O'zbekistonda gilos “yashil” usulda yetishtiriladi

    Loyiha 2023-yil oxirigacha yakunlanishi lozim.

    Toshkentda FAOning alohida qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirishning “yashil” usullarini rivojlantirish bo'yicha “Bir mamlakat — bitta ustuvor mahsulot" Global harakatlar dasturini amalga oshirish doirasida “Qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni yaxshilash uchun innovatsion yondashuvlar” loyihasining kirish seminari bo'lib o'tdi. Tadbirda milliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etib, O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihaning maqsad va vazifalari haqida so'z yuritdilar.

    2022-yilning noyabr oyida Rimda FAOning “Bir mamlakat – bitta ustuvor mahsulot” Global Harakatlar dasturini amalga oshirish bo'yicha mamlakat loyihalari rasmiy ravishda ishga tushirilgan edi. Asosiy maqsad barqaror oziq-ovqat qiymati zanjirlarini yaratish, oilaviy hamda mayda fermer xo'jaliklarini daromad olish va turmush darajasini yaxshilash bo'yicha qo'llab-quvvatlash, kimyoviy vositalar va tabiiy resurslardan foydalanishni minimallashtirish, oziq-ovqat mahsulotlarini yo'qotilishi va chiqindiga chiqishini kamaytirish, atrof-muhitga salbiy ta'sirlarni cheklashdan iborat.

    Birinchi bosqichga 70 dan ortiq talabgor mamlakatlardan OCOP loyihalarini amalga oshirish uchun beshta davlat aniqlandi. Ular orasida Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi vakili bo'lgan O'zbekiston ham gilos yetishtirishni rivojlantirmoqda. Loyiha 2023-yil oxirigacha yakunlanishi lozim. Ushbu beshta OCOP loyihalarini amalga oshirish uchun tanlab olingan davlatlar alohida qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishda to'plangan o'zlarining tajribalari, innovatsiyalari va texnologiyalari bilan o'rtoqlashadilar. Alohida qishloq xo'jaligi mahsulotlari deganda mahalliy miqyosda yaxshi ma'lum bo'lgan, keng tarqalgan yoki kam foydalaniladigan hamda ayni paytda milliy, mintaqaviy va xalqaro bozorlarda ilgari surish imkoniyatiga ega bo'lgan mahsulotlar tushuniladi.

    — O'zbekistonda yiliga o'rtacha 180 ming tonnagacha gilos etishtiriladi, — dedi FAOning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o'rinbosari Sherzod Umarov. — Agroekologik sharoitlar butun mamlakat bo'ylab kichik fermerlarga kimyoviy moddalardan minimal darajada foydalangan holda gilos yetishtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, gilos ko'p tarmoqli va barqaror dehqonchilik tizimini, shuningdek, agroo'rmonchilik va o'rmon yaylovchiligini rivojlantirish imkonini ham beradi. Shunday qilib, gilos yashil va inklyuziv rivojlanish bo'yicha katta salohiyatga ega.

    Seminarda so'zga chiqqanlar kichik fermer xo'jaliklarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha OCOPni joriy etishning ahamiyati haqida to'xtalishdi. OCOPning o'ziga xos biznes modeli kichik uy xo'jaliklariga oziq-ovqat mahsulotlarini barqaror ko'paytirish, shu orqali daromadlarni oshirish va pirovardida ularning turmush sharoitini yaxshilashga ko'maklashishga qaratilgan.