Uchrashuvda Prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov oʻz saylovoldi dasturining muhim yoʻnalishlari bilan saylovchilarni tanishtirdi.

Mamlakatning barqaror rivojlanishini taʼminlash, “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni jadallashtirish, qayta tiklanuvchi va muqobil energiyani rivojlantirish hamda iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish asosiy vazifalardan biri ekanligi taʼkidlandi. “Yashil taraqqiyot – farovonlik asosi!” shiori ostida ekologik barqaror rivojlanishga yoʻnaltirilgan “yashil” siyosatni hayotga tatbiq etish boʻyicha bir qator gʻoyalar ilgari surilayotganligiga eʼtibor qaratildi. “Yashil” energetika, “aqlli” qishloq xoʻjaligi tamoyillarini tatbiq etishning samaralari misollar yordamida tushuntirib berildi.

Nomzodning “Moʻynoqqa madad” loyihasi va boshqa ekoloyihalar doirasida amalga oshirgan keng qamrovli faoliyati aks etgan videoroliklarni saylovchilar katta qiziqish bilan tomosha qildi.

— Iqlim oʻzgarishlariga moslashish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orolboʻyi hududini yanada rivojlantirish borasida dasturiy vazifalarimiz bor, – deydi N. Oblomurodov. – Mintaqamizda iqlim oʻzgarishining asosiy omili boʻlgan Orol dengizining ekologik falokati oqibatlarini yumshatishga qaratilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirish orqali Orolboʻyi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, aholining yashash sharoitlarini yaxshilashga eʼtibor qaratiladi.

Saylovoldi dasturdan oʻrin olgan davlat va jamiyat boshqaruvi, sud-huquq tizimida islohotlar samaradorligini oshirish, sogʻliqni saqlash, taʼlim, ilm-fan va madaniy-maʼrifiy sohalarni yanada rivojlantirish masalalari xususida soʻz yuritildi.

Nomzod Narzullo Oblomurodov saylovchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berdi.

Saylovoldi dastur yuzasidan fikr-mulohaza bildirgan saylovchilar vakillari nomzodni qoʻllab-quvvatlab, 24-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzod Narzullo Oblomurodovga ovoz berishga chorladilar.