Tadbir Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi, Xitoydagi kambagʻallikni qisqartirish xalqaro markazi va Birlashgan millatlar tashkilotining Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Mazkur seminar joriy yilning 21-25-avgust kunlari onlayn formatda oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, unda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi va uning joylardagi tuzilmalari xodimlari hamda 9 222 nafar hokim yordamchilari ishtirok etmoqda.
Ushbu seminar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi farmonining ijrosini taʼminlash maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi va Xitoydagi kambagʻallikni qisqartirish xalqaro markazi oʻrtasidagi anglashuv memorandumi, Oʻzbekistonning kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha delegatsiyasining Xitoyga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar asosida tashkil qilinmoqda.
Maʼlumki, Xitoy Xalq Respublikasi dunyo mamlakatlari oʻrtasida kambagʻallikni qisqartirish sohasida yetakchi mamlakat hisoblanib, Hukumat tomonidan amalga oshirilgan ishlar kambagʻallik ustidan gʻalaba qozonishga olib kelgan. Bugungi kunda Xitoydagi kambagʻallik darajasi 0,5-1 foizni tashkil etadi. Holbuki, ushbu koʻrsatkich 20 -asrning 70-80-yillarida 70 foizdan yuqori boʻlgan. Bu esa mamlakatda kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha joriy etilgan manzilli ishlarning yuqori samaradorligini bildiradi va jahon hamjamiyati uchun bebaho tajriba sifatida eʼtirof etiladi.
Mazkur seminarning maqsadi ishtirokchilarga Xitoyning kambagʻallikni qisqartirish sohasida amalga oshirgan chora-tadbirlari, aholi daromadlarini oshirish boʻyicha qoʻllanilgan manzilli instrumentlari va kambagʻal aholi qatlamlari bilan individual tarzda ishlash mexanizmlari kabi tajribasini oʻrgatish hisoblanadi.
Seminarni tashkil etish natijasida hududlardagi barcha hokim yordamchilarida kambagʻallikni qisqartirish tushunchasi va unga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro tajriba kabi koʻnikmalar shakllantiriladi. Jumladan, hokim yordamchilari:
– Kambagʻallik tushunchasi, uning sabablari, aniqlash metodikasi hamda unga qarshi kurashishdagi samarali instrumentlar;
– Kambagʻal oilalar bilan ishlash, ularning xohish va istaklarini aniqlash;
– Kambagʻal va ishsiz aholi qatlamlarining aniq istaklaridan kelib chiqib kasb-hunarga oʻqitish uchun yoʻnaltirish va natijada tadbirkorlikka jalb etish hamda bandligini taʼminlash;
– Xitoyning mahalla darajasida kichik sanoat va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qoʻshimcha qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish, yangi ishlab chiqarish liniyalari hamda yordam turlarini diversifikatsiya qilish kabi tushunchalarni oʻrganadi.
Natijada, hokim yordamchilari har bir kambagʻal oilaga individual yondashishi, yangi innovatsion mexanizmlarni qoʻllashi va oilalarni kambagʻallikdan chiqishiga qoʻshimcha dastak boʻlishi koʻzda tutilmoqda.
Seminar yakunlari boʻyicha ishtirokchilar test sinovlaridan oʻtkaziladi. Test sinovlari Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan onlayn formatda tashkillashtiriladi.
Bahor Xidirova,
"Yangi Oʻzbekiston" muxbiri