O'zbekistonda o'rmonlarning raqamli inventarizatsiyasi joriy etilmoqda

    Loyiha FAO tomonidan amalga oshirilib, Global ekologik Jamg'arma (GEF) tomonidan moliyalashtirilyapti.

    O'rmon xo'jaligi faoliyatiga raqamli texnologiyalar va GIS vositalarini joriy etish Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO)ning “O'zbekiston tog' va vodiy o'rmonlarini barqaror boshqarish” loyihasining muhim vazifalaridan biridir. Loyiha Global ekologik Jamg'arma (GEF) tomonidan moliyalashtirilmoqda va O'zbekiston Respublikasi Tabiiy resurslar vazirligi huzuridagi O'rmon xo'jaligi agentligi bilan birgalikda amalga oshirilyapti.

    Shu munosabati bilan Toshkent viloyatida o'rmon hududlarini raqamli va geoaxborot (GIS) texnologilari yordamida o'rganish bo'yicha dala treningi tashkil etildi. Dala mashg'ulotlarida Kitob, Dehqonobod, Pop va Sirdaryo o'rmon xo'jaliklari mutaxassislari ishtirok etdilar. Mashg'ulotlarni FAOning xalqaro maslahatchisi, kanadalik GIS eksperti Nadiya Muratova olib bordi.

    “GIS” texnologiyalari o'rmon xo'jaligi faoliyatini boshqarish jarayonlarini osonlashtiradigan vositadir. Ular yordamida olingan ma'lumotlar o'rmonlarni elektron xaritalarda saqlash va doimiy yangilab borishni maqbullashtirishga imkon beradi. Zamonaviy dasturiy ta'minot o'rmon ekotizimlarini yaxshiroq tahlil qilish, o'rmon yerlarini inventarizatsiya qilish va monitoring ishlarini olib borish uchun ishlatiladi.

    Trening davomida ishtirokchilar o'rmon hududlari atrofidagi o'rmonlar va o'simliklar, yerdan foydalanish turlari, o'rmon resurslarining taksometrik xususiyatlari to'g'risida ma'lumot to'plashning zamonaviy usullarini o'rganishdi. Mutaxassislarga FAO tomonidan ishlab chiqilgan “Dala ishlari bo'yicha qo'llanma: sinov maydonlarida tekshirish va o'lchash usullari” taqdim etildi.

    Bundan tashqari, trening ishtirokchilari dala kompyuteri, shaxsiy navigatsiya moslamalari, lazer masofa o'lchagich va elektron “kaliper” kabi jihozlardan foydalanish bilan tanishdilar. O'rmonlarni tahlil qilish bo'yicha tavsiya etilgan zamonaviy usullar xalqaro hisobot standartlariga asoslanganligi va O'zbekiston Respublikasi o'rmonlarini Milliy inventarizatsiyasini o'tkazishda samarali vosita bo'lishi qayd etildi.