Pedagogning mehnat huquqlari kafolatlanmoqda

    Ilm maʼrifat, yuksak axloqlilik va eng goʻzal fazilatlar timsoli hisoblanadigan ziyolilar jamiyatni rivojlanish maqsadlariga intiltiruvchi, maʼnaviyat hamda qadriyatlarning posboni sifatida eng yuksak tahsin va eʼtiroflarga munosibdir.

    Bugungi kunda mamlakatimizda odamlarga ziyo, nur ulashadigan fidoyi pedagoglar nufuzini yanada oshirish, ular mehnatini qadrlashga qaratilgan koʻplab hujjatlar qabul qilinganligini alohida taʼkidlab oʻtish joiz. “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun va ayniqsa, yaqindagina qabul qilingan “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi qonun Oʻzbekiston ziyolilari uchun muhim voqelik hisoblanadi.

    “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi qonun ilk marotaba pedagogning maqomini va uning kasbiy faoliyatiga oid kafolatlarni belgilab berganligi bilan ham ahamiyatlidir.

    Gap pedagogning mehnat huquqlari haqida ketar ekan, avvalo, mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka asosan boshqa barcha xodimlar singari pedagoglar ham yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarda teng huquq va majburiyatlarga ega ekanligini aytib oʻtish zarur.

    Shu bilan birga, yangidan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida aynan shu toifa xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari alohida mustahkamlab qoʻyilgani nur ustiga aʼlo nur boʻldi. Xususan, mazkur kodeksning 501-moddasida tegishli maʼlumotga, kasbiy tayyorgarlikka, maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan shaxslargina pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga egaligi, umumiy oʻrta taʼlim, maktabgacha taʼlim hamda boshqa tashkilotlarning bolalarni oʻqitish yoki tarbiyalash bilan bevosita shugʻullanuvchi pedagog va boshqa xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tartibda dastlabki tarzda (ishga qabul qilish chogʻida) va davriy (ish jarayonida) majburiy tibbiy koʻriklardan oʻtishlari, taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlariga haftasiga oʻttiz olti soatdan ortiq boʻlmagan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanishi va yillik uzaytirilgan mehnat taʼtili (“Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi qonunning 14-moddasiga asosan davlat taʼlim tashkilotlarining pedagoglariga davomiyligi koʻpi bilan ellik olti kalendar kundan iborat boʻlgan haq toʻlanadigan har yilgi asosiy uzaytirilgan mehnat taʼtili kafolatlanadi) berilishi belgilandi. Shunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyundagi tegishli qarori bilan pedagog xodimlar (va boshqa toifa xodimlar) uchun yillik uzaytirilgan mehnat taʼtili davomiyligi meʼyorlari ham tasdiqlandi.

    Shuningdek, Mehnat kodeksining 387-moddasida va Ijodiy taʼtillar berish tartibida belgilangan qoidalarga asosan mehnat yoki pedagogik faoliyatni ilmiy ish bilan birga olib borayotgan shaxslarga asosiy ish joyida oʻrtacha ish haqi va lavozimi saqlangan holda falsafa doktori ilmiy darajasini olishga doir dissertatsiyani yakunlash uchun hamda darsliklar va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar qoʻlyozmalarining mualliflariga — uch oygacha, fan doktori ilmiy darajasini olishga doir doktorlik dissertatsiyani yakunlash uchun — olti oygacha muddatga ijodiy taʼtillar berilishi mumkin.

    “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra (53-moddasi), taʼlim tashkilotlari mehnatga haq toʻlash uchun mavjud mablagʻlar doirasida mustaqil ravishda lavozim maoshlariga tabaqalashtirilgan ustamalar belgilashga hamda mehnatga haq toʻlash va uni ragʻbatlantirishning turli shakllarini qoʻllashga haqli ekanligi belgilangan boʻlsa, “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi qonunda (12-moddasi) pedagogning oylik ish haqi maʼlumoti, malaka toifasi (lavozimi) boʻyicha bazaviy tarif stavkasi, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, davlat mukofotlari hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan ustamalar inobatga olingan holda hisoblanishi, davlat taʼlim tashkilotlarining pedagoglariga qonunchilik hujjatlariga muvofiq byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan ustama hamda kompensatsiyalar toʻlanishi mumkinligi mustahkamlab qoʻyilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasining mehnat toʻgʻrisidagi qonunchiligiga asosan ish beruvchi pedagogning oʻz kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi lozim. Qonun talabiga koʻra, pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, uning faoliyatini asossiz ravishda tekshirish, pedagog tomonidan taʼlim oluvchilarning bilimlarini toʻgʻri va xolis baholashga taʼsir koʻrsatish, shuningdek unga oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishga toʻsqinlik qilish, kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, shu jumladan hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilish, pedagogdan uning kasbiy majburiyatlariga taalluqli boʻlmagan hisobotlarni va boshqa maʼlumotlarni, shu jumladan aholining soliqlar, kommunal toʻlovlar, kreditlar va boshqa qarzdorligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, bitiruvchilarning bandligi taʼminlanganligi haqidagi hisobotlarni shakllantirishini va taqdim etishini talab qilish, bundan tashqari, pedagogni ishga joylashtirilmagan, taʼlim bilan qamrab olinmagan va profilaktika hisobida turgan voyaga yetmaganlar hisobini yuritish hamda ularning ijtimoiy moslashuviga koʻmaklashish ishlariga jalb etish, pedagogning zimmasiga tovar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan, ish haqidan uning yozma roziligisiz tovar va xizmatlar uchun mablagʻ ushlab qolish taqiqlanadi.

    Pedagogni biron-bir shaklda mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash, shuningdek pedagogning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki uning oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qilish qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi (5-modda).

    Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 51-moddasida mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash uchun, 1975-moddasida taʼlim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki oʻz xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish uchun maʼmuriy javobgarlik, Jinoyat kodeksining 1482-moddasida esa mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

    Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash oʻrinliki, bugun qaysi lavozimda oʻtirganimiz yoki qanday masʼul vazifalarni bajarayotganimizdan qatʼiy nazar, agar har birimiz bizga harfni tanitgan, yozishni oʻrgatgan, bilim olishga, ilmga, maʼrifatga chorlagan va mustaqil hayotga uchirma qilgan Ustozlarni eʼzozlasak, ular huquqlarining himoyasida tura olsak, jamiyat ravnaqi uchun behisob hissa qoʻshgan boʻlardik.

    Xayriddin FAYZIYEV,

    Yuristlar malakasini oshirish markazi kafedra mudiri