Qalbimizu ruhimizga koʻzgu til

    Ta'lim 18 Oktabr 2021 1500

    Ona tili — muqaddas tushuncha. Har bir inson oʻz ona tilini ulugʻlaydi, koʻkka koʻtaradi. U orqali dunyoni taniydi, kashf etadi, jamiyatda oʻz oʻrnini topadi. Darhaqiqat, til — insonning milliy va maʼnaviy boyligi hisoblanadi. Til — ona allasi orqali kirib, insonning ruhiyatiga milliylikni singdiradi. Til — millatning koʻzgusi boʻlib, unda tarix — oʻtmish va kelajak jonlanadi. “Har bir millatning dunyoda borligʻin koʻrsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur” — deya eʼtirof etadi Abdulla Avloniy.

    Oʻzbek tili taraqqiyoti bugungi kunga qadar juda katta tarixiy yoʻlni bosib oʻtgan. Tilimizning ilk namunalari Oʻrxun-Enasoy bitiklarida uchraydi. Ulardagi yozuvlarda aks etgan tilimiz qadimgi turkiy til hisoblanadi.

    XI-XII asrlarda mamlakatimiz hududida eski turkiy til shakllanadi. Bu davrda yaratilgan Mahmud Qoshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” asari eski turkiy tilda yozilgan betakror va nodir asarlardan hisoblanadi. “Devonu lugʻotit turk” asari nafaqat badiiy, balki ilmiy, ijtimoiy ahamiyatga ega asardir. Xuddi shu davrda Yusuf Xos Xojibning “Qutadgʻu bilik”, Xoʻja Ahmad Yassaviy “Hikmatlar”, Ahmad Yugnakiyning “Hibatul haqoyiq” asarlari yuzaga keladiki, bu asarlar eski turkiy tilda yozilgan adabiyotning yuksak namunalaridir.

    XIV-XV asrlar eski oʻzbek adabiy tili rivojlanishi Lutfiyning benazir satrlari, Sakkokiyning goʻzal gʻazallari bilan bogʻliq. Oʻsha davrda fors — tojik tilining boyligi va maftunkorligini madh etganlar Alisher Navoiy turkiy gʻazallari oldida bosh egdi. Alisher Navoiy tilimizning goʻzal, juda boy til ekanini isbotlab berdi. Bu haqda Abdurauf Fitrat shunday eʼtirof etadi: “Navoiy...turkiy tilining adabiy hamda boy til ekanini bildirmak uchun oʻzining “Muhokamat-ul lugʻatayn” degan asarini yozib chiqardi”.

    Chunki toptim ul kalom ichra kamol,
    Turk alfozi bila surdum maqol…
    Turk nazmida chu men tortib qalam,
    Ayladim ul mamlakatni yakqalam…

    Alisher Navoiyning bu sohadagi ishlariga Sulton Husaynning oʻzi homiylik qilib, qoʻllab-quvvatlagan hamda maxsus farmon bilan oʻzbek tiliga davlat tili maqomini ham bergan edi. Turkiydagi betakror gʻazalu ruboyilari, oʻlmas “Xamsa” asari Navoiyni soʻz mulkining sultoni degan yuksak eʼtirofga sazovor qildi. Chunki hech bir shoir, Alisher Navoiy kabi oʻzbek tilining taraqqiyotiga, uning butun dunyoga tanitishdek buyuk zahmatni amalga oshira olmadi.

    Navoiy aynan oʻzbek tilida 26 035 soʻzni qoʻllab, Shekspirdan 6 mingta, Jomiydan 10 mingta, Pushkindan 5 mingtadan ortiq soʻz ishlatdi. Navoiydan soʻng Zahriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, Zokirjon Xolmuhammad oʻgʻli Furqat, Turdi Farogʻiy, Muqimiylar ham eski oʻzbek tilining taraqqiyotiga beqiyos katta hissa qoʻshdilar. Aynan yuqoridagi benazir shoirlarimizning turkiy gʻazallari, tuyuqlari, ruboiylari orqali biz oʻz tilimizni naqadar jozibador ekanini his qilamiz.

    Bir millatni yoʻq qilish uchun uning tilini yoʻq qilish kifoya. Tilni yoʻq qilish maʼnaviyatni yoʻq qilish bilan barobardir. Tilimizga eʼtibor susayib borayotganligi haqida Abdulla Avloniy oʻzining “Turkiy guliston yoxud axloq” kitobidagi “Hifzi lison” maqolasida: “Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur. Hayhot! Biz turkistonliklar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun kundan-kun unutmak va yoʻqotmaqdadurmiz”, — deya bong uradi. Jadidlar milliy tilni asramoq borasida koʻp ishlarni amalga oshirishga harakat qilishsada, bu saʼy- harakatlar besamar ketadi. Faqatgina 1989-yilda oʻzbek ziyoli qatlami ona tilimizni yoqlab ovoz berganlari tufayli millatimiz ona tili maqomini, oʻzbek tili maqomini qayta tikladi.

    1989-yil 21-oktyabrda Oʻzbekiston Oliy Kengashining XII sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilindi. Bu Qonun mustaqillik arafasida turgan davlatimiz hayotida unutilmas voqea boʻlib tarixga kirdi. 1990-yil 19-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Kengashining 101-sonli qarori bilan ushbu Qonunni amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturi tasdiqlandi.

    Shu boisdan Davlat Dasturida “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul etilgan kun 21-oktyabrda har yili “Til bayrami” butun yurtimiz boʻylab keng nishonlana boshlandi.

    Birinchi qabul qilingan Qonun 30-moddadan iborat boʻlib, avval oʻzbek tilining qadr-qimmatini, huquqini, oʻrnini tiklash uchun xizmat qildi. Qonunning 1-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili — oʻzbek tilidir” deb koʻrsatib qoʻyildi.

    Oʻzbek tili oʻzbek xalqining maʼnaviy mulki boʻlib, uning ravnaqi, qoʻllanishi va muhofazasini taʼminlashga oid barcha masalalar Oʻzbekiston Respublikasining huquqiy doirasiga kirishi ijtimoiy mavqeini kuchaytirdi, ona tilimizning ijtimoiy mavqei kengaytirdi. Oʻzbek tilining taraqqiyoti va istiqboli toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilinib, bir qancha qarorlar qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasining barcha korxona, muassasa va tashkilotlarida ish yuritish davlat tilida olib boriladi, bu esa xalqimiz uchun yengilliklar yaratadi.

    Oʻzbekiston Respublikasining barcha taʼlim muassasalarida oʻquvchi va talabalar davlat tilida oʻqitila boshlandi.

    Respublika miqyosidagi eng yirik anjumanlardan kichik yigʻilishlargacha davlat tilida olib boriladi, — deb koʻrsatilishi oʻzbek tilining salohiyatini yanada oshirdi.

    1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Davlat suvereniteti” haqidagi 1-bobining 4-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tilidir”, — deb belgilab qoʻyildi.

    1993-yil 2-sentyabrda “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida” Qonun qabul qilinishi vatanimizning maʼnaviy-maʼrifiy hayotida olamshumul ahamiyat kasb etdi. Yangi alifboga kiritilgan oʻzgarishlar asosida “Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari” ishlab chiqildi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 1995-yil 24-avgustda tasdiqlandi. Davr taqozosi bilan “Davlat tili haqida”gi Qonunga ham ayrim oʻzgarishlar kiritildi va 1995-yil 21-dekabrida Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirda “Davlat tili haqida”gi Qonuni eʼlon qilindi. Bu Qonun 24 moddadan iborat. 1996-1997 oʻquv yilidan maktabning 1-sinfi yangi alifboni oʻrgana boshladi. Davlat tilini oʻrganish, unga amal qilish tabiiy ehtiyoj va zaruratga, hatto anglangan majburiyatga aylanib boryapti.

    Oʻzbek tilida toʻgʻri, ifodali soʻzlash va yozish, ona tilimizning sofligi va boyligi toʻgʻrisida tinmay gʻamxoʻrlik qilish, uning isteʼmol doirasini kengaytirish davlatimiz fuqarolarining burchi sanaladi. Xususan, har bir yosh va oʻquvchi oʻz ona tilidagi soʻz boyligini oshirish hamda til imkoniyatlaridan oʻrinli foydalanishga doimo harakat qilishi lozim.

    Soʻz — fikr qurolidir, kishi qanchalik koʻp soʻz bilsa, uning fikrlash doirasi, dunyoqarashi ham shunchalik keng boʻladi. Zamonamiz olimi Gʻaybulla as-Salom shunday yozadi: “Ona tilida fikrlashga, toza gapirishga, nutqingizni har xil yot unsurlardan saqlashga harakat qiling. Qayerda va kim boʻlmasin, ona tili kamsitilishiga yoʻl qoʻymasin. Til mavsumiy libos emaski, ob-havoning oʻzgarishiga qarab almashtirilsa, Onaizor, Vatan, millat har biri bittadan, Ona tili ham bitta. Agar oʻz xalqingiz orasida gungalak-soqov va yot boʻlishni istamasangiz, ona tilini puxta oʻrganing. Boshingizga koʻtaring. Kishi boshqa tilda bilimli boʻla oladi, ammo faqat oʻz tilida bekamu-koʻst boʻlishi mumkin”.

    Bugungi kunda mamlakatimizda Davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarni oʻqitish ham keng yoʻlga qoʻyilgan. Respublikamizning turli viloyatlarida qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman, rus tiliga ixtisoslashgan maktablar faoliyat yuritadi. Davlat tili haqidagi Qonunning 2-moddasidaOʻzbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning oʻz ona tilini qoʻllashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmaydi”, — deb belgilab qoʻyilgan.

    Millatlarni millatlardan ajratib turuvchi asosiy belgilaridan biri bu til ekan, har bir inson oʻz tilini bilishi, uni ulugʻlashi va shu bilan birga boshqa millatlarning ona tillariga ham hurmat bilan qarashi lozim. Shundagina tilning, millatning qadri va obroʻyi, nufuzi oshadi.

    Nasibaxon Ibodova, TIQXMMI Buxoro filiali oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi assistenti.