Ushbu turdagi to'lovlar miqdorlari rasman belgilangan eng kam iste'mol xarajatlaridan oz bo'lishi mumkin emas, deb yozmoqda rasmiy manba. Unda shunday keltiriladi:
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 46-moddasiga asosan, “Qonunda belgilangan pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam iste'mol xarajatlaridan oz bo'lishi mumkin emas”.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz jamiyat va davlat o'rtasidagi yangi “jamoat kelishuvi” bo'lib, eng asosiy burilish — ijtimoiy majburiyatlarga doir normalar 3 barobarga oshayotganligidadir. Ayni shu maqsadda Konstitutsiyamizda “O'zbekiston — ijtimoiy davlat”, deb alohida mustahkamlab qo'yilmoqda. Bu esa ijtimoiy ta'minot sohasida davlat siyosatini yuritishda ma'lum qoidalarga amal qilishni taqozo etadi.
Davlat ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratadi hamda pensiya, nafaqalar va ijtimoiy yordamning boshqa turlarini belgilaydi. Pensiyalar, nafaqalar va ijtimoiy yordamning boshqa turlari miqdori rasman belgilab qo'yilgan eng kam iste'mol xarajatlaridan oz bo'lishi mumkin emas. Ayrim xorijiy davlatlarning qonunchiligida pensiya va nafaqalar miqdori belgilangan minimal iste'mol savatchasi yoki yashash minimumidan kam bo'lmasligi belgilangan. Bu albatta ijtimoiy yordamga muhtoj aholini kelajakka bo'lgan ishonchini kafolatlaydi.
Shuning uchun pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordam turlari miqdorining eng kam iste'mol xarajatlaridan kam bo'lmasligi — fuqarolarning turmush darajasini yaxshilash, xarid qobiliyatini saqlab qolish, sog'lig'ini, mehnat qilish salohiyatini saqlagan holda jamiyatning hech bir a'zosini e'tibordan chetda qolmasligini ta'minlaydi.
2022-yil tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal iste'mol xarajatlaridan kam bo'lmagan darajaga olib chiqildi. Misol uchun, 2017-yilda kam ta'minlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan bo'lsa, bugunga kelib 2 milliondan ortiq oilalarga ko'mak berilmoqda. Ajratilayotgan mablag'lar esa, 7 barobar ko'paytirilib, yiliga 11 trillion so'mga yetdi.