Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasi 11 foizga qisqardi

    Mamlakatimizda oʻtgan yilga nisbatan 3,1 foizga kambagʻallik qisqargan. 2022-yil natijalarida kambagʻallik darajasi 14 foizni tashkil etgan. Jarayon Jahon banki ekspertlari tomonidan tekshirildi.

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi va Statistika agentligi tomonidan 2023-yil uchun Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasi tahlil qilindi.

    Statistika agentligi tomonidan oʻtkazilgan 16 mingta uy xoʻjaliklari kuzatuvlariga koʻra, mamlakatimizda kambagʻallik darajasi 2023-yil yakunida 11,0 foizgacha pasaydi. Mamlakatimizda oʻtgan yilga nisbatan 3,1 foizga kambagʻallik qisqargan. 2022-yil natijalarida kambagʻallik darajasi 14 foizni tashkil etgan. Jarayon Jahon banki ekspertlari tomonidan tekshirildi.

    Kambagʻallikning pasayishi barcha viloyatlarda qayd etildi. Sirdaryo (19,5% dan 13,8% gacha), Andijon (17,4% dan 11,9% gacha) viloyatlari va Qoraqalpogʻistonda (19,9% dan 13,7% gacha) sezilarli darajada qisqargan. Minimal oʻzgarishlar Toshkent shahri (8,5% dan 7,9% gacha) va Buxoro (11.9% dan 11,8% gacha), Qashqadaryo (12,7% dan 11,5% gacha) viloyatlarida aniqlangan.

    Maʻlumot uchun: 2023-yilda jami 4,1 mln aholi, shundan 2,3 mln nafari doimiy va mavsumiy ish oʻrinlarida, 112,8 ming nafari haq toʻlanadigan jamoat ishlarida, 1,6 mln aholi oʻzini oʻzi band qilish hisobiga bandligini taʻminlashga erishildi.

    Hokim yordamchilari koʻmagida 241,3 ming nafar fuqarolarga ijara asosida yer maydonlari ajratildi.

    20 ming tadbirkor 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida 6 745 ta tadbirkorlik subʻyektlari bilan 455,0 ming nafar aholini badligini taʻminlash boʻyicha hamkorlik shartnomalari imzolandi.

    Shuningdek, 472 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihalariga 10 trln. soʻm imtiyozli kreditlar va 73 ming nafar ishsiz fuqarolarga 356 mlrd. soʻm subsidiya mablagʻlari ajratildi.

    Mahallabay ishlash asosida 51 mingta mikroloyihalarni amalga oshirilishi natijasida 206 mingta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

    181 ming nafar ishsizlar fuqarolar kasb-hunarga oʻqitildi va 183,8 mingta yangi tadbirkorlik subʻyektlari tashkil etildi.

    Inflyasiya darajasidan kelib chiqib, 2024-yil uchun hisoblangan MIX (minimal isteʻmol xarajatlari) qiymati 621 ming soʻmni tashkil etdi. (2023-yil 568 ming soʻm).

    Kambagʻal oilalarni “Individual dastur”lar tuzish orqali 2023-yilda 208 ming oilaning 873 ming oila aʻzosi kambagʻallikdan chiqarilgan boʻlsa, 2024-yilda kambagʻallikdan 150 ming oila (va uning 700 ming oila aʻzosi) chiqarilishi rejalashtirilgan.