Raqamli texnologiyalar vazirligining majlislar zalida eng ilgʻor startap loyihalarini aniqlashga bagʻishlangan “President Tech Award” tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimini boʻlib oʻtdi.
Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.
Har bir yoʻnalish boʻyicha gʻoliblar 100 ming AQSH dollari, ikkinchi oʻrin olgan jamoalar 50 ming AQSH dollari va uchinchi oʻrinni olgan jamoalar esa 30 ming AQSH dollariga sazovor boʻldilar.
Tanlov davomida ishtirokchilar sohadagi ilgʻor tendensiyalarni aks ettiruvchi keng koʻlamli gʻoyalar va ishlanmalarni taqdim etdilar.
Ekspert hakamlar hayʼati taqdim etilgan loyihalarni har tomonlama koʻrib chiqdi, ularning zamonaviy jamiyatda amalga oshirish va real foyda keltirish imkoniyatlarini baholadi.
Gʻolib jamoalar yutib olgan pul mukofotining 50 foiz miqdorini darhol qoʻlga kiritadilar, qolgan 50 foiz qismini esa bir yillik amalga oshirish kerak boʻlgan va kelishilgan maqsad va majburiyatlarni bajarganiga qarab, ikki qismga boʻlib, toʻlab beriladi.
Jamoatchilik tomonidan ovoz berish jarayoni natijalari boʻyicha 51 mingdan ortiq ovoz beruvchilar roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, 75 mingdan ortiq ovoz berildi.
Tanlovning beshta asosiy yoʻnalishlari boʻyicha quyidagi jamoalar gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Xususan:
Sunʼiy intellekt texnologiyalari yoʻnalishi. “Tahrirchi” — oʻzbek tilida yozishni osonlashtirishga moʻljallangan loyiha. Dastur oʻzbek tilidagi matnlardagi imlo, kontekstual, stilistik va grammatik xatolarni tekshiradi.
Ijtimoiy sohada raqamli texnologiyalar. “Mentalaba” — talabalarga Oliy taʼlim muassasalarini topish, oʻrganish va taqqoslashda oʻzlari uchun eng yaxshi maktabni aniqlashda yordam beruvchi loyiha.
Axborot va kiberxavfsizlik texnologiyalari. “ALATOR” — xususiy va davlat sektorlari tomonidan ishlab chiqarilgan axborot tizimlari va resurslarida aniqlangan zaifliklar, kibertahdidlar, kiberhujumlar va boshqa zararli faoliyatlarni aniqlash va oldini olish imkonini taqdim etuvchi loyiha.
Tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar yoʻnalishi. “Yemak” — oziq-ovqat yetkazib berish xizmati.
Kompyuter va mobil oʻyin dasturlari. “AirPilot” — virtual va real hayot sharoitida havo harakatini boshqarishning turli vositalarini boshqarish va ular bilan tanishish qobiliyatiga ega boʻlgan yoshlarda aerodinamika va aerokosmik texnologiyalarga qiziqish uygʻotadigan mobil oʻyin.