Shakarning qimmatlashuviga olib kelishi boʻyicha tarqatilayotgan xabarlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi.
Rossiya Federatsiyasi tomonidan shakar eksportini cheklash Oʻzbekistonning ichki bozorida tanqislikni keltirib chiqarmaydi, chunki respublikamizdagi yirik shakar ishlab chiqaruvchi zavodlarning faoliyati Rossiya bilan bogʻliq emas.
Oʻzbekistonda shakar mahsulotiga boʻlgan yillik talab oʻrtacha 650-700 ming tonnani, shundan aholi isteʼmoli uchun (aholi soni 36,8 million kishi, tibbiy meʼyor boʻyicha 1 kishiga 9,1 kg/yil) 335 ming tonnani va oziq-ovqat sanoati korxonalari talabi uchun 300-350 ming tonnani tashkil etadi.
Respublikada faoliyat yuritayotgan 2 ta: “Angren Shakar” va “Xorazm Shakar” MCHJ shakar ishlab chiqarish korxonalarining yillik ishlab chiqarish quvvati 900 ming tonnadan koʻp boʻlib, bu ichki bozorni talabidan ortigʻi bilan taʼminlashga yetarlidir. Ushbu korxonalar tomonidan 2023-yilda 600 ming tonnadan ziyod shakar ishlab chiqarildi.
Shuningdek, 2023-yilda shakar importi 150 ming tonnani tashkil etib, nafaqat Rossiyadan, balki Pokiston, Qozogʻiston, Tayland, Hindiston va boshqa mamlakatlardan ham shakar import qilinyapti.
Bunda asosan yirik sanoat korxonalari tomonidan (misol uchun “ Coca-cola ichimligi Oʻzbekiston LTD” XK MCHJ) oʻz ehtiyoji uchun tayyor mahsulot ishlab chiqarishda xom-ashyo sifatida foydalanish maqsadida shakar import qilingan.
2023-yilda xom-ashyo, asosan, 762 ming tonna miqdorida (shakar chiqishi 98 foiz) Braziliya va Hindistondan import qilingan.
Bugungi kunda ikkita shakar ishlab chiqarish zavodlari tomonidan birjaga ichki bozor uchun har kuni 2 100 tonna mahsulot chiqarilayotgan boʻlib, shakar koʻpligidan uning atigi oʻrtacha 300 tonnasi sotilyapti, xolos. Shakar sotilmayotganligi natijasida korxonalar bozor bahosidan ham past narxga taklif qilyapti.
Bugungi kunda (5-aprel holatiga) ichki bozorda shakarning chakana narxi oʻrtacha 13,8 ming soʻmni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 2,8 foizga oshgan.
Shakar ishlab chiqaruvchi korxonalar maʼlumotiga koʻra, bugungi kunda yetarli (4 oylik savdo uchun) shakar va shakar xom-ashyosi zaxirasi mavjud. Shuningdek, shakar ishlab chiqarish uchun Braziliya mamlakatidan xom-ashyo kirib kelishi davom etyapti.
Shunday ekan nafaqat Rossiyadan, balki boshqa mamlakatlardan ham tayyor shakar mahsuloti importi cheklansada, mahalliy korxonalar tomonidan ichki talabni toʻla qondirish imkoniyati mavjud.
Eslatib oʻtish joizki, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash hamda bozorda narxlar barqarorligini saqlash boʻyicha zaruriy choralar koʻrib borilyapti, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.