Qorako'ldagi mashhur maktabning murabbiysi

    “O'zbekiston xalq o'qituvchisi”, “Qorako'lcha o'qitish” metodikasi asoschisi, “el-yurt hurmati” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari sohibi To'xtamurod Jumaev ta'lim sohasida quyosh yanglig' nur taratgan, ma'rifat ziyosi bilan yoshlar shuurini munavvar etib, muallimlik maqomining yuksak darajasiga sazovor bo'lgan ustoz-murabbiydir.

    Ustozlar maʼrifat bogʻining chin bogʻbonlari, hayot boʻstonida ziyo taratib turgan yoʻlchi yulduzlardir. Ular tufayli kelajak avlodning maʼnaviy-maʼrifiy olami yuksaladi. Ongu-tafakkuri teranlashib, ilm-fan choʻqqilari sari odimlaydi, jamiyatda oʻz oʻrni va oʻz soʻziga ega yetuk insonlar boʻlib kamolga yetadi. “Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi”, “Qorakoʻlcha oʻqitish” metodikasi asoschisi, “El-yurt hurmati” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari sohibi Toʻxtamurod Jumayev taʼlim sohasida quyosh yangligʻ nur taratgan, maʼrifat ziyosi bilan yoshlar shuurini munavvar etib, muallimlik maqomining yuksak darajasiga sazovor boʻlgan ustoz-murabbiydir.

    Buxoroning chekka hududi hisoblanmish Olot tumanida istiqomat qiluvchi Toʻxtamurod Jumayevning xonadoniga tashrifimiz davomida Prezidentimizning “Toʻxtamurod domla ham, jadid bobolarimiz kabi, tinimsiz va fidokorona mehnat qilib, hozirgi davrning yangi usul maktabini yaratishga erishdi. Mana, bugungi kunimizning haqiqiy maʼrifatparvari, davrimizning Avloniysi, Behbudiy domlasi, Munavvarqorisi!”, degan purmaʼno taʼrifining magʻzini domla bilan uchrashganimizdan soʻng yana-da teranroq anglaganday boʻldik.

    Eʼtibordan behad minnatdormiz!

    Domla asos solgan maktabning sobiq oʻquvchisi, Qorakoʻl tumani hokimining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi Rabbonqul Muxtorov va yana bir fotosuratchi hamrohligida qiya ochiq darvozadan ichkari kirib borar ekanmiz, hech bir hashamsiz, oddiy, lekin juda shinam va orasta xonadonda oʻzgacha bir fayzni, nur taralayotganday yoqimli haroratni his qildik. Toʻxtamurod Jumayevning rafiqasi Zumrad momo qadrdonlarini kutib olayotganday bizni ochiq chehra va samimiy tabassum bilan qarshi oldi. “Sizlarni bezovta qilmadikmi? Charchatib qoʻymaymizmi, — degan xijolatomuz savolimizga: — Voy, bolam-yey, bezovtaligi bormi, qaytaga judayam xursandmiz” deya quyuq soʻrashib, zamonamiz qahramonining oldiga boshlab bordi.

    Yumshoq kursidan turib, bizlarga peshvoz yurgan domla bilan salomlashar ekanman, ularning mehrli nigohlarida iliq samimiyat uchqunlari porlaganday boʻldi. Bir piyola choy ustida boshlangan qizgʻin suhbatimiz allamahalgacha davom etdi...

    — Insonning baxtli hayot kechirishi uning oʻziga, hayotdagi maqsad va niyatlariga, eng asosiysi, halol mehnatiga bogʻliq, — deydi Zumrad momo. — Bizlar, bir-birimizni ilk bor chimildiqda koʻrganmiz. Oʻtgan yillar davomida oʻzaro hurmat, ishonch va mehr tuygʻulari cheksiz bir muhabbatga aylandiki, buni soʻz bilan ifoda etib bera olmayman. Uch qiz va ikki oʻgʻlimizni el-yurtga, jamiyatga foydasi tegadigan mehnatkash inson etib voyaga yetkazdik. Hayotning toʻsiqlariga, zarbalariga yengilmadik, nokaslar oldida bosh ham egmadik. Koʻp sinaldik, qiynaldik lekin hech qachon hayotimizdan nolimadik, oʻzligimizdan kechmadik. Boriga shukr, yoʻgʻiga sabr qilib yashayverdik... Bular tuni bilan uxlamay kitob titar, dars tayyorlar, nimalarnidir yozib-chizardi, men uy ishlari bilan kun boʻyi kuymanib, charchagan boʻlsam-da, uxlashni oʻzimga ep bilmay, besh bolamning kiyim-kechaklarini tikardim, yamardim, kunduz kunlari sigir sogʻib, sut-qatiq qilib, roʻzgʻorning kam-koʻstini toʻldirishga harakat qilardim. Qora tunlardan soʻng, yorugʻ va saodatli kunlarning kelishiga chin dildan ishonardim. Mana, farzandlarimiz ulgʻayib, belimizga mador, qadamlarimizga tirgak boʻldi. Oʻndan ziyod nevaralarimiz va chevaralarimiz esa umrimizning bezagi-yu, hayotimiz koʻrkiga aylandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning eʼtibori va gʻamxoʻrliklari bilan turmush oʻrtogʻimning mashaqqatli va sharafli mehnatlari oʻzining munosib bahosini oldi. Buning uchun u kishidan behad minnatdormiz. Ushbu kunlarning farogʻati, huzur-halovati uchun Allohimga beadad shukrlar boʻlsin!...

    Yillar sarhisbi

    Toʻxtamurod Jumayev 1945-yil 15-avgustda Buxoro viloyatining Olot tumanidagi Yuqori qorovul qishlogʻida, oddiy ishchi oilasida tugʻilib, voyaga yetdi. Oʻrta maktabni tugatganidan soʻng Buxoro davlat pedagogika institutining matematika fakultetida sirtdan tahsil olib, 1961-1990-yillarda maktabda kelajak avlodga matematika fanidan saboq berdi. 1999-yilda Oʻzbekiston matematika jamiyati aʼzoligiga qabul qilindi. Pedagogik faoliyati doirasida 100 dan ziyod ilmiy maqolalar chop ettirib, oʻnlab uslubiy qoʻllanmalar yaratdi.

    1990-2009-yillar davomida esa Qorakoʻl tumanidagi ixtisoslashtirilgan iqtidorli bolalar maktab-internatining direktori lavozimida faoliyat olib bordi. 2009-yildan 2016-yilgacha rahbar sifatida Buxoro davlat universitetiga qarashli 3-sonli akademik litsey hamda ixtisoslashgan maktabda taʼlim jarayonini mustahkam yoʻlga qoʻydi.

    Toʻxtamurod Jumayev hayotining 50 yildan ziyodini oʻquvchilarning taʼlim-tarbiyasiga, mukammal bilim olishiga sarfladi. Shuningdek, shogirdlari olgan bilimlari eʼtirofini xalqaro fan olimpiadalarida qoʻlga kiritilgan oltin, kumush va bronza medallari orqali his etdi, Oʻzbekiston shaʼnini yuksaklarga koʻtardi.

    1993-yildan to hozirgi kunga qadar ustoz-oʻqituvchi tashabbusi bilan ochilgan taʼlim muassasasining 69 nafar oʻquvchisi jahon va xalqaro fan olimpiadalarida bir qancha medallar shodasini qoʻlga kiritdi. Soʻnggi yillar davomida oʻquvchilar matematika, fizika, kimyo fanlaridan Respublika fan olimpiadalarida ishtirok etib, 5 nafari diplom sovrindori, xalqaro va jahon olimpiadasida esa 21 nafar oʻquvchi 1 ta oltin, 7 ta kumush, 13 ta bronza medallariga sazovor boʻldi. Oʻtgan 30 yil davomida oʻquvchilarning oliy taʼlim muassasasiga kirish reytingida pasayish holatlari aslo kuzatilmagan.

    Joriy yilda ham bitiruvchilarning 95 foizi, yaʼni 224 nafar oʻquvchidan 216 tasi talabalikka qabul qilindi. Oxirgi 4 yil davomida Jumayev asos solgan matematika maktabi oʻquvchilari ham xalqaro fan-olimpiadalarida yurtimizga 20 ta oltin, 9 ta kumush va 9 ta bronza medallarini taqdim etdi. 11 yillik taʼlim tizimi joriy qilingandan beri maktabning 100 foiz oʻquvchilari talabalik baxtiga musharraf boʻlmoqda.

    Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-avgustdagi qaroriga asosan, tumandagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatga “Xalqaro matematika maktabi” maqomi berildi. Qorakoʻlni dunyoga tanitgan taʼlim maskanlari shu tariqa tashkil etildi va dunyo miqyosida tanilib bormoqda. Moʻjazgina tumanning ikki taʼlim muassasasi ham mamlakatimizda, “Qorakoʻlcha oʻqitish metodologiyasi”ni yana-da yuksak darajaga olib chiqishga intilmoqda.

    Ortga qaytmang, men sizga ishonaman...

    Toʻxtamurod Jumayev 1975-1985-yillarda Litva, Latviya, Estoniya davlatlariga qilgan sayohati, taʼlim yoʻnalishida u yerdan olgan taassurotlari natijasida Oʻzbekistonda ham chuqurlashtirib oʻqitish tizimi, yangi va oʻziga xos taʼlim maskanini joriy qilishni koʻngliga niyat qilib tugadi.

    Turmush oʻrtogʻi bilan maslahatlashganidan soʻng esa istagi faol va qatʼiy harakatga aylanadi. Rafiqasining “Dadasi, siz eplaysiz va uddalaysiz, yuragingiz shunday maktabni ochishga undayotgan ekan, sira ham ortga chekinmang, sizga ishonaman va hamisha sizni qoʻllab-quvvatlayman”, degan xolis fikri va oddiygina mehrli ragʻbati iqtidorlilar maktabini yaratish xayolida yurgan muallimga, goʻyo uchishga qanot bagʻishlaganday oʻziga boʻlgan ishonchini yana-da mustahkamlaydi. “Oila — muqaddas qoʻrgʻon. Er va xotin esa yaratuvchi, yashnatuvchi, jamiyatga nafi tegadigan bogʻbonlardir”, degan dono aqidani Jumayevlar oilasi misolida koʻrish mumkin.

    Tinib-tinchimas, izlanuvchan domla maktab-internatni ochish uchun ilk tajribani oʻzi dars berayotgan sinfda matematika fanini oʻquvchilarga chuqurlashtirib oʻtishdan boshladi va koʻnglidagi ezgu-maqsadini roʻyobga chiqarish uchun yuqori tashkilotlarga koʻp bora xat-hujjat bilan yozma murojaat qildi. Ammo xatlari baʼzan javobsiz, baʼzida esa mujmal javoblar va turli bahonalar bilan rad etilaverdi...

    Shundan soʻng poytaxtdagi mutasaddi rahbarlar bilan yuzma-yuz uchrashish, iqtidorli oʻquvchilar uchun matematika maktabini ochishga ulardan ruxsat olish maqsadida koʻhna ­Buxoroning olis Qorakoʻl tumanidan poytaxtga bir-ikki oy davomida juda koʻp marta kelib-ketishga majbur boʻladi. Buning uchun “uzogʻimni yaqin qiladi”, deya er-xotin ne-ne orzu-umidlar bilan yillar davomida soʻmma-soʻm, tiyinma-tiyin yigʻib, jamlab qoʻygan mablagʻlariga olingan “Jiguli” mashinasini sotib yuboradilar.

    Koʻp oʻtmay farzandlarining rizqini butlab, roʻzgʻorni sut-qatiq bilan taʼminlab turgan sogʻin sigirini ham sotishga toʻgʻri keladi. Zumrad momo govmishining sotilishini istamasa-da, Toʻxtamurod domlaning ich-ichidan ezilib turgan, maʼyus koʻzlariga qarab: “pul qoʻlning kiri, joningiz sogʻ boʻlsa, bunaqa govmish sigirlardan koʻpini olamiz, asosiysi, niyat qilganingiz maktabingizni ochilishiga asqotsa, sotavering, axir maktab ochgan eng ulugʻ ish va savob, dadasi”, deya domlaning choʻkib turgan ruhiyatini koʻtarib, yana dalda beradi. Toshkentga qatnab, hujjatlarni badastir qilish, qaysidir bir dimogʻi baland amaldorning qabuliga kirish uchun navbatlar kutish, azim shaharda 3-4 kunlab qolib ketish, kundalik xarajatlar va eng asosiysi, maktab ochilishiga ruxsat olib, zarur hujjatlarni toʻgʻirlash uchun ham anchagina mablagʻ kerak edi-da!

    Nihoyat, tumandagi eski bir binodan foydalanishga va oʻsha joyda maktab-internat ochishga yuqoridagi rahbarlardan ruxsat olishga musharraf boʻladi. Bundan cheksiz quvonib, yelib-yugurib, yaqinlari va yoru-birodarlari yordamida ajratilgan joyni toʻliq taʼmirlaydi va 1990-yil 1-sentyabr kuni juda koʻp mashaqqat va toʻsiqlar evaziga boʻlsa-da yangi ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʻz faoliyatini boshlaydi.

    Biroq oldinda yana bir qancha muammolarga toʻla toʻsiqlar bisyor edi-ki, ularni yechish, xalq ishonchini qozonish, aholini qiziqtirgan savollariga toʻliq va joʻyali javob berish uchun sabrli boʻlish va ter toʻkib, astoydil mehnat qilish joiz edi. Axir, oʻsha vaqtlarda maktab-internatda, “yetim-yesir va muruvvatga zor oʻquvchilar oʻqiydi”, degan tushuncha odamlarning ongiga oʻrnashib qolganligi bois, hech qaysi ota-ona bolasini yangi ochilgan taʼlim muassasasida oʻqitishni istamas, “bolamni internatda oʻqitamanmi, oʻzim tirik boʻla turib-a”, degan kesatiq va iddaolar domlaga ochiq va oshkora aytilardi.

    Izlagan imkon topadi

    “Izlagan imkon topadi”, degan dono naql bejiz aytilmagan. Toʻxtamurod Jumayev va uning safdoshlari yangi ochilgan taʼlim goʻshasiga bolalarni jalb qilish uchun xonadonma-xonadon yurib, ota-onalarga maktab-internatning asosiy maqsadini kengroq tushuntirib, targʻibot va tashviqot ishlarini shiddat bilan boshlab yubordi.

    Shunday qilib, 1990-yil 1-sentyabrda oʻquv muassasasiga suhbat asosida 8-sinfga 20 nafar, 9-sinfga 40 nafar oʻquvchi qabul qilindi. 1993-yilga qadar qunt bilan oʻqitish, tinimsiz izlanish samarasida 40 nafar ilk qaldirgʻochlar hisoblanmish bitiruvchi yoshlarning 38 nafari yurtimizdagi oliy taʼlim dargohlariga qabul qilinib, talaba degan sharafli nomga musharraf boʻldi. Ana shundan soʻnggina, ota-onalarning mazkur maktab taʼlimiga boʻlgan ishonchi ortib, fikri ijobiy tomonga oʻzgaradi.

    Domlaning qanotiga kirib, uning yonida dast turgan shogirdlari Temir Roʻziyev, Gʻolib Jumaqulov ham yangi ochilgan taʼlim maskanining nufuzini oshirish uchun bor bilim va salohiyatini ishga solib, istiqbol umidi boʻlgan yoshlarni qunt bilan oʻqishga chorlashdan bir muddat boʻlsa ham toʻxtamaganlar.

    Yuksak eʼtirof

    Davlatimiz rahbari joriy yilning 30-sentyabr kuni Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida: “Bugun buyuk ajdodlarimizning bebaho merosiga tayanib, yangi Renessans poydevorini yaratish uchun bizda barcha imkoniyatlar mavjud, deyishga toʻla asoslarimiz bor. Hamma gap ana shu imkoniyatlardan qay darajada oqilona foydalana olishimizga bogʻliq. Bu fikrlarga bir misol keltirmoqchiman. Qorakoʻlda hammamizga mashhur bir maktab bor. Bu maktabni mashhur qilgan oddiy qishloqning fidoyi muallimi Toʻxtamurod Jumayevni ham barchamiz yaxshi bilamiz. Bu ajoyib pedagog oʻzining tinimsiz izlanishi, yangi pedagogik metodlari bilan oddiy qishloq maktabini respublika darajasida mashhur taʼlim dargohiga aylantirdi. Holbuki, maktab Buxoroning olis choʻl tumanida joylashgan boʻlib, zamonaviy sharoitga, qulay imkoniyatlarga ham ega emas. Bu maktab bitiruvchilarining 95 foizdan ortigʻi oliy taʼlim muassasalariga kiryapti. Mana shu maktabda Toʻxtamurod aka boshchiligida har bir oʻqituvchi shogirdlarini oʻz bolasiday koʻrgan, bu yerda chinakam ijodiy musobaqa muhiti shakllangan va bu ishlar bugun oʻzining munosib natijasini bermoqda”, deya Qorakoʻl maktabi asoschisi haqida aytgan soʻzlari tarix sahifalariga zarhal harflar bilan yozib qoʻyishga arzigulik darajadagi yuksak eʼtibor va yuksak eʼtirofdir!

    Aynan oʻsha kuni mohir pedagog Toʻxtamurod Jumayev taʼlim-tarbiya sohasida erishgan ulkan yutuqlari va ibratli faoliyati uchun Prezidentimiz farmoniga binoan davlatimizning yuksak mukofoti — “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanishi esa yurtimizda taʼlim tizimiga va soha vakillariga nisbatan koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik va oliy darajadagi eʼtiborning yorqin namunasi boʻldi.

    Talabchan va mohir oʻqituvchi asos solgan taʼlim maskanining dastlabki bitiruvchilarining aksariyati bugungi kunda jamiyatimizning turli jabhalarida yurtimiz taraqqiyoti va ravnaqi yoʻlida ustozlari kabi sidqidildan faoliyat olib bormoqda.

    Jumayev maktabining oʻrni beqiyos

    Umid RAHMONOV, Xalq taʼlimi vazirligi Fan olimpiadalari boʻyicha iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlash departamenti direktori:

    — Men 1997–2001-yillarda Toʻxtamurod Jumayev asos solgan maktabda tahsil olganman. Ustoz har bir darsni shaxsan nazoratga olar, eshik ortida turib, oʻqituvchilarning darslarini pinhona tinglar, dars yakuni boʻyicha oʻz xulosalarini aytar, yutuq va kamchiliklar ham ochiq va oshkora tahlil qilinardi. Oʻqituvchilar jamoasi ustozning har bir tanbehini toʻgʻri qabul qilar, tegishli xulosa chiqarardi.

    Muvaffaqiyatning yana bir asosiy sabablaridan biri, oʻqishga iqtidori bor oʻquvchilarning qabul qilinishi va qabulning shaffof hamda adolatli tarzda oʻtkazilishida edi. Ustoz imtihon jarayonlarida ota-onalarni sinflarga kuzatuvchi qilib taqsimlar va ularga oʻzi kirgan auditoriyada farzandi boʻlmaslik shartini qoʻyardi: “xohlang eʼtiborsiz boʻling, oʻquvchilar bir-biridan koʻchirsin, boshqa auditoriyada oʻtirgan sizning bolangizning maktabga kirish ehtimoli kamayadi yoki eʼtiborli boʻlib, jiddiy yondashing va adolatli qabulni taʼminlang, bu sizning tanlovingiz”. Shu tajriba ham uzoq yillar davomida oʻzini oqlagan.

    Shaxsan oʻzim oʻqish davomida 2000-yil Janubiy Koreyada matematika fani boʻyicha oʻtkazilgan Xalqaro olimpiadada bronza, 2001-yil AQSHda boʻlib oʻtgan Xalqaro fan olimpiadasida kumush medallarni qoʻlga kiritganman. Ustoz maktabga barcha oʻqituvchilardan oldin kelishga harakat qilardi. Maktabimizga ham oʻz kasbining fidoyilari va malakali pedagoglarni jamlashga erishgan.

    Biz hozir ham sinfdosh doʻstlarimiz bilan oʻqish davrini juda koʻp esga olamiz, doʻstlarimizning, har biri mazkur maktab bitiruvchisining, jamiyatda oʻz oʻrnini topishida “Jumayev maktabi”ning oʻrni beqiyos.

    Mirshod QOʻCHQOROV, Vaseda universiteti huquqshunoslik fakulteti falsafa doktori (PhD), Yamaguchi universiteti intellektual mulk markazi (IP Center) assistent-professori:

    — Bugun Qorakoʻl maktabi deganda, matematika fani boʻyicha oʻtkaziladigan xalqaro olimpiadalarda deyarli har yili medallar bilan qaytadigan iqtidorlar oʻqiydigan, aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan ulugʻ bir dargoh koʻpchilikning xayoliga kelishi hech kimga sir emas. Lekin ushbu oʻquv maskani 4 ta yoʻnalish boʻyicha oʻqitilib kelingani va ularning orasida ijtimoiy yoʻnalish ham borligini barcha ham bilavermasa kerak.

    Maktabga asosiy obroʻ olib keluvchi yoʻnalish matematika boʻlishiga qaramasdan, ustoz tomonidan barcha yoʻnalishlarga bir xil

    eʼtibor qaratilgan. Ular hamisha, “avval tarbiya, keyin taʼlim” deguvchi shiorni ham har birimizning ongimizga mustahkam singdirgan. Prezidentimizning ustozimizga koʻrsatgan yuksak eʼtibori, biz bitiruvchilarga ham juda katta ragʻbat boʻldi. Qayerda boʻlmaylik, ustozimiz bergan taʼlim-tarbiyaga amal qilgan holda yurtimiz dovrugʻini olamga tanitishga oʻz hissamizni qoʻshaveramiz.

    Zulfiddin KAMOLOV, “Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari, davlat byudjet tashkilotlari buxgalteriya hisobini yurituvchi va nazorat qiluvchi “OʻzASBO” dasturi asoschisi:

    — 1998-yil Qorakoʻl maktab-internatiga kirish baxtiga muyassar boʻldim. Ilk darslardan boshlab qalbimda bilim olish uchun shunday sof bir tuygʻularni uygʻotishdiki, bu yillar davomidagi taʼlim jarayonida ham meni aslo tark etmadi. Ustoz asos solgan qutlugʻ dargohda eng muhim narsa, mukammal bilim olish edi. Oʻquvchilar oʻziga toʻq, boy oiladanmi yoki oʻrtahol oiladanmi, buning umuman ahamiyati boʻlmagan. Hatto ota-onalarimizning qayerda va kim boʻlib ishlashi ham aslo soʻralmasdi. Maktabimizda sogʻlom raqobat muhiti shakllantirilgan edi. Jumayev domlamiz shaffof tartiblar oʻrnatgan edilar-ki, bu hammada bilim olish imkoniyati teng boʻlishini taʼminlagan. Oʻquvchilarni saralab olishlar koʻp joylarda tashkil qilingan, lekin Qorakoʻl litseyidagi saralashning qanchalar halol va shaffof boʻlganini biz oʻz sinfimizda “adashib” kirib qolganlar yoʻqligidan bilardik. Sinfda dars beruvchi oʻqituvchilar uchun hatto oʻtirish kursisi ham qoʻyilmagan. Bu ham faqat ustoz Jumayevgagina xos boʻlgan ajoyib va samarali usul.

    Aziz boshingiz omon boʻlsin!

    Darhaqiqat, inson oʻz bilimi, intilish va izlanishlari bilan saodatga erishsa, tinimsiz mehnati va uning sharofati bilan yuksaladi. Zero, ilm va mehnat ruhiyat ozigʻidir. Toʻxtamurod

    Jumayevning qutlugʻ xonadonidan qaytar ekanmiz, oʻz nihollarining baquvvat daraxtga aylanishiga beqiyos va benihoya hissa qoʻshgan ustozning zamonamizning ulugʻ allomasi ekanligidan biz ham benihoya faxrlandik. Dilimizdagi soʻzlar tilimizga koʻchdi: Ustoz! Umringizning har bir lahzasi farzandlar, nevara-chevara va shogirdlaringiz qadamlarida yorugʻ nurlarga toʻlib boraversin. Nafaqat bilim berishni, shu bilan birga, oddiylikni, odamiylikni oʻrgatgan koʻnglingiz hech qachon ozor topmasin. Maʼnaviyat osmonida ziyo taratib turgan qalb qoʻringiz yoʻlchi yulduzday yogʻdu tarataversin

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri