Zaxiralar oʻtgan oyga nisbatan 2,3 mlrd dollarga koʻpaydi. Ular asosan oltin va xorijiy valyutadan iborat.
Dekabr oyida ikkalasi ham koʻpaygan:
valyuta — 1,7 mlrd dollarga koʻpaydi (umumiy 11,6 mlrd dollar);
oltin — 600 mln dollarga koʻpaydi (umumiy 22,46 mlrd dollar).
Dekabrda Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket ikkinchi oy koʻpaydi.
Mamlakat zaxiralarida taxminan 395 tonna oltin bor va noyabrga nisbatan 3 tonnaga kamaygan. Oʻzbekiston 2022-yilning noyabr oyida yetti oydan soʻng ilk marta oltin sotdi. Mamlakatning oltin zaxiralari kamayishiga bu holat ham oʻz taʼsirni oʻtkazgan. Yil boshidan beri Oʻzbekistonning qimmatbaho metall zaxiralari 35 tonnaga koʻpaygan.
Oʻzbekiston nega oltin sotdi?
Global oltin narxlari mart oyida 2 050 dollar atrofida shakllangan edi. Biroq geosiyosiy vaziyat oqibatida narxlar yil davomida 1 650 dollardan ham tushib ketdi.
Bu holatda Oʻzbekiston koʻproq oltin sotib ola boshladi va qimmatbaho metallni xarid qilish boʻyicha jahonda yetakchilardan biriga aylandi.
“Biz uchun ikkita omil bor: joriy narx va kelajakdagi narx. Narx koʻtarilmoqdami yoki u oʻzining eng yuqori choʻqqisiga yetib, pasayyaptimi? Bu biz izlayotgan daqiqa. Agar narx koʻtarilayotgan boʻlsa, kutganimiz maʼqul”, — degan edi Oʻzbekiston Markaziy banki raisi oʻrinbosari Behzod Hamroyev.
Noyabr oyiga kelib vaziyat birmuncha yaxshilandi va jahonda oltin narxlari 1 800 dollargacha koʻtarildi. Ayni shu davrdan boshlab Oʻzbekiston yana oltin sotishni boshlagan.