Qalampirmunchoqning foydali xususiyatlari

    Qalampirmunchoq donalari tropik o'lkalarda o'suvchi daraxtdan yig'ib quritilgan kurtaklar ekanligini bilasizmi? 

    Qalampirmunchoq doim yashnab turuvchi tropik daraxtning quruq, qizil-jigarrang, ochilmagan gul kurtaklaridir. Uning o'ziga xos xushbo'yligiga tarkibidagi evgenol efir moyi sabab.

    Ushbu kurtakchalar kulinariyada ajoyib mazasi, parfyumeriyada efir moyi, tabobatda esa shifobaxsh xususiyatlarga egaligi bilan o'z o'rniga ega.

    Qalampirmunchoq kurtaklari nafaqat betakror mazasi va xush bo'yi, balki dorivor xususiyatlari bilan ham mashhur. Ushbu ziravor uzoq vaqtlardan buyon xalq tabobatida kasalliklarning oldini olish va davolash uchun ishlatib kelingan.

    Ziravor K, B6 (piridoksin), B-1 (tiamin), C va riboflavin vitaminlari manbai.

    Qalampirmunchoq shamollashda samarali vosita, mukammal antiseptik hisoblanadi. U og'riq va spazmlarni kamaytiradi, teridagi kichik yaralarni davolashda yordam beradi. Ovqat hazm qilish tizimini tartibga soladi va ishtahaning pasayishi bilan kurashadi, og'iz hidlanishida qo'l keladi. Bundan tashqari uni sharq mamlakatlarida suyak to'qimasi va qon tomirlarini mustahkamlaydi, saraton hujayralarining rivojlanishiga to'sqinlik qilib asab tizimini tinchlantiradi, deb ta'kidla shadi.

    Qalampirmunchoq og'iz bo'shlig'i uchun foydali. Bu ekzotik ziravor nafasni yangilaydi, shuningdek, milklar va tishlardagi og'riqni kamaytiradi, gingivit va periodontit kabi kasalliklarni davolashda yordam beradi. Ziravorning antibakterial xususiyati og'iz bo'shlig'ida bakteriyalar tarqalishini kamaytiradi. Buning uchun butun yoki kukun shaklidagi qalampirmunchoqni og'iz bo'shlig'ining jarohat o'rniga qo'yish kerak bo'ladi.

    Xalq tabobatida ushbu ziravor malhamlaridan ayollarda bepushtlik bilan kurashishda foydalanishgan. Ayollar uchun qalampirmunchoqning yana bir qimmatli xususiyati, to'lg'oq paytida og'riqni kamaytirishidir.

    Bundan tashqari, ushbu ziravor asab faoliyatini yaxshilab, ruhiy zo'riqish va stressni engishga yordam beradi. Qalampirmunchoq iste'moli ayollarda xavfli o'smalarning oldini olishga yordam berar ekan.

    Kimlarga mumkin emas?

    Hazm a'zolari kasalliklarida, kamqonlikda, qon bosimi kasalliklarida hamda homiladorlik va emizikli davrda ham qalampirmunchoq tavsiya etilmaydi.

    Qalampirmunchoqni faqat qadoqlangan holda, oziq-ovqat do'konlaridan xarid qilish tavsiya etiladi. Bir stakan suvga bir necha dona qalampirmunchoq solish bilan uning sifatini aniqlash mumkin.

    Sifatli qalampirmunchoq vertikal suzadi, oyoqchalari pastga tushadi yoki stakanning pastki qismiga cho'kadi. Agar kurtaklar suv yuzasida gorizontal ravishda yotsa, ular eskirgan, efir moylari uchib ketib, endilikda iste'molga yaroqsiz sanaladi.