Konferensiya Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY, Oʻzbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, Madaniyat va turizm vazirliklari, Fargʻona viloyati va Qoʻqon shahar hokimliklari hamda turkiy davlatlarning qator nufuzli oliy taʼlim muassasalari hamkorligida tashkil etildi.
Unda yurtimiz va turkiy davlatlarning boburshunos olimlari, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti vakillari, vazirlik va idoralar masʼullari, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari hamda ilmiy jamoatchilik ishtirok etdi.
— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining dunyo tarixida oʻchmas iz qoldirgan betakror siymo, buyuk shoir, qomusiy olim Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540-yilligini keng nishonlash borasidagi tashabbuslari asosida olib borilayotgan ishlarni kuzatib, faxrlanayapmiz, — dedi TURKSOY bosh kotibining oʻrinbosari Bilal Chakiji. — Bobur hayoti va ijodiga doir noyob qoʻlyozmalar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularni Oʻzbekistonga olib kelish hamda tadqiq qilish borasidagi ishlar tahsinga loyiq. Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston buyuk ajdodlar merosiga sohib chiqib, turk dunyosiga namuna boʻlmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi».
Shuningdek, konferensiya ishtirokchilari Zahiriddin Muhammad Boburning jahon xalqlari madaniyati xazinasidan munosib oʻrin olgan ilmiy-adabiy merosini yanada keng tadbiq va tahlil etish, Turkiy dunyo olimlari hamda Boburshunoslarining qimmatli maʼlumotlari esa ajdodlarimiz tarixini yanada keng tarannum etish va yoshlarimizning bilimlari yuksalishiga katta hissa qoʻshishini eʼtirof etdilar.
Anjuman doirasida sahnalashtirilgan konsert dasturlari namoyish etildi. Turkiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlarda Qoʻqon shahrining tarixiy obidalariga uyushtirilgan sayohat, ayniqsa katta taassurot qoldirdi.