Bu muhokamalar, ayniqsa, Prezident maʼnaviyat tushunchasini keng izohlab bergani bilan ham bogʻliq. Prezidentimizning “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir”, degan taʼkidi mazkur yigʻilishning mazmun-mohiyatini yana-da keng ochib berdi.
“Biz yaratayotgan yangi Oʻzbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm gʻoyasi boʻladi. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan”, dedi davlatimiz rahbari.
Darhaqiqat, chuqur oʻylab qarasak, shonli ajdodlarimizning ulugʻvor ishlari kuchli vatanparvarlik ruhi, yuksak maʼnaviyat negizida roʻyobga chiqqan. Oddiy qilib aytganda, qahramonliklar, fidoyiliklar va el-yurt uchun jon kuydirish, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “oʻzini qiynash” — kuchli maʼnaviyat bilan chambarchas bogʻliq fazilat, albatta.
Mamlakatimiz tarixidagi shonli birinchi va ikkinchi Renessans davrlari hukmdorlari va mutafakkirlarining ulkan tarixiy zafarlarga erishishi va yurt sharafini koʻklarga koʻtarishi, atoqli harbiy sarkardalarimiz koʻrsatgan jahonshumul qahramonliklar tamalida ham, samo toʻla olis yulduzlar sirlarini kashf etish, osmon yoritqichlari jadvalini tuzish, modda ichiga razm solish, oʻta murakkab va tasavvurga sigʻmas moʻtabar Inson vujudi xususiyatlarini oʻrganish va kasalliklarga davo izlash negizida ham shu hayotbaxsh qudrat, ulugʻ fazilat turgani haqiqat.
Davlatimiz rahbari oʻz soʻzlari bilan maʼnaviyat tushunchasiga yangi taʼrif berib oʻtdi. Ayni shu nuqta ziyolilar, olimlar, adib va ijodkorlar uchun tayanch nuqtasi boʻlishiga shubha yoʻq.
Boshqacha qilib aytganda, Prezidentimiz tilga olgan va har bir yurtdoshimizda boʻlishini istagan kuchli maʼnaviyat bu — aynan el-yurt shon-sharafi uchun matonat, jasorat va qahramonlik koʻrsatishdan, buning uchun xalq manfaatini oʻz maishiy manfaatlaridan ustun qoʻyishdan iborat.
Yigʻilishda davlatimiz rahbari tilimizning rivojlanishiga ham alohida toʻxtalib oʻtdi. Oʻzbek tilining davlat tili maqomini kuchaytirish, yurtimizda va xorijda uni oʻrganish boʻyicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yuzasidan koʻrsatma berildi. Ushbu maʼruzada yana bir bor davlat tili nufuzi va mavqeini oshirishga diqqat qaratilganini esa, mamlakatimiz rahbarining: “Milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish kerak”, degan soʻzlari orqali izohlash mumkin. Milliy ruhni tashuvchi eng qudratli vosita, tabiiyki, jonajon ona tilimiz, davlat tilimizdir.
“Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga oʻrgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur”, dedi davlatimiz rahbari.
Bu soʻzlarni mulohaza qilar ekansiz, buyuk bobolarimizning yurt shon-sharafi uchun aziz jonidan kechib koʻrsatgan qahramonliklari yodga keladi. Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Shohrux Mirzo, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulugʻ sarkardalarimizning jasorati negizida, avvalo, adolat, xalq manfaatlari boʻlgan. Qahramonliklar va fidokorliklarning ilhombaxsh kuchi yuksak maʼnaviyatdir, albatta.
“Bir ziyoli — bir mahallaga maʼnaviy homiy” tajribasi esa xalqimizning azaliy anʼanalariga asoslangan, dunyoda tengi yoʻq ezgu tashabbus, deb baralla ayta olamiz. Yana tarixga murojaat qilsak, atoqli olim va mutafakkirlar mamlakat miqyosidagi obroʻli kishilarning farzandlariga saboq berishi urf boʻlgan, xususan, Abu Abdulloh Notiliy Abu Ali ibn Sinoga, hazrat Alisher Navoiy Sulton Husayn Mirzoning bir necha farzandiga, mavlono Husayn voiz Koshifiy esa Abulmuhsin Mirzoga dars bergani maʼlum. Prezidentimiz taklifi ushbu qutlugʻ anʼanani barcha mahallalarga, butun Oʻzbekistonga joriy qilishi bilan katta ahamiyat kasb etadi. El-yurtning koʻzga koʻringan ziyolilari, adiblari va olimlariga yuksak ishonch — yoshlarni milliy ruhda, yuksak maʼnaviyatli qilib tarbiyalashga koʻmaklashish vazifasi qoʻyilmoqda. Bu yurt uchun, xalq uchun qilinadigan sharafli xizmat boʻlishi bilan birga, ziyolilarga va adiblarga berilgan katta imkoniyat hamdir.
Isajon SULTON,
innovatsion rivojlanish vazirining maslahatchisi,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi