Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Oʻzbekistonda atom energetikasini rivojlantirish muammolari va istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Tadbir atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishning dolzarb masalalari va imkoniyatlarini muhokama qilish, milliy va xalqaro ekspertlar oʻrtasida bilim va tajriba almashish uchun maydonga aylandi.
Anjumanda Vengriya, Turkiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Serbiya, AQSH, Qozogʻiston va boshqa mamlakatlardan xalqaro ekspertlar ishtirok etdi. Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad — Oʻzbekistonda atom energiyasidan foydalanishning afzalliklari va muammolarini atroflicha muhokama qilish. Ishtirokchilar atom energetikasi sohasidagi joriy va istiqbolli loyihalar, atom inshootlari xavfsizligini taʼminlash yoʻllari hamda yadro energetikasining mamlakat energetika balansidagi oʻrni bilan tanishdi. Kadrlar tayyorlash, bu borada innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Yetakchi mutaxassislar, ekspertlar hamda olimlar atom elektr stansiyalari holatini monitoring qilish va nazorat qilish tizimini rivojlantirishning global tendensiyalari, shuningdek, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarga tezkor javob berish mexanizmlarini muhokama qildi.
— Atom energetikasini rivojlantirish mamlakatimiz energetik mustaqilligini mustahkamlash, yangi ish oʻrinlari yaratish va mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirish orqali iqtisodiy oʻsishga koʻmaklashishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada Oʻzbekiston energetika sohasini diversifikatsiya qilishni qoʻllab-quvvatlash, ilmiy-texnikaviy sohada salohiyatni oshirish va tijorat hamkorlik, jumladan, investitsiyalarni jalb etish masalalari alohida ahamiyat kasb etadi. Muhokama chogʻida Oʻzbekistonda yadro tibbiyoti va uning saratonga qarshi kurashdagi oʻrni, shuningdek, yadro texnologiyalarini noenergetik yoʻnalishlarida qoʻllash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tadbir Oʻzbekistonning xalqaro tajribani integratsiyalash va atom sanoatini xavfsiz hamda samarali rivojlantirishning zarur sharti boʻlgan ilgʻor standartlarni joriy etishga tayyorligini namoyish etdi, — deydi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev.
Mazkur tadbir xavfsizlikning yuqori standartlari, ekologik masʼuliyat va iqtisodiy maqsadga muvofiqligini hisobga olgan holda mamlakatimizda atom energetikasini yanada samarali rivojlantirishga qaratilgan bilim va tajriba almashish uchun muhim maydonga aylandi.