Qonunlarda yoshlarning fikri

    Mamlakat huquqiy tizimida yoshlarning oʻz oʻrniga ega boʻlishi va ular tomonidan olib chiqlayotgan tashabbuslarning amalda qoʻllab-quvvatlanishi, davlat islohotlarining imidji va sifatiga yangi ruh olib kirilishiga asos boʻladi.

    Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining yarim yillik faoliyati va xalqaro maydondagi sohaga oid mavjud vaziyatlarning tahliliga toʻxtalib oʻtamiz.

    Oʻzbekiston Respublikasida Yoshlar parlamentlari Oliy Majlisning har ikki palatalari huzurida ham tashkil etilishi ortidan bugun yoshlar jamoasi qonun ijodkorligi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Yoshlarga xos boʻlgan tajribasizlik, ayrim holatlarda ustozlarning bilim va koʻnikmalariga ehtiyoj sezish kabi holatlar Yoshlar parlamenti aʼzolarining jamoatchilik faoliyatini olib borishida toʻsiq emas, aksincha katta hayot maktabi sifatida xizmat qilmoqda.

    Prezidentimiz tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yoʻllagan Murojaatnomasida 2021-yilda amalga oshirishga oid ishlar va jamoatchilik vakillari, ayniqsa yoshlarning ishtirokini siyosiy jarayonlarda kengaytirish vazifalarining qoʻyilayotganligi muhim va quvonarli. Davlat rahbari 2020-yil soʻngida Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari va 2021-yil Buxoro, Fargʻona, Namangan kabi viloyatlariga borib, u yerdagi yoshlar bilan uchrashganliklari ham bugun har qanday rahbar xodimlarning yoshlar qiziqishlari bilan hisoblashishlari va ularga munosib sharoitlar yaratish kabi vazifalarni diqqat markazidan tushirmasliklari lozimligini isbotlab turibdi.

    Soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan yangi islohotlar va tahliliy-tanqidiy yondashuvlar natijasida muammolar mavjudligini va ularni tan olgan holda zamonaviy yechimlar topish davr talabiga aylandi. Ayniqsa aholi, xususan, yoshlar orasida ishsizlik masalasini hal etishga doir muammoga yechim topishda zamonaviy yondashuvlar talab etilmoqda. Shu maqsadda, yoshlarning bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan joriy yilda 500 ming nafar yoshni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish vazifasi qoʻyildi. “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida oʻgʻil-qizlarni tadbirkorlarga biriktirib, ularda biznes koʻnikmalarini shakllantirish, imtiyozli kreditlar ajratib, oʻz faoliyatini boshlashga koʻmaklashish zarurligiga eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekistonda 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar soni 18 milliondan ziyod. Bu – aholining qariyb 55 foizi degani. Bugungi kunda 18-30 yoshlilar orasida rasmiy ishsizlik 17 foiz ekani qayd etilgan.

    2020-yilning 25-dekabr sanasida Prezident yoshlar bilan qilgan ochiq muloqotida koʻp masalalar aynan yoshlar fikrlari bilan mamlakat rahbariga yetkazilganligini demokratik islohotlarning koʻrinishlaridan biri deb, baholash mumkin. 2021-yilning 3-fevral sanasida “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 6155-sonli PF qabul qilindi. Dastlab 276 banddan iborat loyiha 18-yanvardan boshlab xalq muhokamasiga qoʻyilishi ortidan yakunda 274 bandga tushirilib, optimal koʻrinishga olib kelindi.

    Bugunga qadar Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari tomonidan 10 ga yaqin mahalliy qonun hujjatlari loyihasiga, 1 ta xalqaro Konvensiya va 1 ta Davlat dasturi loyihalariga takliflar yuborildi. 10 dan ortiq mavzularda davra suhbatlari, forum, konferensiyalar oʻtkazildi. Ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifalarimizga kelayotgan murojaatlar soni mingdan oshdi. Qiziq tomoni, yoshlar tomonidan yuborilayotgan har qanday takliflar Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan oʻrganilib, muhokamalarga qoʻyilmoqda.

    Yuqorida aytilganidek, 2021-yil uchun Yoshlar parlamenti aʼzolari ham hududlarda amalga oshirishga oid ishlardan kelib chiqib, oʻz dasturini qabul qildi. Dasturga takliflar esa 1 yarim oy davomida aʼzolar, yoshlar va mutasaddi tashkilotlardan olinib, birgalikda qilinishi kerak boʻlgan ishlar belgilab olindi. Jumladan, yanvar va fevral oylari davomida Oʻzbekistonning favqulotta va muhtor elchilari bilan Toshkent shahrida boʻlgan yigʻinda Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirok etib, ularni aniq maqsadlar yoʻlida hamkorlikka chorlash boʻyicha takliflar berildi, shuningdek, “Terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishda yoshlarning oʻrni” mavzusidagi xalqaro konferensiya, Mudofaa vazirligi tizimidagi ofitserlarning oʻquv-seminarlarida aʼzolar oʻz taklif va maʼruzalari bilan ishtirok etdi. Qolaversa, jamiyatdagi muammolarga yechim topish va ularni yangi mexanizmlar asosida hal etish maqsadida Yoshlar parlamenti Kengashi, Komissiya va aʼzolaridan iborat tarkib joylarda tengdoshlarimizning takliflarini “mahallabay” oʻrganmoqda. Bu uchun birinchi hudud sifatida Jizzax viloyati tanlab olingan boʻlib, 20-fevral sanasida viloyatning chekka hududlariga borib, xususan, Sharof Rashidov, Doʻstlik, Zafarobod tumanlaridagi real holatni oʻrganish, soʻrovnoalar oʻtkazish, tahliliy materiallar asosida takliflar tayyorlash vazifasi ustida ishlandi va bu boshqa viloyatlar kesimida ham amalga oshirish rejaga kiritilgan. Shuningdek 2021-yilning yanvar oyida Saylov qonunchiligiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilayotganligi sababli aʼzolar tomonidan 10 ga yaqin taklif va 80 dan ortiq tahliliy munosabat toʻgʻridan-toʻgʻri Qonunchilik palatasining tegishli qoʻmitasiga yuborildi.

    2020-yil Oʻzbekiston BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo sifatida qabul qilinib, 2021-yil 22-fevral sanasida uning 46-sessiyasida Davlat rahbari nutq soʻzladi. Bu nutqda ham yoshlar va ayollar masalasi muhim vazifa sifatida qaralib, ularning huquqlari yuqori boʻgʻindan qaraldi. Maʼlumot oʻrnida: BMT Yangiliklar markazi maʼlumotiga koʻra, 15 davlat 2021-yil 1-yanvardan boshlab uch yillik muddatga BMT Inson huquqlari boʻyicha Kengashi aʼzoligiga saylangan. Ular — Boliviya, Xitoy, Kot-dʻIvuar, Gabon, Kuba, Fransiya, Malavi, Meksika, Nepal, Pokiston, Rossiya, Senegal, Ukraina, Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya. BMT Bosh assambleyasi organi hisoblangan Inson huquqlari boʻyicha kengashga 47 ta davlat aʼzo hisoblanadi va Kengash aʼzolari uch yillik muddatga yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi. Oʻzbekiston inson huquqlari boʻyicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, shu qatorda, BMTning 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta fakultativ protokoliga qoʻshilgan. 46-sessiyada ham bir qancha vazifalar, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Yoshlar huquqlari boʻyicha butunjahon konferensiyasini oʻtkazish, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining oʻninchi forumida Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya loyihasini taqdim etish, shuningdek, Yoshlar huquqlari boʻyicha maxsus maʼruzachi institutini taʼsis etish masalasini kiritishga tayyorgarlik koʻrilayotganligi xususida aytib oʻtildi. Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya loyihasi ustida Yoshlar parlamenti aʼzolari ham ish olib borayotganligi bizga berilgan masʼuliyatli vazifalardan.

    Yoshlar parlamentlarining xalqaro maydonlardagi faoliyatiga ham toʻxtalib oʻtsak. Bugun ayrim davlatlarda yoshlarning siyosiy jarayonlarda ishtirokini roʻyobga chiqaradigan asosiy tuzilma – Yoshlar parlamentlarini koʻradigan boʻlsak, masalan, 2001-yildan oʻz faoliyatini boshlagan Buyuk Britaniya Yoshlar parlamenti. Ular jamoatchilik asosidagi faoliyatga asoslangan boʻlib, Shimoliy Irlandiya, Uels va Shotlandiya yoshlarini ham oʻz ichiga olgan.

    Zamonaviy Germaniyada esa Yoshlar parlamenti yilda bir marotaba – noyabr oyida saylab olinadi va mamlakatdagi turli tashkilotlar orasidan 2 nafardan iborat delegatlardan shakllantirilib, umumiy 70 tani tashkil etadi. Saylab olingan delegatlar 4 ta asosiy guruhda ish yurita boshlashadi:

    • yoshlarga oid strategik siyosat;
    • atrof muhitga oid muammolar;
    • taʼlim sohasidagi muammolar;
    • yoshlar orasidagi ichki muammolar (masalan, yoshlar orasida zararli ichimliklarning tarqalishini oldini olish va ularni sogʻlom turmush tarziga jalb etish).

    Polshada esa Yoshlar parlamentini shakllanishi Germaniyadan biroz farqlanadi. Bu davlatda faol talabalar orasidan ushbu tuzilma shakllantirilib, uning majlislari Varshava shahrida boʻlib oʻtadi. Umumiy soni 400 nafardan iborat boʻlib, bularnig 17 nafari Yoshlar parlamenti prezidiumini tashkil etadi. Yoshlar parlamenti Polshada Taʼlim vazirligi qoshida oʻz faoliyatini olib boradi.

    Xulosa sifatida aytsak, bugun yoshlar siyosati zamonaviy makonda yangi koʻrinishga kirib bormoqda. Quvonarlisi, bugungi yangi Oʻzbekiston nafaqat oʻz yoshlarini, balki jahon yoshlarining huquqlarini ham faol targʻibotchisi, tashabbuskori sifatida maydonga chiqmoqda. Bunga javoban Yoshlar parlamenti aʼzolari ham yoshlarga oid siyosatning olib borilishida yangicha takliflari va jamoatchilik nazoratlari bilan ishtirok etishlari tizimning sifat jihatidan yuqorilashiga sabab boʻlishi, shubhasiz.

    Jamshid BOBOYEV,

    Qonunchilik palatasi huzuridagi

    Yoshlar parlamenti raisi