Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamda Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti hamkorligida tashkil etildi.
Respublika ilmiy-amaliy seminarini Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari Azimjon Nazarov kirish soʻzi bilan ochib berar ekan mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi sohasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar, xususan, tuproqlar muhofazasi, yerlar degradatsiyasi, shoʻrlanish, choʻllanish kabi masalalar haqida oʻz fikr mulohazalarini bildirish bilan bir qatorda tadbir ishtirokchilarini ushbu sana bilan samimiy qutladi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va Qonunchilik palatasi, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, olimlar, tadqiqotchilar, milliy va xorijiy tuproqshunos mutaxassislar tuproq va suv resurslarini barqaror boshqarish, eroziya hamda tuproq degradatsiyasiga qarshi kurashning zamonaviy usullari, neytral muvozanatni saqlash, yer degradatsiyasi, shuningdek, boshqa dolzarb masalalar boʻyicha maʼruzalar qildilar.
Seminar davomida Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan 5-dekabr- Butunjahon tuproq kuni munosabati bilan tuproqshunoslikda koʻp yillik samarali faoliyati davomida soha rivojiga qoʻshgan munosib xizmatlari uchun bir guruh soha xodimlari sertifikat va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga BMT ning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatiga bagʻishlangan 2 ta videofilm namoyish etildi.
Tadbirda minimal yumshatish, almashlab ekish, organik moddalar solish va qoplama ekinlar kabi tuproqni barqaror boshqarish usullari tuproq holatini yaxshilashi, eroziya va ifloslanishni kamaytirishi, yer osti suvlarining holatini yaxshilashi taʼkidlab oʻtildi.