Mazkur asar Berlin milliy opera va balet maktabi bitiruvchisi, Dortmund teatri bosh baletmeysteri NRW Juniorballet Dortmund rahbari, balet bosh xoreografi Raul Raymondo Rebek tomonidan sahnalashtirildi.
— Meni uzoq yillardan beri “Xorazm Lazgisi”, uning oʻtmishi, shakllanish jarayonlari juda qiziqtiradi. Undagi joziba va joʻshqinlikning goʻzal uygʻunligi dunyoning boshqa bironta raqsida uchramaydi. Tarix – sirli, sehrli sandiq. Uni ochib, Oʻzbekistonning yangi qirrasini kashf qilganim, nurga chulgʻangan xazinasidan bahramand boʻlganim men uchun juda katta tajriba maktabi boʻldi. Oʻzimni uch ming yillik tarixni oʻzida mujassam etgan ulkan maydonga tushib qolganday his qildim... Gavharxonim Matyoqubovaning maslahati bilan men avvalo Xorazm tarixini oʻrgandim.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xalqaro “Lazgi” festivalini oʻtkazish haqidagi qarori barcha lazgisevarlar yuragiga olov yoqdi. Zamonaviy “Lazgi” baleti ham shu olovning yana bir yolqini, — deydi Raul Raymondo Rebek.
Gʻoya muallifi — Saida Mirziyoyeva, loyiha rahbari — Gayane Umerova, ssenografiya — Yoko Seyama qalamiga mansub, liboslar dizayneri — Frol Burimskiy, musiqiy bezak va kompozitsiya muallifi — Devidson Jakonello, maslahatchilar — Gavharxonoim Matyoqubova, Gulnora Musayeva, teatr bosh baletmeysteri — Guli Hamroyeva.
Toʻrt sahna koʻrinishidan iborat librettoning birinchi fasli “Ipak yoʻli vohasi” deb nomlangan. Rejisser “Lazgi” ning oʻtmishi va anʼanalarini bir ayol timsolida mujassam etadi hamda uni “Qalb” deb ataydi. Raqs va madaniyatga boʻlgan muhabbat tarixining bardavomligi, asrlar sinoviga bardosh berib bugungi kungacha yetib kelgan noyob qadriyatlari insoniyatni hamon hayratga soladi. Buyuk Ipak yoʻlida tugʻilgan bu Muhabbat bir tomondan ikki qalbning sevgi qissasi boʻlsa, boshqa tarafdan raqs va musiqaga boʻlgan samoviy ishqdir.
Cheksiz sahroda vujudini quyosh nurlari kuydirayotgan, suvsizlikdan azob chekayotgan parichehra xayolida sharsharani koʻrganday boʻlib, hushini yoʻqotadi va qumga yiqiladi. Buyuk Ipak yoʻli boʻylab Toshkentdan Samarqand tomon ketayotgan karvon bir oz nafas rostlash maqsadida toʻxtaydi. Bu maskanda yashayotgan odamlar kundalik yumushlar bilan mashgʻul boʻlib, afsungar musiqa ohanglari ostida Buyuk shamanning soʻzlarini tinglab, uning raqslaridagi xayoliy goʻzalliklarni, jonivorlar va qushlar, gullar va bogʻlarni oʻzlaricha tasavvur qilib kun kechirishadi.
Tasodifan hushsiz goʻzal qizni topib olgan odamlar unga yordam berishga urinadi, ammo u xuddi jonsizdek yotaveradi. Olislardan eshitilayotgan musiqaning ohangi oʻzgaradi, yangi tovushlar sehri uning tanasi va “qalbini” tiriltiradi, yangidan hayot bagʻishlaydi. Nigohlari sirli boquvchi qizni koʻrgan karvonboshi uni oʻz chodiriga chorlab, undan raqsga tushib berishini iltimos qiladi. Parichehra qizning musiqaga mos sirli harakatlari uni shunchalik rom qiladiki, u oshiq boʻladi.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Nodira Hamroyeva koʻngli raqs girdobida charx urayotgan qizning ichki holatini nihoyatda ishonchli ifoda etadi, uning koʻrinishi shunchalar nozik va nafiski, goʻyo oʻtmish nasimlarida uchib ketayotgandek. Shunda sitam va hijronning harir libosidagi kanizaklar paydo boʻladi. Bu oddiy ijro emas, balki raqsga aylangan “Qalb”ga boʻlgan ulkan muhabbatning boshlanishidir va u abadiy davom etadi. Shaman raqs otashiga chulgʻangan bu sevgi qissasini asrab-avaylaydi. Tildan-tilga koʻchib, quyosh zaralari, koʻngil iztiroblari, orzu va umidlari timsolida avlodlar osha bizgacha yetib keladi.
Voqealar, mantiqan taʼsirli holatlar, qalb manzaralari, ziddiyatlar kurashi, tarixiy-maʼrifiy rishtalar bilan bogʻlangan makon va zamoni bilan tomoshabinni oʻziga tortadi. Joʻshqin va ehtirosli plastika, imo-ishoralardagi poetik intonatsiya oʻtmishning kelajakka monologi sifatida idrok etiladi. Tomoshabin qalbiga azaliy savollarni muhrlaydi.
Qadimiy “Lazgi”ning ibtidoiy tuzum va “Avesto”bilan bogʻliq ilk elementlarining falsafiy-estetik talqini jonlanadi. Liboslarining bichimlarida “Avesto” davri bilan milliylik uygʻunlashtiradi.
Ikkinchi koʻrinishda zamon va makon almashadi. Voqealar rivoji “Tabiatshunoslik muzeyida” davom etadi. Soat sayin globallashib borayotgan yangi zamon odamlari muzeyda yurtining oʻtmishi va madaniyati tarixi bilan tanishmoqda. Qaysidir bir lahzada koʻrgazmada ishtirok etayotgan ayollardan biri, (uni shartli ravishda “Muhabbat” deb ataylik), tarixiy juftlikni payqab qoladi, ular siymosida oʻzining unutilayozgan koʻngil dardlarini koʻradi. Ayolning hayajonini kuzatib turgan Shaman eksponatlarni uygʻotadi.
Anʼanalarga asoslangan tarix oʻtmish va bugunni bir butun qilib bogʻlaydi. Soʻngra vitrinalardagi tarixiy eksponatlar jonlanib, anʼanalar tarixi, madaniyat va hozirgi zamonni birlashtiradi. “Muhabbat” va “Qalb” yolgʻiz qoldi. Ular oʻzaro bir butun boʻlib, birgalikda ramziy maʼnoda bitta insonni ifodalaydi. Xotiralar ummonida ikkisi ham oʻz sevgilisi bilan raqsga tushadi.
Olislardan oʻtmishning qoʻngʻirogʻi yangligʻ musiqa eshitiladi. Oshiq yigit sozni bagʻriga bosib hasrat daryosida suzmoqda, umidsiz barmoqlari ila qalb torlarini chertmoqda. “Dutor Lazgisi” misol oshiq qalbning jon ipidan eshilgan torlar dardidan maysalar iltijo bilan chayqalmoqda...
Dard nimaligini bilsak-da, lekin uning suratini koʻrmaganmiz. Asov toʻlqinli dengiz irmoqqa sigʻmagani singari, dard ham hech qachon oddiy harakatlar bagʻriga sigʻmaydi. Rejisserning sanʼatkorligi shundaki, u hech qaysi zamon uchun qimmatini yoʻqotmaydigan oʻtmish voqealarining mohiyatini topib, ularni harakatlar, imo-ishoralar va musiqada ifodalagan. Dardning choʻqqisi — muhabbat. Uning oliy nuqtasi — sogʻinch, fidoyilik, mehr va sadoqat oʻtlarida kuymoqdir. Shu oʻt tafti tuban hislarni haydab, nafsoniy va shaytoniy istaklardan ruh va qalbni poklaydi. Poklanish jarayonida olovrang sariq libosda “Lazgi” (Dilnoza Ortiqova) paydo boʻladi.
Sahnada ustoz Komiljon Otaniyozovdan meros “Soʻyla menga, ey sanam...” naqoratli “Xorazm Lazgisi” yangraydi. Muhabbat va Qalb “Lazgi”da birlashadi. Poklanayotgan yurakdan nurli tilaklar, oliy haqiqatlar otilib chiqadi... Uchala obraz birgalikda raqsga tushadi. “Lazgi” oʻzining hayotbaxsh mehri bilan muzeydagi eksponatlarga jon bagʻishlaydi. Milliy libosdagi cholgʻuchilar, raqqosalarga qoʻshilib, eksponatlar va tomoshabinlar raqsga tushadi.
“Shiddatli dunyo va anʼanalar”.deb nomlangan uchinchi sahna koʻrinishida rejissyor qadimiyat ruhini saqlab qolgan holda, yangilanayotgan dunyoning oʻziga xos ijro uslublariga urgʻu beradi.
Keyingi yuz yilliklar davrida jamiyatning shiddat bilan taraqqiy etishi milliy raqs sanʼatiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazdi. Raqs canʼati — inson tafakkurining mevasi sifatida, uning dunyoni anglashi va tevarak-atrofidagi milliy-madaniy muhit taʼsiridagi his-tuygʻularini oʻz harakatlari orqali ifodalash ehtiyoji natijasida yuzaga kelgan. Inson bolasining komillikka intilishi, avvalo uning oʻz vatani tarixini, milliy qadriyatlarini bilishi, undan faxrlanib yashashida namoyon boʻladi. Virtual hayot, qaygadir shoshayotgan, internet tarmoqlariga bogʻlanib qolgan, hissiyotlardan uzoqlashib qolgan odamlar....
Shiddat bilan yashayotgan odamlarni hayratga solib, sahnaning oʻrtasidan “Lazgi” oʻta boshlaydi. Unutilayozgan anʼanalar qaysidir maʼnoda unga ham oʻz taʼsirini oʻtkazgan. Harorat, qalb parvozi va tarix nafasi ufurib turgan sahna muhitida zamonlar, makonlar, dinlar, marosimlar, urf-odatlar qorishgan manzaralar aro inson ruhiyati, uning ichki kechinmalari, iztiroblari, orzu va armonlari miflar koʻrinishida tomoshabin koʻz oʻngidan oʻtadi. Uning sokin nigohlari, ohista odimlari odamlarning koʻngliga ham ilhom soladi, ham ularni ogohlikka undaydi .
Toʻrtinchi sahna koʻrinishi. “Muhabbat va qalb” deb nomlanadi. Buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning fikricha, “Muhabbat deb bir narsani suymakni aytilur. Dunyodagi insonlar mehr va muhabbat soyasida yasharlar. Har bir ishni muhabbat orqasida ishlarlar. Muhabbatsiz kishi hech bir ishni ishlamakka gʻayrat va jasorat qilolmas. Dunyo neʼmatidan lazzat ololmas”.
Insonning oʻz-oʻzini anglashi chin muhabbat va uni yuksaklikka koʻtaruvchi qalban ulgʻayish jarayonida shakllanadi. Qadimiyat saslari eshitilib turgan oʻtmishdan bugungi kunga birgalikda odimlayotgan “Muhabbat” va “Qalb”asrlar toʻfonida qayta-qayta ziddiyatlarga duch keladi. Qop-qorongʻi sahnaning markazida samoga tutashgan olovrang libosdagi “Lazgi” .qahramonlik raqsi — “Surnay Lazgi”sini ijro qiladi. Sahnada — “Lazgi”ning ohanrabosi bir makonga jamlagan turli millat vakillari.
Murakkab elementlarga boy zamonaviy koʻrinishdagi balet koʻhna va hamisha navqiron muhabbat mavzusining falsafiy talqiniga bagʻishlangan. Lazgi kiradi. Sahnadagi aylana boʻylab mehr va muhabbat ulashadi.. Bir-birini toʻldiruvchi koʻngil va tafakkur javohiri uygʻunlashib boraveradi, kelajak sari magʻrur nigoh tashlaydi. Ularni barcha quvonchu dardlari bilan sevuvchi insonning muhabbati sari talpinadi. Makon va zamon, tugʻyon va ehtiroslar tutashgan koʻngillar hududini maʼnaviy bir butunlikka aylantirgan “Lazgi” olamni hayratga chulgʻaydi. Bagʻrikenglik, mehr-oqibat kabi oʻzbek xalqining eng olijanob fazilatlarini oʻtmish va kelajakni raqsda mujassam qilgan timsol sifatida yurtimiz boy tarixining yorqin sahifasi, qalb va muhabbatning mangulik qoʻshigʻi boʻlib qolaveradi!
Bu qoʻshiqning avj pardalarida muzaffar“Lazgi”ni yaratgan buyuk oʻzbek xalqiga, tamaddun beshigi Oʻzbekistonga, “Avesto”dan meros “ezgu soʻz, ezgu amal, ezgu fikr”ga, moʻjizalar oʻlkasi Xorazmga boʻlgan cheksiz muhabbat va ehtirom ohanglari bor!
Qahramonlarning oʻtmish va kelajak oraligʻidagi bir-biriga va goʻzallikka muhabbati qalb tugʻyonlarini chertadi. Beqasam toʻndagi cholgʻuchilar “Xonchiqar” kuyini chaladilar. Muhabbat vodiysida vasl ishqidagi qushlar paydo boʻladi. Tabiatning eng goʻzal gulu chechaklari baxtu zavq qoʻshigʻiga raqsga tushadi...
“Lazgi” baletining qadim ildizlarida qadimiy va hamisha navqiron “Masxaraboz Lazgisi”, “Qayroq Lazgisi”, “Dutor Lazgisi”, “Surnay Lazgisi”, “Saroy Lazgisi”, “Changak Lazgisi”, “Xiva Lazgisi”, “Garmon Lazgisi”, “Xorazm Lazgisi” kabi bir-birini takrorlamaydigan, zamon va makonlarni tutashtirib turgan toʻqqiz muhtasham ezgulik halqalarining surati bor. Mazkur asar vatanimiz tuprogʻining qanchalar ulugʻ va muqaddasligini, milliy raqs sanʼatimizning qanchalar serqirra ekanligini anglatuvchi bebaho xazinadir.
Oʻzbekiston xalq artisti Gavharxonim Matyoqubovaning fikricha, raqs tarixi Xorazm xalqi madaniyatida faqat oʻziga xos tomonlari bilan ajralib turadi. Chunonchi, Xorazm tomosha, xalfachilik va baxshichilik sanʼati, xalq musiqasi, maqomlari, suvoralari, laparlari, yallali raqslari, masxarabozlik oʻyinlari, turli ommaviy raqslari, ayniqsa, urf-odatlar va marosimlari Oʻzbekistonning boshqa viloyatlariga qaraganda Xorazmda koʻproq qadimiylik alomatlarini oʻzida saqlab, uni hozirgi zamon anʼanalari bilan boyitib kelayotir. Albatta, sanʼat turlari ichida milliy raqs inson ruhiyati va ongu shuuriga nisbatan tezroq taʼsir etuvchi vosita hisoblanadi. Yoshlar qalbida tarixga qiziqish va hurmat, qadim qadriyatlarga muhabbat tuygʻusini shakllantirishda, ularni mafkuraviy tahdidlar va ommaviy madaniyat taʼsiriga qarshi tura oladigan komil insonlar qilib tarbiyalashda ham milliy raqs sanʼati muhim ahamiyat kasb etadi.
Rejisserning yuksak mahorati tufayli, milliy zaminga, xilma-xil uslubga ega, favqulodda xalqchil, hayotbaxsh “Lazgi” milliy ruh va milliy xususiyatlarini saqlagan holda oʻzining yangi qirralarini kashf qildi. Zamonaviy balet sifatida sanʼat orqali dunyo xalqlarini yaqinlashtirishning yangi sahifasini ochdi. Qalbni hayratga solgan nozik va joʻshqin harakatlardan yuksak ezgu gʻoyalar, ilhombaxsh sevgi sehri ufurib turgan nafis manzaralar yaratdi.
Ikki bosh qahramon Dilnoza Ortiqova va Nodira Hamroyevaning harakatlarda ifodalangan koʻngil ehtirosi, plastik matni, imo – ishoralardagi tasviriy nutqi nihoyatda jozibali. Ulugʻbek Olimov, Rodion Isyanov, Elmira Yusupovalar oʻz ijrolari bilan tomoshabinlar qalbini butunlay zabt etdi. Asar biri-biridan sirli, sehrli, yorqin lavhalarga boyligi bilan xotiraga muhrlanadi.
“Lazgi” turkumining mukammal sahnaviy romani dunyo yuzini koʻrdi.. Yangi Oʻzbekistonning yangi ijodiy moʻjizasi boʻldi. Milliy raqs va balet sanʼatining ijodiy ufqlari yanada kengaydi. Oʻzbek baleti koʻzni qamashtirgudek yuksaklikdagi choʻqqini egalladi. Ijodiy guruh hamfikrlikda anʼana va zamonaviylikni zargarona birlashtirgan - oʻzbek milliy kuy-qoʻshiqlari bilan Yevropa simfoniya maktabining eng goʻzal namunalari uygʻunlikda chinakam jahoniy manzara kasb etdi.
— Oʻzbekiston Prezidentining sanʼat, adabiyot va maʼnaviyatga eʼtibori dunyo hamjamiyatida ham katta qiziqish uygʻotyapti, kun sayin yangilanayotgan Oʻzbekistonni hayrat bilan kuzatib turibdi. Mamlakatingizdagi islohotlar, Xivadagi, Toshkentdagi tarixiy obidalarga munosabat, bunyodkorlik ishlari sanʼatda ham sezilib turibdi. Biz “Lazgi” baletida oʻzbek xalqining qadimiy ildizlarini, jahon tamadduniga oʻz taʼsirini oʻtkazgan oʻlmas qadriyatlarini mujassam etishga harakat qildik. Sanʼatsevar oʻzbek xalqining samimiyati, mehmondoʻstligi menda katta taassurot qoldirdi. Kelajakda yana birgalikda ijodiy hamkorlik qilish niyatimiz bor, — deydi mamnuniyat bilan germaniyalik rejisser Raul Raymondo Rebek.
Insoniy tugʻyonlar, ruhiy ehtiroslarning taʼsirchan va haqqoniy ifodasi, oʻzbek milliy raqsi va zamonaviy baletning vobastaligi bilan dunyoni maftun etmoqda. Oʻtgan yil 28-noyabr kuni Dubaydagi Dubai Opera sahnasida boʻlib oʻtgan “Lazgi — qalb va muhabbat raqsi” baletining xalqaro premyerasi bu fikrlarni yana bir karra tasdiqladi.
Istiqlol — milliy oʻzlik tuygʻusini his etib, ulugʻ ajdodlar bilan faxrlanib, erkin dunyoqarash, qalb ozodligi hamda erkin tafakkur bilan yashash, ijod qilish saodati. “Lazgi”ning YUNESKO roʻyxatiga kiritilganligi yangilanayotgan Oʻzbekistonning maʼnaviy-maʼrifiy xaritasida islohotlarning muvaffaqiyatli borayotganligining yana bir amaliy chizgisidir.
“Lazgi” nafaqat oʻzbeklarning, balki dunyo xalqlarining mehrini qozongan goʻzal raqsgina emas, balki sirli musiqa, sehrli soʻzga vobasta muazzam asar sifatida koʻz oʻngimizda namoyon boʻldi. Uning hayotbaxsh, jozibali kuchi, inson kayfiyati va ruhiyatini koʻtarguvchi sehri haqiqiy moʻjiza ekanligiga ishonasiz.
U dunyo sahnalarini, turli tilda soʻzlaguvchi odamlarni bir – biriga yaqinlashtirguvchi raqs ildizidan oʻsib, ulkanlashib, Yangi Oʻzbekiston Uchinchi Renessanssining, ulugʻvor Buyuk ipak yoʻlining, Sharqu Gʻarb tamaddunlari tutashgan tabarruk makonning raqsdagi suratiga aylanadi va yeru osmon oraligʻida charx uradi...
Hulkar HAMROYEVA,
filologiya fanlari doktori, Oʻzbekiston davlat
xoreografiya akademiyasi katta oʻqituvchisi