Sigir suti — kuchli allergiya qoʻzgʻatuvchi mahsulot hisoblanadi. Tarkibida f2, Bos d 4, Bos d 5, Bos d 6, Bos d 8, Bos d 9, Bos d 10, Bos d 11, Bos d 12 allergenlari mavjud. Ularga 5-6 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlarda allergiya kuzatiladi.
— Bolalarda bu turdagi kasallik rivojlanishiga koʻp hollarda onaning homiladorlik yoki emizikli davrida notoʻgʻri ovqatlanishi sabab boʻladi, — Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova. — Qolaversa, goʻdak sunʼiy aralashmalar bilan oziqlantirilsa, chala tugʻilsa yoki oshqozon-ichak, oʻt, jigar xastaliklaridan aziyat cheksa ham, oziq-ovqat allergiyasi yuzaga kelishi mumkin.
Tovuq tuxumi ham keng tarqalgan allergenlar jumlasidan. U ovalbumin, ovomuyeoid, ovotransferrin va ovomutsin oqsillar guruhlarini oʻz ichiga oladi. Bu moddalar molekulyar darajada oʻrganilganda, Gal d1, Gal d2, ovomukoid, Gal d3, Gal d4 allergenlari reaksiyalarni yuzaga keltirishi maʼlum boʻldi.
Baliq — kuchli allergen. Uning goʻshtida parvaalbumin va tropomiozin oqsil guruhlari mavjud. Molekulyar darajadagi oʻrganishlar uning tarkibida Cyp c1, Gad c 1, Gad m 1 allergenlari borligini tasdiqladi.
Bugʻdoy va soya ham baʼzida allergik reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Masalan, soya tarkibini molekulyar darajada oʻrganish natijasida uning tarkibida Gly m 1, Gly m 5, Gly m 6 allergenlari mavjudligi aniqlandi.
Goʻsht mahsulotlari orasida esa parranda va ot goʻshti boshqalariga nisbatan koʻproq allergen xususiyatga ega.
Sitrus mevalar, qulupnay va yertut ham koʻproq allergiya qoʻzgʻaydi. Yongʻoqqa allergiyasi boʻlganlarning aksariyati esa ushbu meva daraxti changiga ham taʼsirchan boʻladi.
Kattalarda allergiya rivojlanishiga sabab boʻluvchi oziq-ovqat mahsulotlaridan birinchisi yeryongʻoqdir. Bu mahsulot koʻp hollarda anafilaktik reaksiyani keltirib chiqaradi.
Undan soʻng turli xil yongʻoqlar, kunjut, asal, shaftoli, uzum, malina, sabzi, shokolad, kofe va kakao allergiya chiqaruvchi mahsulotlar roʻyxatidan joy olgan.
Oziq-ovqat allergiyasidan aziyat chekadigan yoki bunga moyil kishilar shifokorlar koʻrigidan oʻtib, ularning tavsiya va koʻrsatmalariga qatʼiy amal qilishlari lozim.