Uchrashuvda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi xodimlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari va mahalliy Kengash deputatlari, faollar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuvni nomzodning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha ishonchli vakili - Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi, Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori Alniyazov Aytmurat Ismailovich ochib berdi va dastlab nomzodning tarjimayi holi va mehnat faoliyati xususida keng tushunchalar berdi.

Soʻngra soʻzga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abduhalimov Bahrom Abdurahimovich chiqib, oʻz saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor masalalar: qonun ustuvorligi, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sud-huquq kabi sohalarni yanada taraqqiy ettirishda adolat tamoyillarga asoslangan keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish va olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish haqida maʼlumot berdi.

Tadbirda nomzod va uning saylovoldi dasturini qoʻllab-quvvatlab mahalliy Kengash deputatlari, yoshlar va xotin-qizlar vakillari, turli soha mutaxassislari oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari nomzod Bahrom Abduhalimovdan oʻzlarining qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.

Kunning ikkinchi yarmida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abduhalimov Bahrom Abdurahimovich ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimida yosh olimlar bilan birgalikda davra suhbati oʻtkazildi. Davra suhbati davomida bugungi kunda yosh olimlarning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, loyihalari, gʻoya va fikrlari, mavjud muammolari yuzasidan suhbat oʻtkazildi.