Hozirda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmidagi ulushi qariyb 10 foizni tashkil etadi.
Bu borada Oʻzbekiston 2030-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 27 gigavattga yetkazib, elektr energiyasi ishlab chiqarish umumiy hajmini kamida 40 foizga olib chiqish maqsad qilingan.
Bu har yili 25 milliard kub metr tabiiy gazni tejash, atmosferaga zararli tashlanmalarni 34 million tonnaga qisqartirish imkonini beradi.
Albatta, belgilangan koʻrsatkichlarga erishish uchun amaldagi qonunlarda ayrim normalarni qayta koʻrib chiqish taqozo etiladi.
Yuqorida keltirilgan zaruratga asosan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunga “yashil energiya” sertifikatlarini berish va muomalaga kiritishga, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga taalluqli qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilyapti.
Quvvati 300 kVt va undan yuqori boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqariladigan elektr energiyasini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash faqat ushbu manbalar maxsus vakolatli davlat organida roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilyapti.
Shuningdek, Qonun bilan Soliq kodeksiga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga asoslangan generatsiya obyektlarining “yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlarini foyda soligʻidan ozod qilishga doir oʻzgartish kiritilyapti, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Senatorlar mazkur Qonun ijtimoiy va uy-joy kommunal sohalarda, iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etishga, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlaridagi energiya taqchilligini bartaraf etishga hamda investorlar uchun qulay sharoitlarni yaratishga va ragʻbatlantirish mexanizmlarini belgilashga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.