“Qizil oltin”ni qayta ishlash yanada koʻpayadi

    Joriy yilning 8-oktyabr kuni Jizzax viloyatining Baxmal tumanida zaʼfaron plantatsiyasini kengaytirish, quritish va qayta ishlashni tashkil etish loyihasining ochilish marosimi hamda zaʼfaron tuganak piyozboshlarini namunaviy ekish tadbiri oʻtkazildi.

    Zaʼfaron inson salomatligi uchun tengsiz xususiyatga ega oʻsimlik. Qadimdan ushbu giyoh ziravorlar sultoni yoki “qizil oltin” deya eʼtirof etilib, qiymati yuqori baholanib kelinadi.

    Mamlakatimizda tashkil etilgan zaʼfaron plantatsiyalari jahon miqyosida yaxlit hududda joylashgan plantatsiyalarning eng yirigi hisoblanadi.

    Prezidentimizning shu yil 8-9-aprel kunlari Jizzax viloyatiga tashrifi davomida zaʼfaron plantatsiyalarining umumiy maydonini 2 ming gektarga yetkazish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi. Jumladan, Baxmal, Gʻallaorol va Zomin tumanlarida qoʻshimcha 1,6 ming gektarda zaʼfaron plantatsiyalarini tashkil etish belgilandi.

    “BMB HOLDING” tomonidan Italiyaning “FIN.OPERA SRL” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 120 million yevroga tengdir. Buning uchun 70 million yevro miqdorida toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya, 37 million yevro tashabbuskor mablagʻi hamda 13 million yevro hajmida “Oʻzsanoatqurilishbank” kredit jalb qilindi.

    Oʻtgan davr mobaynida mazkur loyiha doirasida 60,8 million yevro investitsiya oʻzlashtirilib, qariyb 120 ta doimiy va 25 mingta mavsumiy ish oʻrni yaratildi.

    Shu bilan birga, loyiha tashabbuskori tomonidan qoʻshimcha ravishda kiritilgan 5 milliard soʻmlik sarmoya hisobiga 2,5 kilometrga yaqin yoʻlga beton yotqizilib, 25-30 km uzunlikda elektr tarmogʻi tortildi. Natijada hudud aholisi uchun ham ravon yoʻllar va elektr energiyasidan foydalanish imkoniyati paydo boʻldi.

    Loyihaning ochilish marosimida ishtirokchilar xolding tizimidagi korxonalar faoliyati, u yerda yaratilgan mehnat sharoitlari bilan yaqindan tanishishdi.

    Joriy yilning aprel oyida Prezidentimizning korxonamizga tashrifi, bildirgan iliq fikrlari, qoʻllab-quvvatlovi milliy zaʼfaronchilikni rivojlantirishdagi saʼy-harakatlarimizga katta kuch-gʻayrat ulashdi, ulkan maqsadlar sari undadi, – deydi “BMB Holding” kuzatuv kengashi raisi B.Mamatqulov. – Xususan, shu yil soʻnggiga qadar zaʼfaron maydonlarini 700 gektarga, kelgusi yillarda 2 ming gektarga yetkazish va shu orqali eksport hajmini 20 tonnaga oshirish rejalashtirilgan.

    Bugungi kunda xoldingga qarashli korxonalar tomonidan yigirmaga yaqin turdagi zaʼfaronli mahsulot ishlab chiqarilib, “BMB zaʼfaron” brendi ostida dunyoning koʻpgina davlatlariga eksport qilinmoqda.

    Buning uchun mahsulotlar Italiya, Fransiya, Niderlandiya hamda Janubiy Koreyadagi laboratoriyalarda ikki bosqichli chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan oʻtkazildi, ISO 3632-1/2011 xalqaro standarti asosida 1-toifa sifat darajasi sertifikatini oldi.

    Zaʼfaron plantatsiyasida mahsulot ekish, yetishtirish, agrotexnik tadbirlar oʻtkazish, terib olish, qayta ishlash, saqlash va qadoqlash jarayonlari Niderlandiyaning “Control Union Certifications” tashkiloti tomonidan oʻrganildi. Natijada “BMB zaʼfaron”ga “USDA ORGANIC” sertifikati berildi.

    Oʻzbek “qizil oltin”ini dunyoning eng yirik bozori – Xitoyga eksport qilish boʻyicha ham Oʻzbekiston va Xitoy idoralararo komissiyasi xulosasiga koʻra ruxsatnoma olingan.

    Yevropa va AQSH bozorlariga esa Italiyada tashkil etilgan qoʻshma korxona tomonidan “ORO ROSSO Milano” brendi ostida eksport qilinmoqda.

    Zaʼfaron plantatsiyasida tuganak piyozboshilarni namunaviy ekish tadbirida ishtirokchilar zaʼfaron maydonlarida polshalik mutaxassislar bilan hamkorlikda sinov tariqasida qoʻllanila boshlangan “AgroNanoGel Basic” gidrogel tizimi bilan tanishtirildi.

    Taʼkidlanishicha, gidrogel oʻsimliklar uchun suv zaxirasi sanaladi. Uning qoʻllanilishi vegetatsiya davrida oʻsimliklar uchun optimal suv sharoitini hozirlab, uning sarfini 45 foizgacha tejaydi.


    Farhod NEʼMATOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    

    Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 205-sonida (2024-yil 10-oktyabr) chop etilgan.


    Hamkorlik materiali