O'zbekistonda iqtisodiy vaziyat yaxshilanishda davom etmoqda

    So'rovnoma o'tkazilgan 1003 ta korxonaning 41 foizi biznesning hozirgi holatini “yaxshi”, 41 foizi “qoniqarli” va 18 foizi “yomon” deb baholadi.

    Mamlakatimizdagi iqtisodiy vaziyat asta-sekin yaxshilanishda davom etmoqda. Buni yurtimizdagi ishbilarmonlik holatini baholash, O'zbekiston biznes doiralaridagi kayfiyatni aks ettirish bo'yicha dekabr` oyida o'tkazilgan so'rovnoma natijalari ham ko'rsatib bermoqda.

    Pandemiya bilan bog'liq cheklovlar bosqichma-bosqich bekor qilinib, iqtisodiyot tiklanar ekan, hukumatning roli asosiy omil bo'lib qolmoqda. Hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar iqtisodiyot uchun ijobiy impul`slar bermoqda. O'zbekiston Prezidentining parlamentga Murojaatnomasida yangi chora-tadbirlar, jumladan, biznesni qo'llab-quvvatlash, xo'jalik yurituvchi sub'ektlarni tekshirish moratoriysini yana bir yilga uzaytirish, soliq imtiyozlari, oziq-ovqat, neft` va elektr sanoatidagi 73 tovar mahsulotiga aktsiz solig'ini bekor qilish va sog'liqni saqlash xarajatlarini oshirish haqida ma'lum qilindi.

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2020 yilning dekabr` oyida O'zbekistondagi ishbilarmonlik muhitini baholash uchun korxonalar o'rtasida so'rovnoma o'tkazildi. So'rovnomada respublika bo'yicha mingdan ortiq korxona ishtirok etdi. Mutaxassislar tadbirkorlarga ularning biznesini rivojlantirish istiqbollari to'g'risidagi savollar bilan murojaat qilishdi.

    So'rovnoma ikki yo'nalishda o'tkazildi:

    • biznesning hozirgi holatini sifatli baholash;
    • tadbirkorlarning o'z biznesi bo'yicha keyingi 2-3 oylik kutilmalari.

    O'zbekistondagi ishbilarmonlik muhiti tahlili shuni ko'rsatdiki, biznesning hozirgi holati ko'rsatkichi o'tgan oyga nisbatan 6 punktga oshib, 33 ballni tashkil etdi. Bu esa tadbirkorlar o'z biznesining hozirgi holatiga nisbatan mo''tadil ijobiy kayfiyatda ekanini bildiradi.

    Xususan, sanoat saohasida indeks 10 ballga ko'tarildi, qurilish va xizmatlar sohalarida mos ravishda 14 va 24 punktga o'sish kuzatildi. Qishloq xo'jaligi sohasida esa aksincha 24 ballga pasayish kuzatildi.

    So'rovnoma o'tkazilgan 1003 ta korxonaning 41 foizi biznesning hozirgi holatini “yaxshi”, 41 foizi “qoniqarli” va 18 foizi “yomon” deb baholadi.

    Korxonalarning 36 foizi tovarlar/xizmatlar uchun talab “oshdi”, 45 foizi – “o'zgarmadi”, 19 foizi – “yomonlashdi” deb baholagan. Korxonalarning 18 foizida xodimlar soni “o'zgarmagan", 73 foizida “kamaygan” va 9 foizida “oshgan”.

    Keyingi 3 oy davomida biznesni rivojlantirish kutilmalari indeksi o'tgan oyga nisbatan 22 punktga oshib, 73 ballni tashkil etdi, ya'ni tadbirkorlarning kelgusi 3 oy ichida o'z biznesini rivojlantirish istiqbollari to'g'risida umidlari ijobiydir.

    Xususan, qishloq xo'jaligi sohasidagi istiqbollarni kutish ko'rsatkichi mos ravishda 29 ballga, sanoat – 21 ballga, qurilish – 39 ball, xizmat ko'rsatish sohasida - 14 ballga oshgan.

    So'rovda qatnashgan 1003 korxonadan 73 foizi o'z biznesining istiqbollarini "yaxshilanmoqda", 23 foizi – "o'zgarmaydi" deb baholashdi va atigi 4 foizi "yomonlashadi" deb taxmin qilgan.

    Tahlillar shuni ko'rsatdiki, tovar/xizmatlarga talab ko'rsatkichini korxonalarning 60 foizi «yaxshilanadi», 32 foizida «o'zgarmaydi», 8 foizi «yomonlashadi» deb baholagan. Korxonalarning 59 foizi ishchilar sonini «oshadi», 39 foizi «o'zgarmaydi» va 1 foizi «pasayadi» degan taxmin qilgan.

    SHuningdek, mazkur korxonalarning 27 foizi mahsulotlarning narxi "o'zgarmaydi", 54 foizi "bilmayman" deb javob berishdi, 16 foiz korxonalar tovarlari/xizmatlari narxlarining oshishini kutmoqda va atigi 3 foizi "pasayadi" deb taxmin qilgan.

    Ishbilarmonlik muhiti indikatori o'tgan oyga nisbatan 13 punktga oshib, 52 punktni tashkil etdi. YA'ni, mamlakatda ishbilarmonlik muhiti “yaxshi” deb baholanadi.

    Mavjud vaziyat va taxminlar qiymatlari o'rtasidagi bog'liqlik iqtisodiy rivojlanishning ijobiy tendentsiyasi yaqin 3 oy ichida davom etishini anglatadi. Xususan, 2020 yil noyabr` oyiga nisbatan qishloq xo'jaligida ishbilarmonlik muhitining ko'rsatkichi 1 punktga oshdi, sanoatda va qurilishda mos ravishda 15 va 29 punktga, xizmat ko'rsatishda 19 punktga oshgani qayd etildi.

    Hamkor davlatlarda joriy yilning dekabr` oyidagi ishbilarmonlik muhiti bo'yicha shu kabi ko'rsatkichlarini uchun quyidagicha bo'ldi: Turkiya (7) va Rossiya (-7,3), Xitoy (1,9), Janubiy Koreya (-18).

    Feruzbek DAVLETOV,

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xodimi