Tadqiqotda Jahon Banki tomonidan ishlab chiqilgan JoGG (Job Generation and Growth Decomposition) dekompozitsion tahlil vositasidan foydalanildi. Tahlilning ushbu vositasi iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari boʻyicha mehnat unumdorligi va bandlik sohasidagi oʻzgarishlar YAIM (YAHM)ning aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan ulushiga qanday taʼsir qilishini baholash imkonini beradi.
Mazkur uslubni mamlakatimiz hududlari uchun qoʻllash ularni rivojlantirishdagi eng muhim tarmoqlar hamda ishsizlik va kambagʻallik darajasini qisqartirishning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash imkonini beradi. Tadqiqotda dastlabki maʼlumotlar sifatida mehnat unumdorligi, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida band boʻlganlar, aholi, jumladan, mehnatga layoqatli aholi soni kabi koʻrsatkichlar tanlab olindi. Baholash Qoraqalpogʻiston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahri boʻyicha 2018-2021-yillar uchun amalga oshirildi.
Natijalarga koʻra, Toshkent, Namangan, Sirdaryo, Navoiy, Jizzax, Xorazm, Fargʻona viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida iqtisodiy oʻsish mamlakat hududlari boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan (111 foiz) yuqori boʻlgan. Qolgan 6 ta hudud moʻtadil rivojlanish darajasi bilan ajralib turadi (105,9-110,8 foiz).
Qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotining asosiy tarmogʻi boʻlgan Namangan, Jizzax, Xorazm, Fargʻona viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida iqtisodiy oʻsish bilan bir qatorda mehnat unumdorligi hamda aholi bandlik darajasining ortishi kuzatilgan. Bu esa hududlarda iqtisodiyotni rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish va samarali ish oʻrinlarini yaratish orqali amalga oshirilganidan dalolat beradi.
Shuningdek, tahlil natijalari shuni koʻrsatdiki, Toshkent va Navoiy viloyatlari kabi yuqori salohiyatli hududlarda (YAHMning aholi jon boshi ulushi respublika parametridan 1,3-2,8 baravar yuqori) iqtisodiy oʻsish asosan hududlarning raqobatbardosh ustunligini shakllantiruvchi mavjud bazaviy ishlab chiqarishning rivojlanishi hisobiga roʻy bergan. Ushbu hududlar yuqori samarali faoliyat turlari, asosan xizmat koʻrsatish va sanoat sohalariga ixtisoslashgani bilan ajralib turadi.
Iqtisodiy oʻsishning nisbatan past darajasi aholi zich joylashgan Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilgan (2018-2021-yillarda YAHMning aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan ulushi oʻsishi 7-8 foizdan past). Ushbu holat 2019-2021-yillarda butun dunyoda yuzaga kelgan beqaror vaziyat sababli ishlab chiqarishning biroz pasayishi, masalan, avtomobilsozlik va neft-kimyo sanoati, qurilishdagi muammolar oqibatida yuzaga kelgan.
Tadqiqot natijasida institut ekspertlari tomonidan hududlarning mutanosib iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashga xizmat qiluvchi yuqori samarali tarmoqlar aniqlandi. Bular:
– xizmat koʻrsatish sohasida - Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand viloyati va Toshkent shahri;
– qurilish sohasida - Toshkent shahri, Namangan viloyati;
– sanoat sohasida - Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari;
– qishloq xoʻjaligi sohasida - Buxoro, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Fargʻona, Xorazm viloyatlari.