Parlament soʻrovi natijalari muhokama etildi

    Mamlakatimizda 26 May 2022 1889

    Joriy yil 25-mayda Oliy Majlis Senati Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Qoʻmita majlisida senatorlar, hukumat vakillari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Majlis kun tartibiga koʻra bir nechta masalalar muhokama etildi.

    Xususan, Internet jahon axborot tarmogʻida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va zararli axborotdan himoya qilish masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

    Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda Internet jahon axborot tarmogʻi orqali yoshlarning hayotiga xavf solayotgan, maʼnaviy ongiga salbiy taʼsir qiluvchi axborot xurujlarining oldini olishga qaratilgan ijobiy ishlar olib borilmoqda.

    Jumladan, yoshlarni, ayniqsa, bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish, shu sohadagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan.

    Internet jahon axborot tarmogʻining “UZ” domenida foydali maʼrifiy va mavzusi veb-resurslarni yaratish maqsadida jami 572 ta startap-loyiha eʼlon qilingan.

    Shuningdek, foydali veb-resurslar, Internet loyihalari, mobil ilova va dasturlarni yaratuvchi mualliflar va dasturchilar sonini yanada koʻpaytirish, yoshlarning dasturlash tillariga qiziqishini kuchaytirish maqsadida “Bir million dasturchi” loyihasida yoshlar ishtirokini kengaytirish boʻyicha ishlar olib borilyapti.

    Bugungi kunda barcha tuman va shaharlarda zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan jami 205 ta raqamli texnologiya oʻquv markazlari (IT-markaz) tashkil etilgan.

    Shu bilan birga, senatorlar tomonidan parlament soʻrovi natijalarida aksariyat savollarga toʻliq javob olinmaganligi qayd etildi. Xususan:

    - milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlar, axborot kommunikatsion dasturlar yaratish borasida ilgʻor xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrganish va ularning ijobiy jihatlarini milliy amaliyotga joriy etish ishlari amalga oshirilmagan;

    - yoshlar va voyaga yetmaganlarning intellektual hamda ijodiy salohiyatini rivojlantirishga koʻmaklashadigan zamonaviy veb-resurslarni shakllantirish, shuningdek, axborot makonida Oʻzbekistonning tarixi, madaniyati va sanʼatini targʻib qilishni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar bugungi kun talablariga javob bermaydi;

    - taʼlim muassasalarida mediasavodxonlik, axborot manipulyatsiyasiga qarshi kurashishni oʻrgatishga qaratilgan alohida metodik qoʻllanmalar ishlab chiqilmagan va amaliyotga joriy etilmagan.

    Bundan tashqari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, umumiy oʻrta taʼlim maktablarining boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun kundalik hayotida koʻp ishlatiladigan telefon, kompyuter va shu kabi boshqa qurilmalarning foydali hamda zararli tomonlarini oʻzida aks ettiruvchi videomahsulotlar va koʻrgazmali oʻquv qoʻllanmalarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etishga yetarli eʼtibor qaratilmagan.

    Shu bilan birga, majlisda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan ijro etilishini oʻrganish yakunlari muhokama etildi.

    Senatorlar tomonidan vazirlik, uning tarkibiy va hududiy boshqarmalari tomonidan ochiqlikni taʼminlash yoʻnalishida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqid qilindi.

    Xususan, vazirlikning 2021-yildagi faoliyatiga oid hisoboti joriy yil 1-aprelga qadar jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun matbuot anjumani oʻtkazilmagan, vazirlik faoliyati toʻgʻrisidagi axborot tasdiqlanmagan, faoliyati toʻgʻrisida axborot olishga doir soʻrovlarni koʻrib chiqishning umumiy natijalari haqidagi axborot eʼlon qilinmagan, oʻz faoliyatiga oid axborotlar axborot-kutubxona va arxiv fondlariga taqdim etilmagan, rasmiy veb-saytini yuritish ishlari eʼtiborsiz qolgan.

    Shuningdek, ayrim ochiq maʼlumotlar rasmiy veb-sayti hamda Ochiq maʼlumotlar portali (data.egov.uz)da eʼlon qilinmagan.

    Jumladan, davlat xaridlari, davlat xaridlarini amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha xarid qilinadigan tovarlar, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari, tasdiqlangan yillik xarajatlar smetasi, avtomototransport vositalarini sotib olish va saqlash xarajatlari, koʻchmas mulklar, tasdiqlangan yarim yillik va (yoki) yillik ish rejasi, davlat dasturlari hamda boshqa dasturlar amalga oshirilishi, Oʻzbekiston Respublikasi davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlari egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oshkor etilmagan.

    Bundan tashqari, senatorlar taʼkidlaganidek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Xorazm va Buxoro viloyatlari Turizm va madaniy meros bosh boshqarmalari tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan vazifalar umuman bajarilmagan.

    Majlis yakunida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.