Oʻzbekistonda tibbiyot tarixi va rivoji

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 25-yanvar sonida Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor Jasur Rizayevning “Oʻzbekistonda tibbiyot tarixi va rivoji” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Mamlakatimiz hududida qadimda yashagan xalqlarning tibbiyoti haqidagi dastlabki yozma maʼlumotlarni zardushtiylar kitobi “Avesto”dan topamiz. Uning “Vendidat” bobida yozilishicha, birinchi boʻlib Trita ismli kishi tabiblik bilan shugʻullangan. Ayni paytda Trita “xaoma” deb ataluvchi mast qiluvchi va narkotik xususiyatga ega ichimlikni kashf etgan hamda uni hayot va salomatlik manbai deb atagan. “Avesto”da odam anatomiyasi va fiziologiyasi haqida ham baʼzi maʼlumotlar mavjud. Unda odam gavdasi suyak, muskul, yogʻ, miya, tomir, qon, jigar va jigar oʻti hamda ikki xil tomirdan iboratligi qayd etilgan.

    Birinchi Renessans poydevori

    Muqaddas islom dini mintaqamizga kelganidan soʻng boshlangan tarixiy davr Birinchi Renessansning haqiqiy poydevori boʻldi. Uning taʼsirida XI asrda faoliyat koʻrsatgan Xorazm Maʼmun akademiyasida zamonasining mashhur olimlari, jumladan, Abu Nasr Mansur ibn Ali ibn Iroq al-Jaʼdiy, Abulxayr ibn Hammor, Abu Sahl Iso ibn Yahyo al-Masihiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Ahmad ibn Miskavayh va boshqalar boʻlgan. Bu olimlar Yunoniston, Yaqin va Oʻrta Sharq, Hindistonning ilm-fandagi yutuqlarini ijodiy, tanqidiy oʻrganib, uni yanada yuksak bosqichga koʻtargan.

    Abu Sahl al-Masihiy buyuk tabib Abu Ali ibn Sinoning ustozi boʻlgan. Ustozidan oʻzgan shogird jahon fani tarixida qomusiy olim sifatida tan olingan. Chunki u oʻz davridagi fanlarning qariyb barchasi bilan shugʻullangan va ularga oid asarlar yozgan. Turli manbalarda uning 450 dan ortiq asar yozgani qayd etilgan, lekin bizgacha ulardan 242 tasi yetib kelgan. Bu asarlardan 80 tasi falsafaga, 43 tasi tabobatga oid boʻlib, qolgani mantiq, psixologiya, astronomiya, matematika, musiqa, kimyo, axloq, adabiyot va tilshunoslikka bagʻishlangan. Ayniqsa, uning tibbiyot va falsafaga oid kitoblari jahonning koʻpgina tillariga tarjima etilib, asrlar davomida qaytaqayta nashr qilib kelinmoqda. Sharq mamlakatlarida “Shayx ur-rais” (donishmandlar sardori) nomi bilan, Gʻarbda esa Avitsenna sifatida mashhur. Buyuk allomaning “Tib qonunlari” asari Yevropa universitetlarida bir necha asr mobaynida darslik sifatida qoʻllangan.

    Ikkinchi Renessans shuhrati

    Ikkinchi Renessans, yaʼni temuriylar davrida ham tibbiyot rivojiga katta ahamiyat berilgan. Masalan, Samarqandda “Dor ush-shifo” (Shifo maskani) nomli yirik shifoxona boʻlib, unga oʻz zamonasining taniqli tabibi — Mir Sayid Sharif Sheroziy rahbarlik qilgan. Shu davrda Samarqandda boshqa mashhur tabiblar, jumladan, Mansur ibn Muhammad, Mavlono Fayzulloh Tabriziy va Hisobiddin Ibrohim Kirmoniy faoliyat olib borgan. Shifoxonalarda ishlovchi tabiblarga yuqori maosh toʻlangan, hukmdorlarning maxsus farmoni bilan ularning maoshi olimlar, munajjimlar, tarixnavis va muhandislarning maoshiga tenglashtirilgan.

    Uchinchi Renessans boʻsagʻasida

    Mustaqillik yillari, xususan, oxirgi besh yilda sogʻliqni saqlash sohasida mamlakatimiz erishgan yutuqlarga xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baho berildi. Masalan, aholining umr koʻrishi 1995-yildagi 69,1 yoshdan 2020-yilda 73,7 yoshga oshdi. Onalar oʻlimi koʻrsatkichi 3,1 barobar kamayib, 100 ming nafar tirik tugʻilgan chaqaloqqa nisbatan 21 ta holatni tashkil etdi. Chaqaloqlar oʻlimi ham 3,1 barobar kamayib, 1000 nafar tirik tugʻilgan chaqaloqqa nisbatan 11,5 ta holatni tashkil etdi. Bolalarda eng koʻp uchraydigan kasalliklarga qarshi emlash va profilaktika tadbirlari bilan qamrab olish darajasi 96-98 foizlik koʻrsatkichda qatʼiy saqlanib turibdi. Yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish boʻyicha kompleks profilaktika, epidemiyaga qarshi va sanitariya-gigiyena tadbirlari oʻta xavfli yuqumli kasalliklar (oʻlat, vabo), shuningdek, poliomiyelit, difteriya, chaqaloqlar qoqsholi, mahalliy bezgak, qizamiq va qizilcha yuzaga kelishidan aholini toʻliq himoya qilish imkonini berdi.

    Saʼy-harakatlar samarasi tufayli mamlakatimizda poliomiyelitning yovvoyi shtammi (2002-yil), qizamiq va qizilcha (2017-yil), bezgak (2018-yil) yoʻq qilingani toʻgʻrisida Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining sertifikatlari olindi. Tibbiyot tizimiga malakali kadrlarni tayyorlash uchun yurtimizda bir necha oliy oʻquv yurti faoliyat koʻrsatmoqda. Jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Samarqand davlat tibbiyot instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch, Termiz, Fargʻona filiallari, Toshkent tibbiyot pediatriya instituti, Toshkent davlat stomatologiya instituti, Toshkent farmatsevtika instituti, Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti, Buxoro davlat tibbiyot instituti malakali kadrlarni tayyorlab bermoqda.

    Mamlakatimizda onalik va bolalik muhofazasiga ham katta eʼtibor berilmoqda. Masalan, oʻtgan yildan boshlab 15 yoshgacha boʻlgan bolalar va homilador ayollarga yetti turdagi vitamin, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatilyapti. Bu jarayonga 2021-yilda 11 million nafar aholi qamrab olingan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 17 million nafarga yetadi. Bu ishlarga 100 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi belgilangan. Ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar, shuningdek, parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul taʼminlash orqali aholi oʻrtasida kamqonlik 25 foiz kamayadi.

    Davlatimiz sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlarni oʻz vaqtida boshlab, toʻgʻri yoʻl tanlagani uchun kutilmagan pandemiya qarshisida sarosimaga tushib qolmadik. Xalqimizning sogʻligʻi va hayotini asrash maqsadida zudlik bilan barcha tadbirlar ishlab chiqildi. Jumladan, koronavirusga qarshi kurashish uchun maxsus tibbiy markazlar tashkil etildi. Dori-darmon va himoya vositalarining zaxirasi shakllantirildi. Hududlarda ishga tushirilgan 60 ta kislorod stansiyasi tegishli shifoxonalarni kislorod bilan uzluksiz taʼminlashga xizmat qilmoqda. Mamlakatimizda vaksina ishlab chiqarish boʻyicha amaliy ishlar boshlandi. Oʻz paytida koʻrilgan tezkor va tizimli choralar natijasida ushbu xatarli kasallikning keng tarqalishiga yoʻl qoʻyilmadi va natijada yurtimizda osoyishta hayot, barqaror iqtisodiy rivojlanish davom etmoqda.