Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo'lsa, uning joni va ruhi ma'naviyatdir. Biz yangi O'zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma'naviyat.

Shavkat MIRZIYOEV

 

So'nggi yillarda mamlakatimizda boy ma'naviy merosimizning ajralmas qismi bo'lgan qadimgi yozma manbalarni o'rganish masalasi tez-tez urg'ulanadigan mavzuga aylandi. Prezidentimizning 2020 yil 16 apreldagi “SHarqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida ajdodlarimizning ulkan ma'naviy, ilmiy merosini har tomonlama chuqur o'rganish bo'yicha aniq ko'rsatmalar belgilab berildi.

Ayni paytda har biri o'ziga xos ilmiy-madaniy obida bo'lgan arab, fors, turkiy tillardagi manbalarni tadqiq etish, tarjima qilish, eng asosiysi, xalqimizga sof holda etkazish sharqshunoslar zimmasidagi dolzarb vazifa bo'lib qolmoqda. Markaziy Osiyoda o'zining ilmiy salohiyati va raqobatbardosh kadrlari bilan peshqadam oliygohlardan biri hisoblanuvchi Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bu boradagi amaliy ishlar yanada jadallashmoqda.

YOzma merosni o'rganish bo'yicha boy tajribaga ega ilm dargohida e'tirof etilgan ayrim izlanishlar natijalari haqida so'zlab berishni so'rab, universitet rektori va yosh tadqiqotchi-mualliflarga murojaat qildik.

 

Izchillik talab etadigan jarayon

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra RIXSIEVA:

Yangi O'zbekistonda xalqimizning uzoq hayotiy tajriba, tushuncha va qadriyatlariga asoslangan o'lmas merosimizni o'rganish ma'naviyat va ma'rifatning ajralmas qismi sifatida ustuvor vazifalarga aylandi. Tarixda ikkita Renessansning asosini tashkil etgan ilm-fan va ma'rifat masalasi bugungi hayotimizda ham nihoyatda katta ahamiyatga ega bo'lib, aynan uning negizida uchinchi Renessansga poydevor qo'yilishi davlatimiz rahbari tomonidan 2021 yilning dolzarb vazifalaridan biri sifatida belgilandi. Bu esa, avvalo ilmiy merosimizni chuqur o'rganish, nimalarga asoslangan holda qadam qo'yishimizda tayanch nuqta sifatida ilmiy asoslangan targ'ibotlarni olib borish, qo'lyozma manbalar asosida tariximiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimiz, adabiyotimiz – madaniyatimiz ildizlarini tadqiq etish hisoblanadi.

Yoshlarimiz orasida bu oson bo'lmagan ishga qiziqishi, qobiliyati bor iqtidorlilarning borligi quvonarli hol. Qo'lyozmalarni tarixiy, falsafiy, adabiy, matnshunoslik va manbashunoslik nuqtai nazaridan o'rganib, ochilmagan yangi qirralarni xalqimizga namoyon etish, yangi asarlarni ilmiy iste'fodaga kiritishida ishtiyoq bilan ishlayotganlar safi kengayib bormoqda. Aynan shunday yoshlar ilmiy natijalari, chiqishlari bilan ma'naviyatimiz, ma'rifatimizning targ'ibotchilari bo'ladi.

Prezidentimiz bir qator chiqishlarida hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy, kalom ilmi asoschisi Abu Mansur Moturidiy va uning davomchisi Abu Muin Nasafiy, buyuk alloma Bahovuddin Naqshband kabi ajdodlarimizning ijodini chuqur o'rganish masalalariga e'tibor qaratib, yangi O'zbekistonni barpo etishda ota-bobolarimizning ma'naviy, ilmiy jasoratlari mahsuli o'laroq yaratilgan bebaho asarlar bizga dasturulamal bo'lmog'i lozimligi haqida ta'kidlagan.

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida talaba yoshlarni ilmiy tadqiqotlarga yo'naltirishda ham moddiy merosini o'rganish masalasiga alohida e'tibor beriladi. Aslini olganda, manbashunoslik sohasida malakali kadrlar tayyorlash nihoyatda izchillik talab etadigan uzoq jarayon. Mazkur jarayonni birmuncha qisqartirish maqsadida ta'limning bakalavr bosqichidan boshlab talaba yoshlarni qo'lyozma meros bilan muntazam ishlashga jalb etmoqdamiz. Bu amaliyot talabaning keyingi bosqichlarda manbani har tomonlama kompleks o'rganishiga, tarjimasi va tabdilini amalga oshirish, ilmiy matnlarini tuzishida katta yordam beradi va o'ziga xos tajriba bo'lishi shubhasiz. Bu borada Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi SHarqshunoslik instituti olimlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishimiz bo'yicha tegishli rejalarni amalga oshirmoqdamiz.

***

“Hayot bulog'i tomchilari”

Filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori Bahriddin UMURZOQOV:

Sharq mumtoz adabiyoti – xuddi o'tmishda bo'lganidek, hozir ham yosh avlodga mukammal ta'lim berishda, ularni vatanimiz istiqboli uchun munosib tarbiyalab, voyaga etkazishda bebaho qadr-qimmatga, ulkan ahamiyatga ega. Ana shunday jahon madaniyati va fani taraqqiyotiga o'z ijodi bilan ulkan hissa qo'shgan ajdodlarimizdan biri Fahruddin Ali Safiy bin Husayn Voiz Koshifiydir. Uning ijodi dunyoviy va diniy ilmlarning turli sohalarini qamrab olganligi bilan ahamiyatli. Husayn Voiz Koshifiy asarlari, xususan, uning “Rashahot aynu-l-hayot” (“Hayot bulog'i tomchilari”) risolasida yuksak fazilatlarga ega bo'lgan insonni tarbiyalash, yoshlarni sog'lom e'tiqod va ma'rifat orqali keng fikr-mulohaza va tafakkurga, pok axloqqa targ'ib qilish g'oyalari o'z ifodasini topgan.

Hozirgacha Faxruddin Aliy Safiy bin Husayn Voiz Koshifiy hayoti va ijodi, uning ilmiy adabiy-merosi haqida bironta ham yirik maxsus tadqiqot yo'q. Universitetimizda tayyorlangan “Hayot bulog'i tomchilari” ilmiy-ommabop nashrga asarning Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi SHarqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan yagona nodir qo'lyozmaning nusxasi asos qilib olingan. Ushbu nashr “Rashahot” asari matni bo'yicha hozirda O'zbekistonda amalga oshirilgan yagona yirik ishdir.

Yurtimiz va xorij kutubxonalarida “Rashahot” asarining manbashunoslar nazaridan chetda qolib kelgan 135 ta nusxasi mavjud. Asarning mazkur nusxalari to'liq tavsiflandi va ilmiy muomalaga kiritildi.

O'zR FA Davlat adabiyot muzeyi fondida saqlanayotgan eng qadimiy, noyob qo'lyozma “Rashahot” asarining avtograf nusxasini topishimiz esa, shubhasiz, eng katta ilmiy ahamiyatga molik voqea bo'ldi. endi biz “Rashahot” asari matnini va umuman undagi ma'lumotlar bilan keyingi davrlarda kitobat qilingan asar nusxalarini mazkur avtograf nusxa asosida tekshirib chiqish imkoniyatiga egamiz.

Ayni paytda “Rashahot aynu-l-hayot” asarining Toshkent va xorij qo'lyozma fondlaridagi nusxalarining matniy tadqiqi ustida ish olib borilmoqda. Bundan ko'zlangan maqsad 135 ta qo'lyozma, 7 ta toshbosma nusxalarining arab, o'zbek va usmoniy-turk tillaridagi tarjimalarini qiyosiy-tekstologik tadqiq etish, tasavvuf manbasi sifatida mumtoz adabiyotimiz tarixida tutgan o'rnini yoritib berishdan iborat.

Amalga oshirilayotgan yangi tadqiqotda asarining matni, ya'ni uning Xojagon adabiyotida (Xojagon manbalari) tutgan o'rni o'rganilmoqda. Tadqiqot ilmiy jamoatchilikni Xojagon tasavvuf tariqati bilan tanishtirishga, irfoniy adabiyot manbalarining mohiyatini kengroq va chuqurroq tushuntirishga imkon beradi.

***

Arab tilidagi manbalar asosida

Tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori Zuhriddin ALIMOV:

Markaziy Osiyo hududini Sharq renessansining yirik markazlaridan biri sifatida o'rganish dunyo tarixshunosligining keyingi yillardagi muhim ilmiy yo'nalishlaridan biri ekanligini ko'rsatmoqda.

Toshkent vohasi haqida ma'lumotlarni o'zida jam etgan IX-XIII asrlarda yaratilgan arab tilidagi tarixiy, geografik asarlarni tadqiq etish mobaynida o'sha vaqtlardagi aholi yashash joylari, gidronimlar va toponimlarning tasnifi ishlab chiqildi. Yozma manbalarda tilga olingan Xarashkat, Daxkat, Arbilax, Jabg'ukat, Kabarna, Kadok, Farankat kabi o'rta asr toponimlari konkret arxeologik ob'ektlar bilan muvofiq ekani isbotlab berildi. O'rta asr Toshkent vohasining shahar va manzilgohlarini Buyuk ipak yo'li bo'ylab joylashuvi va ularning tarixiy geografiyasi bo'yicha SHosh, Iloq, CHirchiq, Binkat va Tunkat singari joy nomlarining yangi tavsiflari ishlab chiqildi. SHuningdek, “Kitab g'arayib al-funun va mulax al-uyun” hamda “Mo''jam ash-shuyux” qo'lyozma asarlariga asoslanib Toshkent tarixiy geografiyasining diaxron tavsifi ochib berildi.

Tadqiqot natijasida Toshkent vohasi haqidagi ma'lumotlarni jamlagan IX-XIII asrlarda yaratilgan arab tilidagi tarixiy, geografik asarlar aniqlandi. SHu kunga qadar noma'lum bo'lgan “Kitab g'arayib al-funun va mulax al-uyun” hamda as-Sam'oniyning “Mo''jam ash-shuyux” asarlarining qo'lyozma manbalari bilan keng jamoatchilik tanishtirildi. 16 ta qo'lyozma asarlardagi ma'lumotlar bir-biriga mansubligi yoki o'ziga xosligi aniqlanib, Toshkent vohasining shahar va manzilgohlarini Buyuk ipak yo'li bo'ylab tarixiy geografiyasini kompleks tadqiq etishga muvaffaq bo'lindi.

IX-XIII asrga mansub arab tilidagi qo'lyozmalar orqali bizga etib kelgan Toshkent vohasi tarixiy geografiyasiga oid ma'lumotlar tahlili ularning ilmiy tasnifini yaratish va dastlabki yaxlit manbashunoslik tahlilini amalga oshirish va bu sohada tadqiqotlar istiqbolini belgilash imkonini berdi. Arab geograflarining qo'lyozma asarlaridagi ma'lumotlar bilan solishtirgan holda Toshkent vohasi tarixiy geografiyasining yaxlit manzarasi shakllantirildi.

***

Termiziy allomalar ilmiy merosi

TDSHU doktoranti Nodir KARIMOV:

Xalqimiz dunyo tamaddunida muhim rol` o'ynagan ajdodlarini taniyapti. Masalan, so'nggi yillarda 100 ga yaqini ma'lum bo'lgan termizlik allomalar soni bugun 200 dan ortiq ekan. eng so'nggi tadqiqotlarga ko'ra, nasafiylar soni ham ulardan kam emasligi ayon bo'ldi. Ularning bebaho ilmiy merosi o'z davrida ham bugun ham tengsiz ahamiyatga egaligi e'tirof etildi. Ammo, tan olish kerakki, ularning asarlarini o'rganadigan, sodda va tushunarli tilda xalqimiz va dunyoga etkazib bera oladigan yosh manbashunos-sharqshunoslarga bo'lgan ehtiyoj hamon katta.

Men ayni paytda “XX asrning ikkinchi yarmi ––   XXI asr boshlarida Hakim Termiziy va Abu Iso Termiziy ilmiy merosining xorijda o'rganilishi mavzusida ilmiy izlanishlar olib bormoqdaman. Izlanishlar davomida mamlakatimizda hamda xorijiy davlatlarning kutubxonalari va qo'lyozma fondlarida saqlanayotgan termiziy allomalar asarlarining nusxalarini, ular haqidagi kitoblarni to'plash va mazmun-mohiyatini o'rganishda salmoqli natijalarga erishdik. Xususan, 500 dan ortiq aynan Abu Iso Termiziy va Hakim Termiziy asarlarini o'rganishga oid xorijiy ilmiy tadqiqotlar bilan tanishib chiqdik. Gollandiyaning mashhur Leyden universitetida allomalar asarlarining qo'lyozma nusxalarini topishga muvaffaq bo'ldik. Tadqiqotlar natijasi aks etgan “Al-Hakim at-Termiziy davri va ilmiy merosi xorij tadqiqotlarida” va “Abu Iso at-Termiziyning hadis ilmi rivojiga qo'shgan hissasi” nomli monografiyalar ilmiy jamoatchilikka taqdim qilindi.

Mazkur tadqiqot natijasida xorij adabiyotlari asosida Hakim Termiziy va Abu Iso Termiziy yashagan davrda vujudga kelgan “islom renessansi”ga sabab bo'lgan diniy, siyosiy, madaniy, lingvistik omillar aniqlanib, mazkur jarayonda movarounnahrlik olimlarning roli va ahamiyati ochib berilgan. SHuningdek, IX-XII asrlardagi Movarounnahr diniy qiyofasining asosi hisoblangan hanafiylik mazhabi, hadisshunoslik guruhi, moturudiylik ta'limoti mavzulariga doir xorij adabiyotlari mohiyati tarixshunoslik rakursida yoritilgan.

Dunyo olimlari va tadqiqotchilari Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Hakim Termiziy asarlariga ko'proq murojaat qilganligi aniqlanib, ularning asarlari dunyo tadqiqotchilari tomonidan yuksak qadrlanishi ilmiy asoslab berilgan, olimlarning jamiyat hayotiga ta'siri ilk marotaba tarixshunoslik jihatidan baholangannini ko'rish mumkin.

“Hakimiya” maktabini tadqiq etishga yo'naltirilgan xorij adabiyotlari tahlil qilinib, mazkur maktabning keyingi tasavvuf guruhlariga ham ta'sir etganligi ochib berilgan.

Prezidentimiz to'g'ri e'tirof etganidek, “bizning qonimizda”, zamonaviy til bilan aytganda “genimizda bor”. Ajdodlar merosiga faqatgina tarixiy yodgorlik sifatida qarab emas, ularni amaliy hayotimizga tatbiq etishimiz kerak. Vaholanki, bunday noyob meros kamdan-kam xalqlarga nasib etgan.

***

Tarbiya va ma'naviy kamolot

Filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori Malohat PO'LATOVA:

Alisher Navoiy ilmiy-adabiy merosini o'rganishda uning muhim tarbiyaviy ahamiyatga ega bo'lgan – “Arba'in”, “Siroj ul-muslimin”, “Munojaat” kabi irfoniy asarlari ayni paytga qadar matnshunoslik va adabiy manbashunoslik nuqtai nazaridan to'liq o'rganilmagan edi. Bizning “SHarq mumtoz adabiyotida “Arba'in” yozish an'analari (Jomiy, Navoiy, Fuzuliy asarlari misolida)” mavzusidagi tadqiqotimiz navbatdagi izlanishlardan biridir.

Dastlab arab tilida turli ma'nolarda ishlatilgan “arba'in” istilohi o'z tarixiy etimologik taraqqiyotida VIII-XII asrlar davomida sof diniy adabiyotdagi bir janr ma'nosida kelgan bo'lib, keyingi rivojlanish jarayonida uning mavzular doirasi falsafiy-tasavvufiy va adabiy yo'nalishlar sari kengayib, XV-XVI asrlarda Jomiy, Navoiy va Fuzuliy ijodida mustaqil adabiy-badiiy janr sifatida namoyon bo'lgan.

Jomiy, Navoiy va Fuzuliy ijodiga mansub “Arba'in” – “CHihil hadis” asarlari matnshunoslik va adabiy manbashunoslik yo'nalishida tadqiq etildi. “Arba'in” asari axloqiy-tarbiyaviy mazmundagi 40 ta hadis sharhiga bag'ishlangan bo'lib, har bir hadisning ma'no-mohiyati o'quvchiga oson tushunilishi va uning ongiga engil singishi maqsadida she'riy tarzda talqin qilingan. Tadqiqot ishida “Arba'in”ning milliy ma'naviyatimiz va adabiyotimiz takomilidagi o'rni va yosh avlodni tarbiyalashdagi muhim ahamiyati ko'rsatib berilgan.

Mazkur tadqiqot Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti manbashuoslik bo'yicha ilmiy ishlari rejasi asosida bajarilgan bo'lib, unga institut fondida saqlanayotgan 80 ga yaqin “Arba'in” asarlarining qo'lyozmalari jalb etilgan. SHu bilan birga arab, fors va o'zbek tillarida yozilgan arba'inlarning 38 ta qo'lyozma nusxalari ham to'liq tavsiflangan.

“Arba'in”lar ham mumtoz, ham zamonaviy adabiyotda an'anaviy janr ekanligi, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy “Arba'in”lari sirasidagi irfoniy asarlarning janr xususiyatlarini aniqlash, shu kabi asarlarning qo'lyozma nusxalarining matniy tahlili, qiyoslash bo'yicha amalga oshirilgan tadqiqotlarda umumlashmalar, nazariy xulosalar ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi. Undan chiqarilgan ilmiy xulosalar va nazariy umumlashmalardan oliy ta'lim tizimi uchun “O'zbek mumtoz adabiyoti tarixi”, “Adabiyotshunoslik” hamda “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” fanlari bo'yicha darslik, o'quv qo'llanmalar tuzishda, shuningdek, oliy o'quv yurti talabalari hamda maktab o'quvchilari uchun Jomiy, Navoiy, Fuzuliy “Arba'in” asarlari badiiyati bo'yicha o'quv-uslubiy qo'llanma, ma'ruzalar tayyorlashda foydalanish mumkin.

***

Movarounnahr shoirlari haqida yangi ma'lumotlar

Filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori Hulkar SULAYMONOVA:

Movarounnahr tarixida somoniylar hukmronligi davri (875-999 yillar) ilmiy, madaniy va adabiy hayotda rivojlanish, taraqqiyot davri sifatida o'chmas iz qoldirgan. Ayniqsa, Buxoro o'z davrining olim, shoir va adiblari to'plangan buyuk ilm maskani sharafiga erishdi. Ayni shu davrda ilm ahli ikki tilda arab hamda fors-tojik tillarida ijod qilishi kuzatilgan.

Bunda ilmiy risolalar yozishda, asosan, arab tili, badiiy adabiyot uchun esa fors-tojik tillaridan foydalanish an'anaga aylangan. Buni X-XI asrlarda Movarounnahrda yashab, arab tilida ijod qilgan shoirlar misolida yaqqol ko'rishimiz mumkin. Bu boradagi tarixiy ma'lumotlarni bizga Abu Mansur Saolibiy (961-1038)ning bir necha adabiy tazkiralari ochib beradi.

Saolibiy o'sha davr musulmon sharqining ko'plab o'lkalariga turli maqsadlarda safar qilgan. Uning dunyoga mashhur “Yatimatu-d-dahr” tazkirasining to'rtinchi qismi aynan Movarounnahr va Xurosonda yashab ijod etgan 124 nafar shoirlar va adiblar ijodiga bag'ishlangan. Olimning yana ko'plab asarlarida X asr va XI asrning birinchi yarmida faoliyat olib borgan movarounnahrlik adiblarimiz haqida qimmatli ma'lumotlar berilgan. SHunday asarlardan biri “Kanzu-l-kuttab” (“Yozuvchilar xazinasi”) tazkirasi bo'lib, Saolibiy unda shoshlik, buxorolik va xorazmlik o'nga yaqin ijodkorlar asarlaridan namunalarni taqdim etgan.

Abu Mansur Saolibiy hayoti va uning ilmiy merosini o'rganish davomida adibning mashhur vatandoshimiz Abu Bakr Xorazmiy bilan bo'lgan munosabatlari alohida diqqatimizni tortdi. Saolibiy ustozi Abu Bakr Xorazmiyga bo'lgan yuksak ehtiromini o'zining mashhur “Yatimatu-d-dahr” tazkirasida bayon etib, unga “zamonasining eng donosi, katta ilm va fazl hamda idrok sohibi” deya ta'rif beradi.

Arab tilidagi manbalarni o'rganish asosida Saolibiy vatandoshimiz Abu Bakr Xorazmiy bilan shaxsan tanish bo'libgina qolmasdan, balki ular o'rtasida o'zaro ustoz-shogird munosabati ham mavjud bo'lgan. Bu ikki allomaning qalin do'stligi va ustoz shogirdlik munosabatlari haqida o'rta asrlar arab adabiyoti tadqiqotchilarining aksariyati ta'kidlab o'tganlar.

Abu Mansur Saolibiyning qo'lyozma asarlari toshkentlik shoirlar Abu Muhammad Matroniy, Ismoil SHoshiy Amiriy va buxorolik Abulhasan Lahhom Harroniy haqida ma'lumot beruvchi hozircha yagona manbalardir.

***

Aruzshunoslar bilan tillashib...

Filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori Dildora XUDJANOVA:

Sharq adabiyotining aruz ilmiga oid qo'lyozma manbalarini adabiy manbashunoslik va matnshunoslik nuqtai nazaridan o'rganish sharqshunoslikning ustuvor vazifalaridan biri sanaladi. Aruzshunoslik ilmining shakllanishida xizmatlari beqiyos bo'lgan movarounnahrlik olimlarning mo''tabar asarlariga bag'ishlangan qator tadqiqotlar amalga oshirilgan. Biroq hali ilmiy muomalaga kiritilmagan, o'rta asrlarda yozilgan aruz ilmiga oid qo'lyozma asarlar mavjud bo'lib, ularni har tomonlama o'rganish davr talabidir. Ilmiy jamoatchilik e'tiboriga havola qilingan “XII asrda Movarounnahrda yaratilgan aruz ilmiga oid manbalar (Mahmud Zamaxshariy va Abu Hafs Nasafiy asarlari asosida)” mavzusidagi tadqiqotda aynan buyuk vatandoshlarimizning hali o'rganilmagan aruzga oid qo'lyozma asarlari o'rganilgan.

Aruz o'z davrida Ispaniyadan Xitoygacha, Hindistondan Volga bo'yigacha hudud shoirlari ijodini zabt etgan hamda XX asr boshigacha barcha musulmon o'lkalarning madrasalarida diniy va adabiy ilmlar bilan bir qatorda o'qitilgan. Biroq hozirgi kunga kelib, aruz ilmini bilish darajasi biroz susaydi. Shu nuqtai nazardan Mahmud Zamaxshariy va Abu Hafs Nasafiylarning aruz ilmiga bag'ishlangan risolalarini matnshunoslik va adabiy manbashunoslik nuqtai nazaridan tadqiq etish, ilmiy istifodaga olib kirish, aruzshunoslik ilmi rivojiga qo'shgan hissalarini aniqlash hamda o'zbek aruzshunosligi tarixini o'rganishdagi ahamiyatga molik.

Tadqiqotning ilmiy yangiligi shundaki, hozirga qadar o'rganilmagan Abu Hafs Nasafiyning “Muxtasar al-Aruz” risolasi ilk bor tadqiq etilib, ilmiy muomalaga kiritilgan. SHuningdek, Mahmud Zamaxshariyning “Al-qisṭās al-mustaqīm fī ʿilm al-ʿarūḍ” asari esa birinchi bor kompleks o'rganilgan. Tadqiqot doirasida “Al-qisṭās”ning dunyo qo'lyozma fondlarida saqlanayotgan 19 ta qo'lyozma nusxalari aniqlandi va ularning 12 tasi tekstologik tadqiq qilindi.

“Al-qisṭās” asari qo'lyozmalarini qiyosiy tekstologik o'rganish jarayonida asarning eng noyob va to'liq nusxasi Turkiyadagi Ko'nya kutubxonasining “Burdur” fondida saqlanishi aniqlandi. SHuningdek, uning Berlindagi Tubingen davlat kutubxonasi fondida saqlanayotgan nusxa boshqa qo'lyozmalardan tubdan farq qilishi, ko'lyozmaning ikkinchi qismi movarounnahrlik olim Sadrushsharia Buxoriyning “Xamsa abyāt bi ‘adadi davāir al-‘arūd” asaridan ko'chirilganligi hamda uchinchi qismi arab olimi Abujaysh Andalusiyning “Al-Risāla-Andalusīya” (“Andalusiy risolasi”) asariga tegishli ekani isbotlandi.

* * *

Hozirda universitetda “Mumtoz filologiya va adabiy manbashunoslik”, “Manbashunoslik va tasavvuf germenevtikasi” kafedralarida aynan qadimgi yozma manbalarni o'rganish bo'yicha tizimli tadqiqotlar olib borilmoqda. Birgina so'nggi olti oy mobaynida aynan adabiy va tarixiy manbashunoslik, matnshunoslik ixtisosliklari bo'yicha 4 nafar tadqiqotchi PhD doktorlik dissertatsiyalarini muvafaqqiyatli himoya qilgani va yana 2 ta dissertatsiya himoyaga olib chiqilgani ham universitetda manbashunoslikning yangi ilmiy maktabi yaratilayotganidan dalolat beradi. Himoya qilingan ishlarning barchasi IX-XV asrlarda yaratilgan, biroq hali qo'l urilmagan asl manbalar bo'yicha olib borilgan tadqiqotlar.

Ular orqali dunyoning mashhur qo'lyozma fondlaridagi bir necha muhim manbalar birinchi marta ilmiy iste'fodaga olib kirildi. Mazkur tadqiqotlar natijalariga ko'ra, nomi ilm ahliga ma'lum bo'lmagan bir necha adiblar va ularning ilmiy merosi haqidagi dastlabki ma'lumotlar taqdim etildi, hali o'rganilmagan asarlar topilib, adabiyotshunoslik, matnshunoslik va manbashunoslik nuqtai nazaridan tadqiq etildi.

“Yangi O'zbekiston” muxbiri

Nodir MAHMUDOV yozib oldi