2024-yil uchun Davlat byudjetining taqsimlanishida qanday oʻzgarishlar bor?

    Moliya 22 Dekabr 2023 1845

    2023-yil 21-dekabrda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi tomonidan Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi bilan hamkorlikda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining mahalliy byudjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiya va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyalari uchun “2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonun mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan seminar boʻlib oʻtdi.

    Axborotga koʻra, Davlat byudjetining 2024-yil uchun parametrlari, byudjet taqchilligi miqdorlari jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklar va geosiyosiy vaziyatning mamlakatimiz iqtisodiyotiga taʼsirini yumshatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish kabi omillarni eʼtiborga olgan holda hisob-kitob qilingan.

    Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan byudjetining 2024-yilgi daromadlari 375,0 trillion soʻm va xarajatlari 427,6 trillion soʻm, taqchilligi 52,6 trillion soʻmni yoki YAIMga nisbatan 4,0 foiz miqdorida belgilanyapti.

    Shundan, Davlat budjeti daromadlari 270,7 trillion soʻm yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 20,8 foiz miqdorida prognoz qilinyapti.

    Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari taqchilligi 2024-yilda 3,1 foiz miqdorida belgilanyapti, 2025 – 2026-yillarda esa taqchillik tegishincha 1,8- 2,2 foizgacha pasayishi prognoz qilinyapti.

    2024-yil uchun Davlat byudjeti xarajatlari 312 trillion 921 milliard soʻm miqdorida rejalashtirildi.

    Shuni alohida qayd etish lozimki, kelgusi yil byudjetida ham ijtimoiy soha xarajatlari salmoqli ulushni tashkil etadi. Xarajatlarning 48 foizdan ortigʻi yoki 151,5 trillion soʻm ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilishi kutilyapti.

    Seminarda 2024-yil uchun soliq-bojxona siyosatining asosiy yoʻnalishlariga toʻxtalib oʻtildi.

    Xususan, 2024-yil uchun soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari – qoʻshilgan qiymat soligʻi, foyda soligʻi va aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha ayrim imtiyozlar bekor qilinib, mutlaq summada belgilangan soliq stavkalarining kutilayotgan inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda indeksatsiya qilinishi belgilanyapti.

    2024-yil 1-apreldan zararli gazlari yuqori boʻlgan benzinga aksiz soligʻi stavkasi 12 foizga (oktan miqdori 91 va undan yuqori boʻlgan benzin bundan mustasno) indeksatsiya qilinyapti.

    Ogʻir yuk mashinalari tomonidan respublika va mahalliy darajadagi yoʻllardan foydalanishda ularni yaroqsiz holga keltirish oqibatida yetkazilayotgan zararlarni qoplash maqsadida yuk koʻtarish quvvati 10 tonnadan yuqori boʻlgan yuk avtotransport vositalari va tirkamalarining avtomobil yoʻllari boʻylab harakatlanishi huquqi uchun yigʻim joriy etiladi.

    Biznes yuritishni soddalashtirish maqsadida soliq hisobotlarini saqlash va soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish besh yillik muddatlar qisqartirilib, uch yil qilib belgilanadi.

    Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi yerlarini sugʻorish va baliqlarni yetishtirish uchun foydalaniladigan suv hajmi, shu jumladan dehqon xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarga ega boʻlgan jismoniy shaxslar uchun soliq stavkasi 100 soʻm etib belgilanadi.

    Tadbir yakunida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning mahalliy byudjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiya va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyalariga tegishli tavsiyalar berildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.