Qohirada Oʻzbekiston va Misr oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganining 30 yilligiga bagʻishlangan ilmiy-amaliy seminar oʻtkazildi

    Xalqaro hamkorlik 27 May 2022 2075

    2022-yil 25-mayda Qohira strategik tadqiqotlar markazida Oʻzbekiston va Misr diplomatik aloqalari oʻrnatilganining 30 yilligiga bagʻishlangan ilmiy-amaliy seminar hamda “Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi” taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Misrdagi eng nufuzli markazlardan birida boʻlib oʻtgan tadbirda Oʻzbekiston doʻstlik jamiyati aʼzolari, mazkur mamlakatdagi siyosiy, ilmiy-akademik, ishbilarmon doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Ilmiy-amaliy seminar avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Furqat Sidikov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi.

    Jumladan, 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida tatbiq etilgan loyihalar xususida atroflicha toʻxtalib oʻtildi. Joriy yilda keng jamoatchilik va fuqarolik institutlari bilan birgalikda Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqilganiga eʼtibor qaratildi.

    Taraqqiyot strategiyasida bugungi global jarayonlardan kelib chiqqan holda inson qadrini yuksaltirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, iqtisodiyotni rivojlantirishga doir yettita ustuvor yoʻnalish belgilab berilgani koʻrsatib oʻtildi.

    Ayni paytda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan tub islohotlar respublika taraqqiyotida yangi bosqich – Yangi Oʻzbekiston davrini boshlab bergani alohida taʼkidlandi. Respublika rahbari tomonidan xorijiy davlatlar bilan ochiq va doʻstona aloqalar oʻrnatilgani, Markaziy Osiyo mintaqasi esa tashqi siyosatning ustuvor yoʻnalishi etib belgilanganiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Tadbir moderatori Qohira strategik tadqiqotlar markazi direktori A.Muslimani soʻnggi besh yilda Yangi Oʻzbekiston barpo etilgani, ichki va tashqi siyosatda ulkan muvaffaqiyatlarga erishilganini taʼkidladi.

    Uning qayd etishicha, Toshkent va Qohira ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqish uchun katta imkoniyatlarga ega. Hozirda turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish uchun tarixiy-madaniy shart-sharoitlar mavjud. Xususan, 60 dan ortiq ikki tomonlama hujjatlar imzolangan boʻlib, shartnomaviy-huquqiy baza oʻzaro hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirish imkonini beradi.

    Qohira universiteti fakulteti dekani, mamlakatimizning “Doʻstlik” ordeni sohibi professor Ahmad Rajab Rizq Misr va Oʻzbekiston xalqlarini ming yillik davr bogʻlab turishini qayd etdi. Olimning soʻzlariga koʻra, Al-Fargʻoniy tomonidan Qohirada bunyod etilgan nilometr qurilmasi, Oʻzbakiya mahallasi, Misrdagi Tuluniylar, Mamluklar, Ayubiylar saltanati va boshqa koʻplab misollar doʻstona aloqalarimizning uzoq tarixga borib taqalishini tasdiqlaydi.

    Misr parlamenti senatori, “ash-Shuruq” gazetasi bosh muharriri Imoduddin Husayn oʻtgan 30 yil davomida Misr va Oʻzbekiston hamkorligida koʻplab ijobiy ishlar tatbiq etilganini qayd etar ekan, hali foydalanilmagan salohiyat ikki xalq doʻstlik aloqalarini yanada kengaytirishga mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirdi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.