O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasida Qoraqalpog‘istondan vakil faoliyat yuritadi

    Investitsiyalar 15 Fevral 2024 512

    2024-yil 9-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-66-sonli qaror imzolandi.

    Mazkur hujjatga muvofiq 2024-yilda hududda jami 6,5 trillion so‘mlik 421 ta investloyiha amalga oshiriladi.

    Banklar yordamida 86,6 nafar sub'ektni biznesga jalb qilish rejalashtirilyapti, shundan:

    - o‘zini o‘zi band qilish hisobidan – 64 ming nafar;

    - YaTTlarni ro‘yxatdan o‘tkazish hisobidan – 5,8 ming nafar;

    - tadbirkorlik sub'ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish hisobidan – 6,5 ming nafar;

    - dehqon xo‘jaliklarini hisobga olish yo‘li bilan – 10,3 ming nafar.

    Shuningdek 1,6 mingta xizmat ko‘rsatish ob'ektlarini yaratish orqali 2,9 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilyapti.

    Yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish uchun auksion savdolarga 19,5 ga yer maydonlari chiqariladi.

    Bundan tashqari:

    - Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturini amalga oshirish uchun Biznesni rivojlantirish bankining kredit resurslaridan 320 milliard so‘m ajratiladi;

    - «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 50 milliard so‘m ajratadi;

    - Banklar tomonidan 60 milliard so‘m ajratilib, ijtimoiy soliqni to‘lovchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga bir yilgacha «Biznesga birinchi qadam» bank plastik kartalari orqali, 5 million so‘mdan miqroqarzlar beriladi, xususan:

    - Milliy Bank -15 milliard so‘m;

    - O‘zsanoatqurilishbank va Mikrokreditbank - har biri 9 milliard so‘mdan;

    - Asakabank - 8 milliard so‘m;

    - «Biznesni rivojlantirish banki», «Agrobank», «Xalq banki», «Turonbank» va «Aloqabank» – har biri 4 milliard so‘mdan.

    Qoraqalpog‘istonda innovatsion texnologiyalarga asoslangan eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosuvchi tarmoqlar bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan korxonalarga «Nukus» erkin iqtisodiy zonasi ishtirokchisi maqomi beriladi.

    «Nukus» EIZ ishtirokchilari bilan investitsiya majburiyatlarini bajarmagan investitsiya shartnomalari bekor qilinmaydi. Zona ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish faqat sud tomonidan amalga oshiriladi.

    Quvvati 200 ot kuchidan ortiq bo‘lgan, ishlab chiqarish muddati 5 yildan oshmagan, qishloq xo‘jaligi korxonalari va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun xorijdan olib kelingan traktorlar va paxta yig‘im-terimi kombaynlari (TIF TN kodlari 8432-8437, 8701), 2026-yil 1-yanvar kuniga qadar bojxona boji va utilizatsiya yig‘imini to‘lashdan ozod etiladi. Tadbirkorlik sub’ektlariga QQSni «import» bojxona rejimiga joylashtirilgan kundan boshlab 270 kungacha to‘lashga ruxsat beriladi;

    O‘zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasining shtat tuzilmasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasining alohida vakili shtat birligi kiritiladi.

    1-apreldan Istanbul – Nukus – Toshkent, Samarqand – Nukus – Istanbul yo‘nalishlari bo‘yicha reyslar yo‘lga qo‘yiladi.

    Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 2024-yil 13-fevraldan kuchga kirdi, deb xabar beradi «Norma».