Oʻzbekistonda Internet xizmatidan foydalanuvchilari soni 31,0 mln.dan ortdi — Sherzod Shermatov

    Raqamlashtirish 15 Dekabr 2022 1477

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati”da Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Shermatov deputatlarning savollariga javob berdi.

    2022-yil 14-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” Strategiyasini bilan belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masalani muhokama qildi.

    Kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlarning savollariga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Shermatov javob berdi.

    Taʼkidlanganidek, Prezidentimizning 2020-yil 5-maydagi tegishli farmoni doirasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” Strategiyasi asosida respublika boʻylab IT-parkning 7 ta filiallari ishga tushirilgan boʻlsa, 3 ta vaqtinchalik filiallari tashkil qilingan.

    Shuningdek, 2023-2024-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Namangan Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent, Navoiy viloyatlarida ham mahalliy byudjet hisobidan tashkil etilishi belgilangan. Hozirgi kunga kelib IT-Park rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtgan korxonalar soni 1036 taga yetkazildi.

    Davlatimiz rahbarining 2022-yil 23-avgustdagi tegishli qaroriga muvofiq, 15 ta masofaviy xizmatlarni koʻrsatish markazlari tashkil etilib, ularda 500 nafardan yoshlar ish bilan taʼminlandi. Yoshlarning startap-loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida vazirlik hamda IT-Park tomonidan respublika boʻylab axborot texnologiyalari yoʻnalishlari mavjud 35 ta oliy taʼlim muassasasida startaplarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha inkubatsiya markazlari tashkil etildi.

    Xalq vakillari respublika boʻyicha raqamli infratuzilmani takomillashtirish, hususan, barcha aholi yashash punktlari va ijtimoiy obyektlarni optik tolali aloqa hamda yuqori tezlikdagi Internet jahon axborot tarmogʻi bilan qamrab olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan savollar berishdi.

    Sh.Shermatov qayd etganidek, xalqaro va shaharlararo telekommunikatsiya tarmogʻini rivojlantirish maqsadida Xalqaro Internet tarmogʻiga ulanishning umumiy oʻtkazuvchanlik qobiliyati 2,6 barobar oshirilib, 3 200 Gbit/s.ga yetkazilgan. Magistral telekommunikatsiya tarmoqlari oʻtkazuvchanlik qobiliyati viloyatlararo darajada 600 Gbit/s.ga, tumanlararo darajada esa 60 Gbit/s.ga yetkazilgan.

    Bu bilan respublikada internet tezligini oshirishga, operator va provayderlarga Internet xizmatlari uchun tarifning 2021-yil boshiga nisbatan 25 foizga arzonlashtirishga erishildi. Shuningdek, 2021-2022-yillarda qoʻshimcha 102 ming km. optik-tolali aloqa liniyalarini qurish orqali ularning umumiy uzunligi 170 ming km.ga yetkazildi.

    2020-yil yakunida 2,7 mln.ta uy xoʻjaliklari, tadbirkorlik subyektlari va ijtimoiy soha obyektlarining keng polosali Internetga ulanish imkoniyati mavjud boʻlgan boʻlsa, soʻnggi ikki yilda qoʻshimcha 1,7 mln. keng polosali portlar oʻrnatilishi natijasida jami 4,4 mln.ta uy xoʻjaliklari, tadbirkorlik subyektlari va ijtimoiy soha obyektlarining keng polosali Internetga ulanish imkoniyati yaratildi.

    Aholining Internet xizmatidan foydalanuvchilari soni 31,0 mln.dan ortdi. Shundan mobil Internet foydalanuvchilari soni 29,5 mln.ni tashkil etadi. Shuningdek, soʻnggi ikki yilda 22 300 ta qoʻshimcha tayanch stansiyalari oʻrnatilib ularning umumiy soni 54,0 mingtaga yetkazildi. Respublika boʻyicha mobil aloqa qamrovi darajasi 99 foizga, keng polosali mobil Internet qamrovi 98 foizga yetkazildi.

    Muhokamalarga boy boʻlgan “Hukumat soati”da deputatlar mavjud muammolarni bartaraf etish, soha istiqboliga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berdi.

    Kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.