Joriy yilning 27-fevralida kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz aholisining 12-15% yoki 4-5 milllion aholi kambagʻallik sharoitidaligini taʼkidladi. Bu ularning kunlik tushumi 10-13 ming soʻmdan oshmasligini anglatadi.
Hozirgi kunda kambagʻal oilaning shaxsiy kompyuter bilan taʼminlanganligi Respublikadagi oʻrtacha oiladan 12 barobarga, shaxsiy mashina bilan – 11 barobarga, konditsioner bilan – 8 barobarga, changyutgich bilan – 4 barobarga, kir yuvish mashinalari bilan – 4 barobarga, muzlatgich bilan – 2 barobarga, televizor va uyali aloqa vositalari bilan – 1,5 barobarga kamligi kuzatiladi.
Aholining kambagʻal qatlami mamlakatga xos boʻlgan tezkor iqtisodiy oʻsishdan foyda koʻrish imkoniyatidan mahrum boʻlibgina qolmay, jamiyatning turli sohalarida ishtirok etish imkoniyati cheklanganligi tufayli rivojlanishga ham hissa qoʻsha olmaydi. Davlat bepul oʻrta taʼlimni taʼminlaydi, tibbiy xizmatlarning asosiy paketini kafolatlaydi, “ijtimoiy ahamiyatli va xavfli” sharoitlar uchun parvarish zaif deb tasniflangan guruhlarga ixtisoslashgan yordam va kam taʼminlangan oilalarga imtiyozlar beradi. Ammo, bundan-da koʻpi amalga oshirilishi lozim.
Chunki kambagʻallik holatida tushib qolishdan koʻra, undan chiqib ketish koʻp karra qiyinroq. Oʻzi qishloq sharoitida yashovchi kambagʻal odam kasal boʻlib qolgan sharoitda doktorga uchrashish uchun shaharga qatnashiga toʻgʻri keladi. Uning dori-darmon xarajatlariga yoʻl kira ham qoʻshiladi. Kambagʻal oila farzandi pul topish ilinjida taʼlim olish imkoniyatidan mahrum boʻlib qolishi mumkin, bu esa uning kelajakdagi daromadlari darajasiga taʼsir etadi. Shuning uchun ham koʻp hollarda “kambagʻallik” va “kambagʻallik qopqoni” tushunchalari birga ishlatiladi.
Kambagʻallik nima?
Kambagʻallik tushunchasiga yagona taʼrif mavjud emas. Baʼzilar kambagʻallik deganda insonning birlamchi ehtiyojlarini (oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, taʼlim va sogʻliqni-saqlash) qondirishga imkoniyatning mavjud emasligini tushunsa, boshqalar – tanlov erkinligining yetarlicha emasligi yoki kuniga 1,90 dollardan kam miqdorga kun kechirishni, uchinchi tomon esa –insonning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi ishtirokiga putur yetkazuvchi ijtimoiy, taʼlim va sogʻliqni-saqlash sohasidagi toʻsiqlarning doimiy doirasini tushunishadi. Umumiy qaraganda, kambagʻallikni baholash bir nechta aniq belgilangan koʻnikma va usullarni talab qiladi.
Kambagʻallik darajasi qanday oʻlchanadi?
Belgilangan davrda inson farovonligi darajasini oʻlchashda foydalaniladigan 2 ta koʻrsatkich mavjud: aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromad yoki aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan isteʼmol xarajatlari. Daromadlarning isteʼmolga nisbatan oʻzgaruvchan boʻlishi, baʼzi daromad manbalarini aniqlashning murakkabligi, daromadlar toʻgʻrisidagi yolgʻon maʼlumotlarning keltirilish darajasi yuqori boʻlganligi uchun amaliyotda 2-koʻrsatkichdan foydalanish tavsiya etiladi. Shuning bilan birga, farovonlik koʻrsatkichi sifatida isteʼmol xarajatlari maʼlumotlaridan foydalanishda esa vaqt oʻtishi bilan narxlarning oʻzgarishini, ayrim mamlakatlar oʻrtasidagi narxlar farqini, uyda isteʼmol qilinadigan tovarlar (shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari), uy xoʻjaliklari tomonidan qabul qilinadigan jamoat tovarlari va xizmatlari narxlari (bepul yoki subsidiyalangan tibbiy yordam, maktab ovqatlari, xalq taʼlimi) kabilarni hisobga olgan holda bu koʻrsatkichga baʼzi toʻgʻrilashlarni kiritish lozim boʻladi.
Shu sababli, kim kambagʻal yoki kambagʻal emasligini aniqlash uchun isteʼmol (daromad) toʻgʻrisidagi bilimlarga asoslanib, odatda “kambagʻallik chegarasi” deb nomlanadigan kambagʻallikning eng yuqori darajasini aniqlab olish lozim. Bu esa mushkul vazifadir, chunki kambagʻallik taʼrifi boʻyicha ham, uning chegarasi boʻladigan narsada ham mutaxassislar oʻrtasida yakdil fikr mavjud emas. Shu bilan birga, kambagʻallik chegarasining eng koʻp ishlatiladigan taʼriflari quyidagilardir:
Oziqlanishga asoslangan kambagʻallik darajasi. Qashshoqlik maʼlum koʻrinishlarni oladi va ochlik ana shunday koʻrinishlardan biridir. Bunday holda, farovonlik aholi jon boshiga kunlik kilokaloriyalar isteʼmoli bilan oʻlchanadi va ushbu kategoriyadagi odamlar uchun kunlik energiya sarfi miqdori bilan taqqoslanadi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti kuniga energiya sarfi chegarasini oʻrtacha 1800 kilokaloriya qilib belgilashni tavsiya etadi. Bu koʻrsatkich yoshga, jinsga va inson faoliyat darajasiga qarab oʻzgarishi mumkin. Oziq moddalar yetishmovchiligining boshqa shakllari, masalan, oqsillar yoki “yashirin ochlik” deb nomlangan baʼzi mikroelementlar uchun ham chegara belgilanishi mumkin. Bunday holatda ham tavsiya etilgan minimal darajadan kelib chiqib kambagʻallikning umumiy darajasini belgilash mumkin.
Xalqaro kambagʻallik chegarasi. Ushbu chegara Jahon banki tomonidan xalqaro taqqoslash uchun ishlatiladi. Oʻta qashshoqlik chegarasi sotib olish qobiliyati pariteti boʻyicha kuniga 1 dollar miqdorida belgilanadi, kambagʻallik chegarasi esa kuniga 2 dollar miqdorida belgilanadi. Soʻnggi paytlarda ushbu kambagʻallik chegaralari tegishli ravishda 1,25 va 2,5 dollarga koʻtarilgan. Hozirgi vaqtda dunyodagi eng kambagʻal 15 mamlakat ushbu kambagʻallik chizigʻilaridan foydalanadi. Biroq, hozirgi vaqtda, turli mamlakatlarning oʻziga xos xususiyatlari va rivojlanish bosqichlarini hisobga olgan holda, kambagʻallikning boshqa chegaralari ham qoʻllaniladi. Xususan, daromadi oʻrtacha koʻrsatkichdan past boʻlgan davlatlar uchun kam taʼminlanganlik darajasi kuniga 3,2 dollar, daromadi oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori boʻlgan davlatlar uchun esa kuniga 5,5 dollarni qoʻllash tavsiya etiladi.
Nisbiy kambagʻallik chegarasi. Qashshoqlik nafaqat mutlaq, balki nisbiy tushunchadir. Odamlar oʻz isteʼmol darajasini tegishli nazorat guruhidagi boshqa odamlar bilan taqqoslaganda oʻzlarining holatini subyektiv ravishda yomon baholashlari mumkin. Bu nisbiy mahrumlik tushunchasi tufayli odamlar oʻz mamlakatlari yoki jamoalaridagi oʻrtacha koʻrsatkichga nisbatan shaxsiy daromadlari yoki isteʼmollar darajalariga ahamiyat berishadi. Nisbatan kambagʻallik chegarasini oddiy ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatda munosib ishtirok etish uchun zarur boʻlgan ijtimoiy integratsiya xarajatlari sifatida ham izohlash mumkin. Nisbiy kambagʻallik chegarasini qoʻllash Yevropa mamlakatlarida keng tarqalgan. Bu holda kam taʼminlanganlar sifatida mamlakatda eng kam isteʼmol qiluvchi 25% odam tushuniladi.
Subyektiv kambagʻallik chegarasi. Aytishimiz mumkinki, kambagʻallik nafaqat mutlaq yoki nisbiy standart, balki idrok hamdir. Bunday holda, uy xoʻjaligiga: “Siz qanday xarajatlarning qanday darajasini mutlaq minimal deb hisoblaysiz?” deb soʻraladi va bu ularning haqiqiy xarajatlari darajasi bilan taqqoslanadi. Shunday qilib, amaldagi xarajatlari eʼlon qilingan subyektiv minimumdan past chiqqanlar ulushiga kambagʻallik darajasi deb qaraladi. Ammo, bu yerda kambagʻallik darajasi, koʻp hollarda, savolning qanday berilishiga bogʻliq.
Oʻzbekistondagi kambagʻallik haqida maʼlumot (ular kimlar, qayerda va qanday hayot kechiradilar?
Oʻzbekistonda kambagʻallikni oʻlchashda faqat dastlabki ikkita usul qoʻllaniladi. Oziqlanishga asoslangan usulning natijalari kambagʻallik darajasini 11,4% ekanligini koʻrsatadi. Ikkinchi yondashuv natijalariga asoslanib esa kuniga 5,5 dollar chegarani olganda kam taʼminlanganlik darajasi 36,6% va 3,6 dollar deb olganda - 9,6%ni tashkil etadi. Jahon bankining hisob-kitoblariga koʻra, kambagʻallikning yuqori darajasi Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Andijon viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida kuzatilmoqda.
Soʻnggi yillarda kambagʻallik darajasini oʻrganish uchun foydalanilishi mumkin boʻlgan omma uchun ochiq maʼlumotlar bazasini yaratishda sezilarli yutuqlarga erishildi. Ular bizga kambagʻallikni tavsiflash, uning omillari, shuningdek, aniq dasturlar va siyosiy islohotlarning kambagʻallikka taʼsiri toʻgʻrisidagi koʻplab farazlarni sinab koʻrish imkonini beradi. Masalan, kambagʻal boʻlgan va boʻlmagan odamlar yoki uy xoʻjaliklarining xususiyatlarini taqqoslab, kambagʻallikning sababini aniqlash va unga qarshi kurashning aniq parametrlarini belgilash mumkin. Bunda maʼlumot quyidagi yoʻnalishlarda tahlil qilinishi mumkin:
- Oila aʼzolarining xususiyatlari: yoshi, jinsi, millati, maʼlumoti va sogʻlik darajasi.
- Uy xoʻjaligining demografik xususiyatlari: oila boshligʻining jinsi, ishlash yoshidagi aʼzolarga toʻgʻri keladigan bolalar va qariyalar soni.
- Mulk: yer, chorva mollari, asboblar va ijtimoiy kapital.
- Faoliyat turlari: faoliyat sohasi, tomorqa faoliyati, bandlik turi.
- Joylashuv: qishloq / shahar, viloyat, tuman.
- Kommunal xizmatlardan foydalanish: elektr energiyasi, ichimlik suvi, tibbiyot muassasasi, maktab, ijtimoiy yordam dasturlari.
- Bozorga kirish va xususiy xizmatlar: bozorlargacha masofa, yoʻl infratuzilmasi, moliyaviy xizmatlardan foydalanish va b.
Masalan, Rossiya tajribasi shuni koʻrsatadiki, uy xoʻjaligining kambagʻal boʻlishiga 16 yoshgacha boʻlgan bolalarning mavjudligi, ishsiz oila aʼzolarining borligi, qishloq joylarda yashashi, barqaror daromad manbalarining yoʻqligi va ularning norasmiy sektorda bandligi va mintaqaning iqtisodiy rivojlanishi yomonligi kabi omillar taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Shunday qilib, Oʻzbekistondagi kambagʻallikning yana-da aniq tasvirini unga qarshi kurash boʻyicha asosiy chora-tadbirlar va tavsiyalarning mazmunini belgilaydi. Ushbu sohada olib borilgan tadqiqotlar natijalariga koʻra, kam taʼminlangan oila 7 kishidan iborat boʻlib, oila boshligʻining oʻrtacha yoshi 50 yoshdan yuqori va u oliy maʼlumotga ega emas. Jumladan, 11% kam taʼminlangan oilaning boshligʻi ishsiz, 93% holatlarda esa oliy maʼlumotga ega emas va faqat 24% oʻrta maxsus maʼlumotga ega. Kam taʼminlangan uy xoʻjaliklarining 43% doimiy ish joyiga ega emas. 93% markaziy isitish tizimiga, 96% markaziy kanalizatsiya tizimiga va 66% markaziy suv taʼminotiga ulanmagan.
Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi koʻmagida olib borgan shunga oʻxshash tadqiqotlar natijalariga koʻra esa respublikada kam taʼminlangan uy xoʻjaliklarining ahvolini quyidagicha tavsiflanishi mumkin: ular 3 bolali qishloq joylarda istiqomat qiluvchi, oila aʼzolarining maʼlumot darajasi yuqori boʻlmagan va chet elda mehnat qila oladigan mehnatga layoqatli aʼzosi boʻlmagan uy xoʻjaliklaridir. Shu bilan birga, kam taʼminlanganlik darajasi aniq mintaqaviy xususiyatga ega.
Ushbu natijalar Jahon bankining 2014-yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotini inklyuziv diagnostikasi boʻyicha xulosalari bilan mos keladi. Xususan, eng kam taʼminlangan uy xoʻjaliklari bolalari koʻpayishi sababli kattaroq ekanligi, shuningdek, ishlaydigan kattalar soni kamligi qayd etilgan. Erkaklar orasida farovonlik darajasi har xil boʻlgan guruhlar oʻrtasida mehnat holatida jiddiy tafovut yoʻq. Biroq kam taʼminlangan ayollarning ishchi kuchi tarkibidagi ishtiroki ancha past, har uchinchi kam taʼminlangan oilaning boshligʻi ayol kishi. Isteʼmol (daromadlar) oʻrtasidagi tafovutni belgilovchi uchta eng muhim omil bu oila boshliqlarining jinsi, maʼlumoti va bandlik holati.
Ushbu natijalar mamlakatning kambagʻallik muammosini hal qilishda aksariyat mintaqalarda taʼlim sifati, bandlik darajasi, uy-joy bilan taʼminlanganlik imkoniyatlari va yashash sharoitlari muhimligini tasdiqlaydi.
Kambagʻallikka qarshi choralar: makroiqtisodiy va mikro darajadagi siyosat
Kambagʻallikka qarshi kurash boʻyicha tavsiyalar kam taʼminlangan uy xoʻjaliklarining xususiyatlari, jamiyat hayotida ishtirok etishda iqtisodiy-ijtimoiy toʻsiqlar va rivojlanishning istiqbolli yoʻnalishlari, shuningdek, makroiqtisodiy va mikro darajada siyosatga asoslangan boʻlishi ularning muvaffaqiyatini belgilaydi.
Inklyuziv biznes modellarini ishlab chiqish. Bugungi kunda dunyoda aholisining kam taʼminlangan qatlamlari energiya, suv taʼminoti, kanalizatsiya, axborot texnologiyalari kabi koʻplab sohalarda sezilarli darajada qondirilmagan ehtiyojlarga ega. Shu bilan birga, rivojlangan davlatlar iqtisodiyotining turgʻunligi sharoitida kam taʼminlangan guruhlar ishtirokidagi bozor segmentlarining jozibadorligi oshib bormoqda. Kambagʻallar jamiyatning iqtisodiy faol qismi sifatida, agar ularning ishlab chiqarish faoliyatida ishtirok etish imkoniyatlari kengaytirilsa, ishchilar yoki tadbirkorlar sifatida iqtisodiy oʻsish jarayonlarida ham ishtirok etishlari mumkin. Shuning uchun zarur bilim va koʻnikmalarning yetishmasligi muammosini hal qilish va kambagʻallarning taʼlimiga investitsiya kiritish rivojlanishning asosiy omilidir.
Bundan tashqari, mazkur inklyuziv biznes modellari bozor sharoitlariga moslashtirilishi kerak, bu yerda institutlar, infratuzilma va taʼlim darajasi nisbatan past, taqdim etilayotgan mahsulotlar va xizmatlar doʻkonlarda arzon boʻlishi, maqbul va faol ravishda reklama qilinishi kerak boʻladi. Bunday mahsulotlar tan narxi va sotish bahosi oʻrtasidagi kichik farq bilan tavsiflanadi, ammo savdo hajmi katta boʻladi. Bu nafaqat arzon tovarlarni, balki kambagʻallarning qondirilmagan ehtiyojlarini qondiradigan qadriyatlarni yaratishni ham anglatadi.
Shu asosda:
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi inklyuziv biznes uchun toʻsiqlarni (masalan qonunlar va normalarning past samaradorligi yoki ularning mavjud emasligi, byurokratiya, qishloq infratuzilmasi va yoʻllarning umumiy rivojlanmaganligi, shuningdek, taʼlimning past darajasi) yengib oʻtishda davlat organlari va biznes vakillari oʻrtasida muloqotni tashkil etish zarur.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi vaqt-vaqti bilan inklyuziv biznesda investitsiya imkoniyatlarini ilgari surish, rivojlanmagan bozorlarni aniqlash va inklyuziv biznesning oʻziga xos xususiyatlarini oʻrganish boʻyicha treninglar oʻtkazib turishi tavsiya etiladi. Inklyuziv biznes bilan shugʻullanuvchi korxonalar uchun har yili oʻtkaziladigan mahsulotlar yarmarkalarini tashkil etish, ularda tadbirkorlar oʻzaro tajriba almashishlari, bir-biri bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari koʻrib chiqilishi mumkin. Har yili “eng yaxshi inklyuziv biznes modellari tanlovini” oʻtkazish va natijalarni va namunaviy loyihalarni keng omma eʼtiboriga havola etish, mavjud tanlovlar doirasida “Yilning eng yaxshi inklyuziv biznes loyihasi” nominatsiyasini taqdim etish samarali mexanizmlardan deb qaraladi.
Davlatning tarkibiy islohotlari. Odatda, yalpi ichki mahsulot oʻsishi yuqori boʻlgan davlatlar kambagʻallikni kamaytirishda ham katta yutuqlarga erishmoqda. Biroq, dunyo taraqqiyoti tarixida koʻplab teskari misollarni topish mumkin. Buning sabablari turli xil iqtisodchilar tomonidan turli yoʻllar bilan izohlanadi. Masalan, baʼzi mamlakatlarda (Kolumbiya va Marokash) ushbu vaziyatning sababi iqtisodiy oʻsishga parallel ravishda oʻsib borayotgan daromadlar tengsizligining taʼsiri boʻlishi mumkin (Kolumbiyada faol iqtisodiy oʻsish davrida Jini indeksi 51,3dan 58,3gacha koʻtarilgan). Boshqa davlatlar (Filippin) uchun davlat muassasalarining ish sifati pastligi va boshqa institutsional omillar koʻrsatilgan (masalan, Filippinda davlat muassasalarining sifati 1998-yildagi 3,3 dan 2006-yilda 2,5 gacha pasaygan). Binobarin, iqtisodchilar iqtisodiy oʻsishning samaralari avtomatik ravishda aholining barcha qatlamlariga taʼsir qilishi cheklanganligi tufayli davlatning qayta taqsimlash rolini hisobga olishga undaydilar. Shunday qilib, davlat aralashuvi ish bilan taʼminlash, soliqqa tortishning progressiv turi, ijtimoiy xarajatlar va eng kam ish haqi siyosatiga yoʻnaltirilgan tarkibiy islohotlarni ragʻbatlantirish kabilarni oʻz ichiga olishi lozim.
Shu asosda:
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ayollarni ish bilan taʼminlash dasturini mukammalroq koʻrinishini qabul qilishi, xususan, maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish va bolalarni erta rivojlanish markazlarida boʻlishlarini ragʻbatlantirish, rasmiy ish kunida bandlikni yoki ish vaqtining moslashuvchan davomiyligini va taqsimlanishini taʼminlaydigan yangi ish oʻrinlarini yaratish, ish va ayollarning shaxsiy hayotini muvofiqlashtirish kabi masalalarni inobatga olishi maqsadga muvofiq.
Sanoat siyosati. Rivojlanayotgan davlatlar sharoitida malakasiz ishchi kuchining haddan tashqari koʻpligi va moliyaviy va moddiy resurslarning yetishmasligi tendensiyasi ustunlik qiladi, bu asosan mehnat resurslarini talab qiladigan sohalarni rivojlantirish maqsadga muvofiqligini bildiradi. Bunga qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va yengil sanoat, shuningdek, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish turlari – montaj, yigʻish, kompyuter ishlab chiqarish, orgtexnika, sanoat elektr jihozlarining ayrim turlari va elektrotexnika kabi sohalarni kiritish mumkin.
Tegishli ravishda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan mehnat talab qiladigan tarmoqlarni rivojlantirish boʻyicha keng qamrovli dasturni qabul qilishi maqsadga muvofiq: masalan, toʻqimachilik sanoatini va qoʻshimcha qiymat ulushi yuqori boʻlgan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish va eksport qilish, milliy brendni yaratish, ipak buyumlari, gilam, milliy hunarmandchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishga yaqindan yordam berishi mumkin.
Xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish. Xizmat koʻrsatish sohasida, xususan aloqa va axborotlashtirish, maishiy xizmat, bank va biznes xizmatlarida (konsalting, audit, lizing, sugʻurta va boshqalar) kichik biznesni rivojlantirish; qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida tadbirkorlarga xizmat koʻrsatish, shu jumladan mahsulotlarni tayyorlash va saqlash, qishloq xoʻjaligi texnikalariga xizmat koʻrsatish, chorva uchun ozuqani sotish xizmatlari, oʻgʻitlar va oʻsimliklarni himoya qilish xizmatlari, veterinariya xizmatlariga alohida eʼtibor qaratish lozim.
Qishloq joylarda xizmatlarni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlardan biri bu xizmat koʻrsatuvchi provayderlarning statistik maʼlumotlar bazasini (reyestrlarini) takomillashtirish boʻlishi mumkin. Dunyoning ilgʻor tajribalariga asoslangan mahalliy kam taʼminlangan oilalarni jalb etgan holda ekoturizmni rivojlantirish dasturi qabul qilish imkoniyati ham mavjud.
Qishloq xoʻjaligiga oid siyosat. Qishloq xoʻjaligi ekinlarini chuqur qayta ishlash va rivojlangan mamlakatlarning bozorlariga eksport qilishning ulkan salohiyati saqlanib qolmoqda. Bu esa qishloq xoʻjaligidagi hosildorlikning oʻsishini, daromadlarining oʻsishini va qishloq aholisining turmush sharoitining yaxshilanishini taʼminlaydi.
Shu asosda:
Qishloq xoʻjaligi uchun zarur infratuzilmani yana-da rivojlantirish: ilgʻor mamlakatlar tajribasini oʻrganish, ularning samaradorligini isbotlagan innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va usullar bilan almashish tizimini yaratish. Masalan, Janubiy Koreyaning muvaffaqiyatli amalga oshirgan “Yangi qishloq uchun harakat” loyihasi allaqachon Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyoda amalga oshirilmoqda. Yetakchi korxonalar va hududlardan ichki texnologiyalarni jalb qilish, mintaqada maxsus iqtisodiy zonalarni yaratish mumkin.
Jahon tajribasini, xususan, Xitoy va Hindistonni tajribasini hisobga olgan holda, agrar islohotga eʼtiborni kichik fermer xoʻjaliklari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni qayta ishlash va sotishni yengillashtirishga yoʻnaltirish kerak. Birinchidan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha kooperativlar ishini rivojlantirish va buning uchun zarur texnologiyalarni jalb qilish jarayonini yengillashtirish kerak. Hukumat mintaqalarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xalqaro sertifikatlash markazlarini tashkil qilishi va ularning xizmatlaridan foydalanishini osonligini taʼminlashi kerak, bu esa ishlab chiqarilgan meva va sabzavotlarning bozorini kengaytiradi, qayta ishlashni tashkil qiladi va kam taʼminlangan qishloq aholisining daromadlarini oshiradi.
Iqtisodiyotni raqamlashtirish. Axborot texnologiyalarini keng joriy qilish: taʼlim va tibbiy xizmatlarni mobil telefonlar orqali taqdim etish tizimini yaratish, smartfonlar uchun oʻz-oʻzini rivojlantirish uchun barcha kerakli darsliklar yoki dasturlar jamlangan maʼlumotlar, intellektual oʻyinlar tizimini joriy etish.
Innovatsion potensialni rivojlantirish, ijodkorlikni ragʻbatlantirishda quyidagilarni inobatga olish:
- ilmiy-tadqiqot ishlariga sarflanadigan xarajatlarni koʻpaytirish;
- yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirishni ragʻbatlantirish;
- nashr etilgan ilmiy nashrlar qatorini kengaytirish;
- ekspert-maslahat tuzilmalarini rivojlantirish;
- Aholi tomonidan zarur buyumlar va xizmatlarni topishda sarf-xarajatlar va vaqt xarajatlarini kamaytirish;
- nisbatan qimmat uy-roʻzgʻor buyumlarini sotib olishga qodir boʻlmagan va vaqtincha foydalanilmayotgan mulk imkoniyatlarini oshirish maqsadida ijaraga berish xizmatlarini joriy etish;
- narsalarni almashish va xizmatlarni taklif qilish uchun maxsus Internet-saytlar sinfini joylashtirish boʻyicha milliy dasturni ishlab chiqish.
Investitsiya siyosati. Migrantlarga ularning jamgʻarmalarini samarali investitsiya qilishga yordam berish uchun alohida dasturlar ishlab chiqish.
Mintaqaviy siyosat. Har bir mintaqada oʻziga xos kambagʻallik profillari mavjud boʻlib, uni oʻrganish uchun aniq choralar ishlab chiqishni talab qiladi. Masalan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi (kam taʼminlanganlik darajasi yuqori boʻlgan mintaqa) uchun chora-tadbirlar dasturini aynan kam daromadli koʻrsatkichlarni hisobga olgan holda ishlab chiqish lozim. Bunda Qoraqalpogʻiston uchun xavf omillari hisoblangan mintaqaning past iqtisodiy rivojlanishi, 16 yoshgacha boʻlgan aholining ulushi kattaligi, ishsizlik darajasining nisbatan yuqoriligi, daromadlarning beqarorligi kabi muammolardan kelib chiqib ish tutish choralarning samaradorligini oshirishi mumkin.
Uy-joy qurilishi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi shaharlarda arzon uy-joy qurilishi boʻyicha respublika dasturini qabul qilish va ipoteka kreditlash tizimini rivojlantirish lozim, jumladan:
- rejalashtirish va ishlab chiqish jarayonida maʼmuriy xarajatlarni kamaytirish;
- uy-joy narxini pasaytirish;
- yer narxini pasaytirish;
- qurilish sanoatiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;
- ipoteka kreditlash va jamoaviy kassalar imkoniyatlarini oshirish;
- foiz stavkalari va sotib olingan uy-joy qiymatiga dastlabki badalning ulushini kamaytirish;
- fuqarolar tomonidan jamgʻarma badallari bosqichida shakllantirilgan uy-joy uchun mablagʻlarni maqsadli yigʻish mexanizmini yaratish.
Uy-joy kommunal xoʻjaligini modernizatsiya qilish dasturini qabul qilish:
- ushbu xizmatlarga narxlarning doimiy oshib ketishining oldini olish;
- qishloq aholisining toza ichimlik suvi bilan taʼminlash;
- elektr energiyasi va gazdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
- ularni qish mavsumida uzluksiz yetkazib berishni taʼminlash.
Axborot siyosati. Qishloq aholisining xabardorligini oshirish uchun yangi harakatni yaratish: gigiyena qoidalariga rioya qilish va antisanitar sharoitda oʻstirilgan mahsulotlardan foydalanmaslik va qayta ishlangan va mikrooziqaviy moddalarga boy oziq-ovqat mahsulotlarini (suv, bolalar uchun oziq-ovqat va boshqalar) sotib olish orqali davolanish uchun katta pulni tejash mumkinligini keng targʻib qilish. Masalan, Chilida sut kukuni mikroyelementlar, xususan, temir bilan boyitilgan, bu kamqonlikni tarqalishini uch yil ichida 80 foizga kamaytirgan. Ixtisoslashgan treninglar uyushtirish orqali odamning daromadini oshirish yoʻllarini oʻrgatish, shu bilan birga ovqatlanishni yaxshilashga (mikroyelementlar bilan mahsulotni boyitish) va biofortifikatsiya investitsiyalarni ragʻbatlantirishga daʼvat etish oʻz samarali natijasini berishi lozim.