Raqobatbardoshlik – bu tovarlarning tashqi savdo sheriklari tovarlari bilan taqqoslangandagi jozibadorlik darajasi. Tovarning raqobatbardoshlik darajasiga mamlakatdagi va hamkor davlatlardagi narx, shuningdek, valyutalarning nominal kursi taʼsir qiladi.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari ayni yoʻnalishda Oʻzbekistonning asosiy savdo sheriklari boʻlgan 15 ta mamlakat – Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston, Turkiya, Koreya Respublikasi, Germaniya, Afgʻoniston, Braziliya, Eron, Hindiston, Ukraina, Latviya, Litva, Qirgʻiziston va Fransiya boʻyicha tahlil oʻtkazdi.
Birinchi bosqichda sherik mamlakatlarning Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasidagi umumiy ulushi hisoblab chiqildi. U 65,5 foizni tashkil etadi.
Ikkinchi bosqichda koʻrib chiqilayotgan davrda ushbu mamlakatlardagi isteʼmol narxlari indeksining oʻsish surʼati tahlil qilindi. Uchinchi bosqichda esa valyuta kurslari dinamikasi hisoblandi.
Maʼlumot uchun: Rossiya rubli 2023-yilning mart oyida yil boshidagiga nisbatan 0,2 foiz qadrsizlandi (45,64 dan 45,75 ga). Bu xorijiy mamlakatlar tomonidan Rossiyaga nisbatan qoʻllanilayotgan sanksiyalar bilan bogʻliq. Qozogʻiston tengesi 0,9 foizga mustahkamlandi (416,92 dan 412,81 ga), Turkiya lirasi esa 2,1 foizga qadrsizlandi (14,1 dan 14,4 ga).
Toʻrtinchi bosqichda esa har bir mamlakat uchun nominal samarali valyuta kursi hisoblandi, shuningdek, inflyatsiya darajasi inobatga olingan holda real samarali valyuta kursi aniqlandi. Real samarali valyuta kursining oʻsishi, mamlakat eksportining qimmatlashayotgani, importining esa arzonlashayotganidan dalolat. Real samarali valyuta kursining pasayishi esa aksincha.
Nominal samarali valyuta kursi tahlili natijalari Oʻzbekistonning tashqi raqobatbardoshligi faqat Turkiyaga nisbatan oshganligi (NEER=2,03), qolgan mamlakatlarga nisbatan esa pasayganligini koʻrsatmoqda. Shu bilan birga, real samarali valyuta kursi Turkiya, Koreya Respublikasi, Germaniya, Afgʻoniston, Braziliya, Qirgʻiziston, Fransiya, Italiya va Yaponiyaga nisbatan mustahkamlangan, yaʼni ushbu hamkor mamlakatlarga eskportimiz qimmatlashib, importimiz arzonlashgan. Boshqa asosiy hamkor mamlakatlar – Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston, Eron, Hindiston, Ukraina, Latviya, Litva, Belarus va Turkmanistonga nisbatan eksport qiymati pasaygan, import qiymati esa oshgan.