“Oʻzbekistonda ijtimoiy himoya tizimini baholash” tadqiqot natijalari eʼlon qilindi

    Ijtimoiy hayot 12 Avgust 2020 3158

    Keng jamoatchilik, ayniqsa, kam taʼminlangan oilalar, ijtimoiy nafaqa oluvchi kishilar, nogironligi bor shaxslar va keksalar, yoshlar, norasmiy ishlovchilar hamda ishsiz fuqarolar fikrini aniqlashga qaratilgan “Oʻzbekistonda ijtimoiy himoya tizimini baholash” tadqiqot natijalari eʼlon qilindi.

    Oʻzbekistondagi ijtimoiy himoya tizimi koʻp yillar davomida mutaxassislar va jamoatchilikda savollar uygʻotib keladi. Koronavirus pandemiyasi sharoitida esa ijtimoiy himoya masalasi yana-da dolzarblik kasb etadi. Ijtimoiy himoya qanchalik ahamiyatli? Oʻzbekistonda bu tizimning kuchli va zaif tomonlari nimada? Milliy ijtimoiy himoya tizimini bu kabi chaqiriqlarga yana-da bardoshli hamda pandemiya oqibatlarini hal qilishning yangi yoʻllarini topishga qodir qilib takomillashtirish imkoni bormi?

    Mazkur savollarning ayrimlariga javob topishda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), Jahon banki va YUNISEF hamkorlikda oʻtkazgan hamda “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan eʼlon qilingan tadqiqot yordam beradi.

    Tadqiqot respublikamizdagi muhim ijtimoiy himoya dasturlari, ularning samaradorligi va moliyaviy barqarorligi tavsiflarini oʻz ichiga oladi, tizimning kuchli va zaif tomonlarini aniqlashtiradi va uni mustahkamlash boʻyicha qator tavsiya va xulosalarni taklif etadi.

    Tadqiqot respublikamizdagi muhim ijtimoiy himoya dasturlari, ularning samaradorligi va moliyaviy barqarorligi tavsiflarini oʻz ichiga oladi. Bu esa tizimning kuchli va zaif tomonlarini aniqlashtirish va uni mustahkamlash boʻyicha qator tavsiya hamda xulosalarni taklif etish imkonini beradi.

    Tadqiqot 2018-yilda ijtimoiy himoya tizimi 55 foizga yaqin aholining ehtiyojini qondirganini koʻrsatdi. Ijtimoiy himoya dasturlaridan foydalanganlarning umumiy soni esa 2012-yilda 8,1 milliondan 2017-yilda 6,4 milliongacha kamayib borgan. Eng kam koʻrsatkich ishsizlik nafaqasi va kam taʼminlangan oilalar uchun ijtimoiy nafaqa oluvchilar orasida qayd etilgan.

    “Ushbu tadqiqotda milliy ijtimoiy himoya tizimi batafsil tahlil qilingan. Bundan tashqari, hujjatda Hukumat tomonidan koronavirus pandemiyasiga qarshi amalga oshirilayotgan dasturlar uchun ham foydali boʻladigan ishchi tavsiyalar keltirilgan”, — deya taʼkidlaydi “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov.

    “Hisobotning asosiy xulosalaridan biri shu boʻldiki, ijtimoiy himoya tizimi yetakchilik va harakatlarni muvofiqlashtirishni amalda qoʻllay olishga, ijtimoiy himoyaning Milliy strategiyasini ishlab chiqishga hamda hayotga tatbiq etishga qodir yagona agentlikka muhtoj. Strategiya, oʻz navbatida, tizimdagi, ayniqsa, bolalar va ularning oilalari, nogironligi bor shaxslar va keksalar hayotidagi muhim boʻshliqlarni toʻldirishga qodir. U, shuningdek, ijtimoiy taʼminot, ijtimoiy yordam, ijtimoiy xizmatlar va mehnat bozoriga koʻmaklashuvchi faol dasturlarga kompleks yondashuvni taʼminlashi mumkin. Bu esa resurslarni samarali taqsimlashga hamda aholini, xususan, nisbatan zaif qatlamni mutlaq himoyalashga olib keladi”, — deya taʼkidlaydi YUNISEFning Oʻzbekistondagi ijtimoiy siyosat rahbari Yuliya Oleynik.

    Bundan tashqari, ish bilan band aholining deyarli 55 foizi norasmiy sektorda. Demak, ular ijtimoiy himoya dasturlariga qamrab olinmagan. Ushbu toifa shaxslar kam taʼminlangan oilalar, nogironligi bor shaxslar va keksalar bilan bir qatorda koronavirus pandemiyasi sharoitida yuqori xavf hududiga tushib qoladilar.

    “Hisobotda qayd etilishicha, Oʻzbekistonning 44 foiz aholisi ijtimoiy sugʻurta dasturlaridan foydalanishadi. Bu esa ijtimoiy sugʻurta dasturlariga byudjet mablagʻlarining ajratilishi qisqartirilgan taqdirda ham qashshoqlikni kamaytirishga sezilarli taʼsir koʻrsatadigan yetarlicha davriy kafolatlar berish uchun ijtimoiy sugʻurta mexanizmlarining muhimligidan dalolat beradi. Yetarlicha moliyalashtirilgan va puxta loyihalashtirilgan, shuningdek, iqtisodiyotning norasmiy sektor ishchilarini ham oʻz ichiga oladigan ijtimoiy himoya tizimi — alohida shaxslar, uy bekalari va umuman iqtisodiyotga, ijtimoiy-iqtisodiy va iqlimiy taʼsirlarga bardoshlilikni oshirishning kalitidir”, — deydi XMTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha Byurosining munosib mehnat masalalarini texnik qoʻllab-quvvatlash guruhi mehnat muhofazasi boʻyicha bosh mutaxassisi Yasmina Papa.

    Jahon banki hisob-kitoblariga koʻra, Oʻzbekistonda yarim millionga yaqin kishi COVID-19 pandemiyasi natijasida kambagʻallik chegarasidan pastga tushish ehtimoli bor. Bunda favqulodda holat yana davom etgan taqdirda vaziyat yomonlashsa, xavf darajasi yuqorilab boradi. Shuning uchun, mamlakatdagi barcha muhtoj insonlarni himoyalashni taʼminlash uchun har qachongidan ham tezkor va inklyuziv ijtimoiy himoya tizimi zarur boʻladi.

    “COVID pandemiyasi oqibatida koʻproq zarar koʻrgan, kambagʻallik chegarasi ostida va kambagʻallik chegarasi ustida turganlar orasida zudlik bilan ijtimoiy himoyani kengaytirish kerak boʻladi.

    Jahon banki, YUNISEF hamda XMT turli guruhdagi muhtoj insonlarni qoʻllab-quvvatlovchi, tezkor va samarali, mustahkam va inklyuziv ijtimoiy himoya dasturlarini ishlab chiqishda hukumatga yordam berishga tayyor”, — deya qayd etadi Jahon bankining katta iqtisodchisi Maddalena Xonorati.

    “Oʻzbekistonda ijtimoiy himoya tizimini baholash” tadqiqoti jamoatchilik, ayniqsa, kam taʼminlangan oilalar, ijtimoiy nafaqa oluvchi kishilar, nogironligi bor shaxslar va keksalar, yoshlar, norasmiy ishlovchilar hamda ishsizlar fikrini aniqlash maqsadida Jamoatchilik.uz (https://jamoatchilik.uz/project/uz/) platformasida eʼlon qilindi. Bunda istalgan kishi tadqiqot joylashtirilgan Internetdagi sahifaga kirishi va oʻz fikrini izohlarda yozib qoldirishi mumkin, deb xabar beradi “Yuksalish” Umummilliy harakati matbuot xizmati.