyalarga amal qilish salomatligimizni asrashga va eng muhimi, yoz faslining yorqin taassurotlarga boy oʻtishiga xizmat qiladi.