Qamrov ham, imkoniyat ham keng

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 15-sentyabr sonida Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori, Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi oʻrinbosari Sevara Mahmudovaning “Qamrov ham, imkoniyat ham keng” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Eng ulugʻ, eng aziz bayram shukuhi yurtimizda hali ham davom etmoqda. Bu, albatta, bejiz emas. Mustaqillik bizga oʻzligimizni anglash, milliy davlatchiligimiz va qadriyatlarimizni tiklash, oʻz taraqqiyot yoʻlimizni tanlash, haq-huquqimizni tanish, dunyoga yuz ochish imkonini berdi.

    Prezidentimiz Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz bir yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida xalqimiz irodasi bilan erishilgan ulkan yutuqlar va oldimizda turgan ustuvor vazifalar xususida toʻxtaldi. Tantanali yigʻilishda demokratik islohotlar endi ortga qaytmas jarayonga aylangani yana bir bor taʼkidlandi.

    Zero, busiz bugungi kunda taraqqiyotga erishish, dunyoga yuz ochish, ezgu orzu­maqsadimiz boʻlgan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini qurish aslo mumkin emas. Ana shunday ulugʻvor maqsadlarga erishishda xalqimizga faqat yoshlar suyanch va tayanch boʻla oladi. Shu bois, yoshlarga eʼtibor, ularga keng sharoit va imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

    Bu siyosat samarasi yigit-­qizlarimizning sport va taʼlim yoʻnalishida dunyo miqyosidagi yuksak natijalarida aks etmoqda. Xususan, shaxmat boʻyicha erishgan yutuqlari yoshlarimizning nimalarga qodirligi, qanday imkoniyat va salohiyatga ega ekanini yana bir bor yaqqol namoyish etdi. Bundan tashqari, yoshlarimiz fanlar boʻyicha xalqaro musobaqa, tanlov va olimpiadalarda yuqori oʻrinlarni egallayotgani ham hech kimga sir emas.

    Bugun mamlakatimizda taʼlim-­tarbiya sohasida tub va izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Uning samaralarini tizimga daxldor barcha tarmoqlarda yaqqol koʻrish mumkin. Xususan, “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2019-yil 30-sentyabrdagi “Xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim samaradorligini tubdan oshirish chora­tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori oʻgʻil-­qizlarimizning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishiga xizmat qiluvchi toʻgaraklar faoliyatini tubdan yaxshilashga turtki berdi.

    2021-yil 13-aprel kuni davlatimiz rahbari raisligida yoshlar bandligini taʼminlash va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatiga yana bir bor eʼtibor qaratildi. Oʻgʻil­-qizlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishga eʼtiborni yanada kuchaytirish, bu borada mamlakatimizdagi “Barkamol avlod” bolalar maktablari imkoniyatidan toʻliq va samarali foydalanish kerakligi taʼkidlandi.

    “Barkamol avlod” bolalar maktablari bor-­yoʻgʻi 175 ming nafar (3 foiz) yoshni qamrab olgani aytilib, viloyat, tuman va shahar hokimlariga oʻn kun muddatda “Barkamol avlod” maktablarida zamonaviy toʻgaraklar ochish va har bir maktabda ularning tarmoq filiallarini tashkil etish orqali qamrovni kamida 3–5 baravarga oshirish, mamlakat boʻyicha kamida 500 ming oʻgʻil-­qizni qamrab olish boʻyicha topshiriqlar berildi.

    Hozir xalq taʼlimi tizimida 218 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyat koʻrsatyapti. Ulardagi 9 ming 33 ta toʻgarakka 260 ming nafardan ziyod oʻquvchi jalb qilingan. Oʻtgan vaqt davomida “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi tomonidan oʻquvchilar qamrovini oshirish, maktablar faoliyatini rivojlantirish maqsadida bir qator ishlar bajarildi.

    Jumladan, maktablarda oʻquvchilar qamrovini oshirish, qoʻshimcha motivatsiya berish hamda ularni muayyan sohaga yoʻnaltirish uchun Toshkent xalqaro taʼlim universiteti hamda Akfa universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan oʻquvchilarga ushbu taʼlim dargohlariga imtihonsiz kirish imkoniyati yaratildi.

    Saʼy-­harakatlar natijasida maktablarda oʻtgan yillarga nisbatan toʻgaraklar soni 22,8 foiz, oʻquvchilar qamrovi 25,5 foiz koʻpaydi. Byudjetdan tashqari topilgan mablagʻ miqdori 494,9 milliondan 3,3 milliard soʻmga oshdi. Bu yil yoz mavsumida “Barkamol avlod” bolalar maktablarida oʻquvchilar qamrovini oshirish maqsadida maktabdan tashqari qoʻshimcha taʼlim berish jarayonida innovatsion metodlardan foydalanildi, 7 yoʻnalishdagi toʻgaraklar uchun 78 soatlik oʻquv dasturlari ishlab chiqildi.

    Toʻgarak mashgʻulotlari samaradorligini oshirish va mavzu boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar berish uchun onlayn seminar­treninglar oʻtkazildi. Har qanday ishda oʻzaro hamkorlik, tajriba almashish, birgalikda faoliyat koʻrsatish yaxshi samara berishi shubhasiz. Ayni shu maqsadda Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi hamda Oʻzbekiston Kinoarboblar ijodiy uyushmasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Bunday hamkorlik, ayniqsa, “Barkamol avlod” bolalar maktablari uchun har jihatdan foydali. Buning natijasida oʻzaro hamkorlikda joylardagi maktablarning madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi toʻgaraklariga, forum, davra suhbati, seminar hamda mahorat darslariga ijodiy uyushmaning taniqli, el suygan aktyor va aktrisalarini jalb etish nazarda tutilgan. Bu esa, oʻz navbatida, toʻgaraklar soni va sifatini oshirish, ularda oʻquvchilar qamrovini yanada kengaytirish va iqtidorli bolalarni kashf etish hamda ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.

    Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz bir yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida 2026-yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida mamlakatimiz oldida turgan 5 ta asosiy vazifani belgilab berdi. Uning birinchisi taʼlim yoʻnalishiga qaratilgani ham biz pedagoglar uchun quvonarli holdir. Taʼkidlanganidek, zamonaviy bilim olish va koʻnikmalarga erishish uchun qulay sharoit va imkoniyat yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.

    Bundan tashqari, maktablardagi darsliklar, oʻquv dasturi va oʻqitish uslubi tubdan qayta koʻrib chiqiladi. Eng muhimi, bu jarayonga ilgʻor xorijiy tajriba va mutaxassislar jalb qilinadi. Yana bir eʼtiborli jihati shundaki, qishloq joylarda maktablar qurish va ularni malakali kadrlar bilan taʼminlash asosiy vazifalardan biri boʻlib qoladi. Bularning bari, tabiiyki, pedagog kadrlarning moddiy taʼminotiga bogʻliq.

    Shu bois, oʻqituvchi va murabbiylar mehnatini ragʻbatlantirish yangi bosqichga koʻtariladi. Imkoniyati cheklangan bolalar uchun inklyuziv taʼlimni har tomonlama rivojlantirish asosiy masalalardan biri sifatida belgilanmoqda. Bunday keng koʻlamli islohotlar va ulugʻvor vazifalardan koʻzlangan pirovard maqsad Yangi Oʻzbekistondagi maktab bitiruvchilarini zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta oʻzlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, eng muhimi, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs qilib tarbiyalashdan iborat.