Oziq-ovqat yetishtirishning 95 foiz manbai

    Ekologik oqibatlar tuproq unumdorligiga jiddiy xavf solmoqda

    Cayyoramizda antropogen omillar taʼsirida yuzaga kelayotgan ekologik buzilishlar, iqlim oʻzgarishlari, qurgʻoqchilik va sahrolanish jarayonlari kuchayib borayotgani dolzarb muammolardan biri. Ayniqsa, qishloq xoʻjaligi sohasi bundan jiddiy zarar koʻrib, tuproq unumdorligi pasayishiga olib kelayotgani insoniyat oldiga muhim vazifalar qoʻymoqda.

    Tuproqning nuragan togʻ jinslaridan farqi uning unumdorligidadir. Ana shu unumdor yuzada inson uchun zarur oziq-ovqat mahsulotining 95 foizga yaqini yetishtiriladi.

    Soʻnggi yillarda tabiiy hodisalar oqibatida tuproq eroziyasi, sifati va unumdorligi yoʻqotilishi kuchayib bormoqda. BMT tahlillariga koʻra, bugungi kunda sayyoramizdagi yer resurslarining 40 foizga yaqini tanazzulga uchragan. Jahonda oziq-ovqat xavfsizligi kun tartibidan tushmay qolgan hozirgi davrda bu jiddiy muammodir. Birgina choʻllanish, yer degradatsiyasi va qurgʻoqchilik kabi oqibatlar 100 dan ortiq mamlakatda istiqomat qilayotgan 1 milliarddan ziyod aholi salomatligi va farovonligiga xavf solyapti.

    Qishloq xoʻjaligi yerlari holatini yaxshilash, tuproqning xossa va xususiyatlarini maqbullashtirish, unumdorligini chegaralovchi omillarni aniqlash, xususan, tuproq resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, sohani raqamlashtirishga yurtimizda davlat siyosati darajasida eʼtibor qaralayotgani boisi shunda. Oxirgi yillarda bu borada huquqiy asoslar ham yaratilib, koʻplab farmon va qarorlar qabul qilindi.

    Chunki, qishloq xoʻjaligi sohasidagi natijadorlikning katta qismi tuproq sifatiga bogʻliq. Koʻp va tabiiy toza mahsulot yetishtirish uchun, albatta, tuproq sogʻlom, unumdor boʻlishi lozimligi oddiy insonlarga ham tushunarli. Taraqqiyot strategiyasida qishloq xoʻjaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 barobar oshirish, qishloq xoʻjaligining yillik oʻsishini kamida 5 foizga yetkazish maqsad qilib olingan. Bu maqsadga erishish uchun tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish asosiy ustuvor yoʻnalishlar qatoriga kiritilgan.

    Davlat dasturida esa “Tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilangan edi. Kechiktirib boʻlmaydigan bu qonun loyihasini Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti olimlari Qishloq xoʻjaligi vazirligi mutaxassislari bilan birgalikda ishlab chiqdi hamda u Oliy Majlis Qonunchilik palatasida maʼqullandi. Hozir qonun loyihasi Senatda koʻrib chiqilmoqda.

    Tadqiqotlar natija beryaptimi?

    Bir hovuch tuproqda yetishtirilgan totli neʼmatlarni isteʼmol qilish oson, albatta. Ammo ular pishib yetulguniga qadar boʻlgan qiyinchiligu mashaqqatni yer bilan tillashgan dehqondan soʻrash kerak. Chunki, tuproq tabiatan “injiqroq” boʻladi. Uning unumdorligini oshirish, qaqshab yotgan yerda ekin undirish oson emas. Ayniqsa, yildan yilga tuproq sifati oʻzgarib, aksariyat joylarda qurgʻoqchilik kuchayib borayotgan hozirgi vaqtda buning qiyinchiligi yanada ortmoqda.

    Bunday sharoitda sohaga ilm-fan va zamonaviy innovatsiyalarni olib kirish eng toʻgʻri yechimdir. Buni yurtimiz qishloq xoʻjaligi sohasidagi soʻnggi yillarda erishilayotgan yutuqlar misolida ham koʻrish mumkin. Yaʼni olimlarimiz endi kichik tadqiqotlardan tortib, katta loyihalargacha – barini zamonaviy qurilmalar, raqamli texnologiyalar asosida amalga oshirayotgani oʻz natijasini beryapti. Tuproqshunoslik sohasi ham bundan mustasno emas.

    Oxirgi yillardagi shunday tadqiqotlarda tuproq sifatini baholash ishlariga yangicha yondashilayotgani koʻrinadi. Natijada tadqiqot va tahlillar aniqligi oshib boryapti. Bu muammoni toʻgʻri tahlil qilish, samarali yechimlar qoʻllashga yoʻl ochadi. Oʻrganishlar davomida tuproq degradatsiyasi bilan bogʻliq qator yangi holatlar ham aniqlanmoqda.

    Yurtimizda turli darajada suv va irrigatsiya eroziyasiga chalingan sugʻoriladigan maydonlar 630,3 ming gektar boʻlib, shundan 343,8 ming gektari kuchsiz, 208,6 ming gektari oʻrtacha va 78,1 ming gektari kuchli yuvilgan tuproqdan iborat. Sugʻoriladigan yerning qariyb 53,2 foizi turli darajada shoʻrlangan va shundan 0,9 foizi juda kuchli shoʻrlanganlar toifasiga kiradi. Shuningdek, sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yerlarining 7,6 foizi turli darajada toshloqli, 68,6 foizida tuproq profilining ustki haydalma qatlamida 0,5-1 foiz atrofida gumus mavjud ekani aniqlangan.

    Ammo muammoni aniqlashning oʻzi kamlik qiladi, unga qarshi oʻz vaqtida zarur choralarni qoʻllash ham lozim. Shu bois, tuproq degradatsiyasi bilan bogʻliq ushbu holatlarni bartaraf etish hamda tuproqni muhofaza qilish va degradatsiyasining oldini olish tadbirlarini tizimli amalga oshirish maqsadida Prezidentimizning 2022-yil 10-iyundagi “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror asosida yer degradatsiyasi, xususan, tuproqning tanazzulga uchrashi, sifati va unumdorligini yoʻqotishiga qarshi kurashish boʻyicha ishlar yanada faollashdi.

    Andijon, Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutining mintaqaviy boʻlinmalari tashkil etildi. Hozir mazkur boʻlinmalar tomonidan turli hududlardagi fermer xoʻjaliklari va yerdan foydalanuvchilarning sugʻoriladigan yerlarida tuproq tadqiqotlari olib borilmoqda.

    Ana shunday tadqiqotlarning biri natijasida mahalliy resurslar asosida organomineral oʻgʻit olish texnologiyasi ishlab chiqildi. Bu agrotexnologiyani qoʻllash boʻyicha dala tajribalari esa Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hamda Qoraqalpogʻistonning Xoʻjayli tumani fermer xoʻjaliklari dalalarida amalga oshirildi. Tadqiqot davomida ekin turlarining organik oʻgʻitga talabini qondirish hisobiga gʻoʻza hosildorligi 5—8 sentner, kuzgi bugʻdoy hosildorligi esa 12—15 sentner oshishiga erishildi.

    Yana bir texnologiya tuproq unumdorligini oshirishda maʼdan xomashyolaridan foydalanish bilan bogʻliq. Bunda yurtimizdagi past navli fosforit, bentonit va glaukonitlardan foydalanilgan. Bir qancha hududlarda oʻtkazilgan sinov-tajribalar natijasi maʼdanlarning tuproq xossa-xususiyatlariga ijobiy taʼsir etib, tuproqning hajm massasini kamaytirib, gʻovakligi, gumus, umumiy azot, fosfor, kaliy miqdorini esa oshirganini koʻrsatdi.

    Paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni yanada oshirish, sugʻorishning yangi texnologiyalariga oʻtish, zamonaviy laboratoriyalar barpo etish, fermerlarni oʻqitish borasida ham ishlar koʻlami keng. Xususan, 13 ta tuman paxta maydonlaridagi tuproq holati joyiga chiqqan holda oʻrganildi. Har bir tuman, massiv va fermer xoʻjaliklaridagi 127 ming 268 gektar paxta maydoni konturbay kesimda monitoring qilindi. Shu asosda tuproq holati, ball boniteti, shoʻrlanishi, mexanik tarkibi, zichlashgani, sugʻorish meʼyorlari, toshloqligi, gipslashgani va boshqa 15 dan ortiq xossa-xususiyati toʻgʻrisida maʼlumotlar jamlandi. Tajriba tariqasida tanlab olingan mazkur tumanlar paxta maydonlari tuprogʻining agrokimyoviy xossalari asosida oʻgʻit qoʻllash boʻyicha tavsiyanomalar ham tayyorlandi.

    Bugunga qadar olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlarining aksariyati amaliy natijalarga asoslangani bilan ahamiyatlidir. Xususan, oʻtgan yilning oʻzida institut tomonidan Sirdaryo viloyatida 263 ming 740 gektar sugʻoriladigan yer maydonida tuproq kartalarini tuzish va tuproq sifatini baholash ishlari, 196 ming 886 gektarda agrokimyoviy xaritogrammalar tuzish va oʻgʻitlar qoʻllashning maqbul muddatlari hamda meʼyorlarini ishlab chiqish boʻyicha tadqiqotlar yakunlandi. Yurtimiz hududlaridagi sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yer maydonlarida shoʻrlangan tuproqlarni xaritaga tushirish va tuproq shoʻrlanganlik kartogrammalarini tuzish ishlari esa davom etmoqda.

    Fermer xoʻjaliklari, agroklasterlar va tomorqa yer egalariga tezkor tuproq xizmatlari koʻrsatish maqsadida hududlarda “Tuproq klinikasi” mobil laboratoriyalari tashkil etilgani ham muhim yutuqlarimizdan biri. Bu laboratoriyalar yer maydonlarining oʻzida tuproq agrokimyoviy tadqiqot ishlarini bajarish imkonini bermoqda. Zamonaviy jihozlangan laboratoriya dehqon va fermerlarga qulaylik yaratibgina qolmay, u orqali olingan maʼlumotlar yerdan samaralari foydalanishni taʼminlash, tuproq holatini tahlil qilish, agrokimyoviy kartogrammalar tuzishda ham qoʻl kelyapti.

    Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani tuprogʻida agrokimyoviy xaritalar asosida tuproq resurslarini kompleks monitoring qilish va boshqarish tizimining axborot taʼminoti, tuproq degradatsiyasini baholash uchun zarur indikatorlar tizimi ishlab chiqildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Namangan, Fargʻona, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida tanlab olingan yer maydonlarida esa tuproqning sogʻlomlik darajasini baholovchi tuproq ekologik xaritalari tuzildi. Bu kabi loyihalar yurtimiz qishloq xoʻjaligi yerlari holatini tahlil qilib borish hamda oʻrganish imkonini oshirmoqda.

    Tuproqning oʻz “xaritasi” bor

    Albatta, bu loyihalar katta mablagʻ talab etadi. Yillar davomida yurtimizda ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratilmagani, yerdan ilmiy asoslarsiz, oʻzboshimchalik bilan foydalanilgani ham loyihalar uchun mablagʻ ajratilmaganiga borib taqaladi. Bu esa, mamlakatimizning katta qismidagi yer maydonlari, tuproqning sifati buzilishi, unumdorligi yoʻqolishiga olib keldi. Endi ularni tiklash, borini asrab qolgan holda unumdorligini oshirish uchun katta mehnat, ilm va raqamli texnologiyalardan keng foydalanish talab etiladi.

    Bugungi kunda Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutida umumiy qiymati 7,4 milliard soʻmlik 13 ta amaliy va innovatsion loyiha boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borilyapti. Mazkur amaliy va innovatsion loyihalar yurtimizdagi sugʻoriladigan, lalmi tuproqlar va yaylov yerlarni muhofaza qilish, tuproq unumdorligini saqlash, qayta tiklash, qiyin melioratsiyalanadigan tuproqning xossa-xususiyatlarini yaxshilash, global iqlim oʻzgarishi sharoitida tuproqda kechayotgan degradatsiya jarayonlarining oldini olish va oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan. Bu borada yangi texnologiyalar ishlab chiqish, tuproqshunoslik sohasini raqamlashtirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, tuproqning ekologik holatini yaxshilashga yoʻnaltirilgan tadqiqotlar bajarilyapti.

    Bir nechta yoʻnalishni qamrab oluvchi tadqiqotlar jahon tajribasi bilan hamohang, yangi texnologiyalarga asoslanib olib borilayotgani bejiz emas. Boisi, ilgʻor texnologiyalar ish sifati va natijadorlikni oshirishga xizmat qiladi. Ekin dalalarining oʻzida organik, makro va mikroelementlarni koʻpaytirish, gʻoʻzani oʻgʻitlashning global iqlim oʻzgarishlariga mos nisbatlarini ishlab chiqish, organik dehqonchilikda ekologik sof tuproq sharoiti hosil qilish, lalmikor maydonlarda ekinni almashlab ekish tizimida tuproqqa ishlov bermasdan ekish texnologiyasini ishlab chiqish kabilar shular jumlasidan.

    Eskicha qurilma va texnologiyalar bu loyihalarni amalga oshirishga imkon bermaydi. Sohani raqamlashtirish esa jarayonni tezlashtiradi. Shu bois, hozir shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi yerlari meliorativ holati maʼlumotlarini qayta ishlashga moʻljallangan mobil ilova, yurtimizdagi gipslashgan sugʻoriladigan tuproqning 3D kartalarini, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda tuproq resurslarini baholash va monitoring qilish boʻyicha dasturiy mahsulot yaratish ustida izlanishlar olib borilmoqda.

    Xususan, tuproq holati, unumdorlik koʻrsatkichlari hamda mazkur koʻrsatkichlarning oʻzaro funksional bogʻlanishi asosida intellektual modellar ishlab chiqildi. Bunda sunʼiy intellekt texnologiyalarida katta hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilish uslubidan foydalanilgan.

    Buxoro viloyati Buxoro tumanida geoaxborot tizimi texnologiyalari yordamida tuproq degradatsiyasini baholash va xaritalash ishlari ham amalga oshirilgan. Loyiha yurtimizning barcha hududlarida davom ettirilib, kelgusida umumiy va yagona xarita yaratish rejalashtirilgan.

    Ayni vaqtda qishloq xoʻjaligi yerlarining tezkor maʼlumotlari va ularni qayta ishlashga yoʻnaltirilgan “Shoʻrlangan tuproq” mobil ilovasini yaratish boʻyicha ham tadqiqotlar yakunlanmoqda. Shuningdek, institut olimlari mamlakatimizda ilk bor tuproqni xalqaro tuproq kimyoviy tahlillari standarti asosida tahlil qilish texnologiyasini yaratish boʻyicha ish olib boryapti. Tuproq ekologik xaritalarini ishlab chiqish borasidagi tadqiqotlar ham jahon tajribasiga asoslangan boʻlib, sohada yangilik boʻlishi kutilyapti.

    Qishloq xoʻjaligida zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ana shunday ilmiy tadqiqotlarga talab kun sayin ortib bormoqda. Bu barcha sohalardagi rivojlanish tendensiyalari bilan ham bogʻliq. Asosiysi, har bir tadqiqot muayyan muammo yechimiga xizmat qilib, yangi loyihalarga yoʻl ochib boraveradi. Tuproq unumdorligini saqlash, qayta tiklash va oshirish esa nafaqat bugun, balki kelajak avlod farovonligini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

    Shuhrat BOBOMURODOV,

    Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti direktori,

    Nodirjon ABDURAHMONOV,

    institut direktori oʻrinbosari