Qaysi odatlar saraton rivojlanishiga olib kelishi mumkin?

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, 2020-yilda saratondan 10 million nafarga yaqin inson olamdan oʻtgan yoki har olti oʻlimning biri shu xastalikka toʻgʻri kelgan.

    Saratonning eng keng tarqalgan turlari koʻkrak bezi, oʻpka, yoʻgʻon va toʻgʻri ichak va prostata bezi saratonidir.

    Bir qarashdan zararsizdek koʻringan baʼzi odatlar saraton rivojlanishiga turtki boʻlishi mumkin. Masalan:

    Surunkali kasalliklarga eʼtiborsiz boʻlish

    Surunkali yalligʻlanish oʻchoqlari (masalan, ichakdagi koliti) saraton rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Bunday kasalliklar hujayralarning gʻayritabiiy oʻsishi va boʻlinishiga, shuningdek ularning mutatsiyasiga sabab boʻlishi, bu esa saratonni paydo qilishi mumkin. Bundan tashqari, yalligʻlanish jarayonlari immunitet tizimini zaiflashtiradi, tanani oʻsimtalarga nisbatan zaif qiladi.

    Chekish

    Tamaki tutuni bilan tanaga saraton rivojlanishiga hissa qoʻshadigan kanserogen moddalar kiradi. Chekish insonning nafas olish tizimiga eng katta xavf tugʻdiradi. Oʻpka saratoni bilan ogʻrigan bemorlarning 90% dan ortigʻi chekuvchilardir.

    Yoʻl-yoʻlakay ovqatlanish va shirinliklarni koʻp isteʼmol qilish

    Saraton hujayralari oʻsishi va rivojlanishi uchun koʻp miqdorda glyukoza kerak. Shuningdek, ratsionda shakar miqdorining koʻp boʻlishi ortiqcha vazn va 2-tur qandli diabetga olib kelishi mumkin. Bu holatlar esa saraton xavfini oshiradi. Agar shirin mahsulotlarni koʻp miqdorda isteʼmol qilsangiz, mutatsiyaga uchragan hujayralar rivojlanishi uchun ideal muhitni yaratgan boʻlasiz.

    Ovqatni issiq holatda yeyish

    Ogʻizni kuydiruvchi issiq ovqat va ichimliklar ogʻiz boʻshligʻi hamda qiziloʻngachning kuyishiga olib kelishi mumkin. Bu kabi doimiy kuyish (travma)lar hujayra degeneratsiyasiga tahdid soladi. Shifokorlar tavsiyasiga koʻra, ovqat va ichimliklar uchun eng yaxshi harorat 60 darajadan oshmagani afzal.

    Kam uxlash

    Muntazam kam uxlash erkaklarda prostata bezi saratoni va ayollarda esa koʻkrak bezi saratoni rivojlanishiga sabab boʻlishi mumkin. Gap shundaki, uyqu vaqtida melatonin gormoni ishlab chiqariladi. Tanada uning yetishmasligi esa hujayra mutatsiyasiga olib kelishi mumkin.

    Bu odatlar tanani zaiflashtiradi, ammo ular albatta saratonga olib keladi deyish ham notoʻgʻri. Qanday turmush tarzini olib borishingizdan qatʼi nazar, muntazam ravishda shifokor koʻrigidan oʻtib turishga harakat qiling. Bu saratonni erta bosqichda aniqlash va oʻz vaqtida zarur choralarni koʻrishga yordam beradi, deb ogohlantiradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.