Bu anʼanani har tomonlama qoʻllab-quvvatlash barcha qalam sohibi uchun ham masʼuliyatli vazifa.

Adabiyotlarning bir-biri bilan aloqa oʻrnatishida alohida ijodkorlarning vositachilik roli juda muhim. Hech bir adabiyot boshqa bir adabiyot bilan muayyan shoir yoki yozuvchi shaxsiyatisiz aloqa oʻrnata olmaydi. Zero, ularni bir-birlari bilan bogʻlab turadigan “koʻprik” bu – konkret shoir yoki yozuvchi, uning asarlari. Bu jahon adabiyoti tajribasida sinalgan haqiqat. Shuning uchun ham bir adabiyotning ikkinchi bir adabiyot bilan aloqasi toʻgʻrisida soʻz yuritilganda, eng avvalo, oʻsha adabiyotdagi adabiy doʻstlikka koʻproq xizmat qilgan yoki xizmat qilib kelayotgan ijodkorning nomi va asarlari tilga olinadi.

Oʻz adabiyotidan tashqari boshqa milliy adabiyotlarga ham xizmat qilish ijodkor uchun sharaf. Bunday baxt hamma ijodkorga ham nasib etavermaydi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Rustam Musurmon ijodi bu borada koʻpchilikka ibrat. Ijodkorni ramziy maʼnoda ikki qanotli qushga oʻxshatsak, uning bir qanoti sheʼriyati boʻlsa, ikkinchi qanoti badiiy tarjimalari. Baʼzan uning tarjimalari sheʼrlaridan ham koʻproqdek tuyuladi. Jahon adabiyoti, xususan, bolgar, venesuela, polyak, fin, venger sheʼriyatidan qilgan tarjimalari uning baynalmilalchilik va doʻstlik gʻoyalariga sadoqatli, ijodiy taqdirini boshqa adabiyotlar bilan ham bogʻlab qalam tebratib kelayotgan soʻz ustasi ekanini isbotlaydi.

Pablo Neruda, Per Lagerkvist, Aron Tamashi, Alvaro Yunke, Onelio Xorxe Kordosoning hikoya va qissalari, rus adabiyotidan Marina Svetayeva, Bella Axmadullina, Osip Mandelshtam, Velimir Xlebnikov sheʼrlari, qoraqalpoq mumtoz shoirlari Ajiniyoz, Berdaqdan tortib Ibroyim Yusupov, Oʻrazboy Abdurahmonov, Kengesboy Karimov, Muratboy Nizanov, Sharof Usnatdinov, Baxtiyor Genjemuratov, Sogʻinboy Ibrohimov, Sharapatdin Ayapov kabi adiblarning nasriy va nazmiy asarlari Rustam Musurmon tarjimasida oʻzbekcha ohanglarda jarang sochdi. 2021-yili shoirning “Yilning eng yaxshi tarjimoni” sifatida eʼtirof etilgani uning tarjimashunoslik sohasidagi faoliyati munosib taqdirlanganidan dalolat.

Rustam Musurmonning, ayniqsa, qoraqalpoq xalqiga nisbatan qardoshlik mehri va hurmati beqiyos. U Qoraqalpogʻistondagi koʻplab adabiy-madaniy tadbir yoki shoir va yozuvchilar yubileyida ishtirok etibgina qolmay, ikki qardosh adabiyotning doʻstligi, aloqalari toʻgʻrisida ilhom bilan soʻzlaydi.  Shoirning koʻplab qoraqalpoq yozuvchi va shoirlari bilan doʻstligi, ijodiy hamkorligi xalqlarimiz va adabiyotlarimiz doʻstligiga xizmat qilayotgani ham haqiqat. Oʻzbekiston xalq shoiri Ibroyim Yusupov taʼbiri bilan aytganda, “Bir-birlarimizning asarlarimizni oʻqish, hayotimizni televideniye orqali namoyish qilishning oʻzi yetmaydi, koʻzlarimiz koʻzlarimizga tushishi, yuzimiz-yuzimizdan bahra olishi, jonli muloqotlar zarur.” Uning qoraqalpoq oʻlkasiga safari, adiblar bilan jonli muloqotlari, bu xalq hayotini yaxshi oʻrgangani yozilajak sheʼrlari uchun materiallar toʻplashga imkon tugʻdirgan.

Boshqa millatlarga ham ehtirom koʻrsatib, qadriyatlarini eʼzozlaydigan, asarlarida ular hayotining turli koʻrinishlarini milliy ruhda, baynalmilal gʻoyalar bilan uygʻunlashtirib talqin etgan ijodkor borki, u albatta, muxlislar hurmatini qozonadi. Rustam Musurmon mana shunday eʼtirofga sazovor boʻlgan, oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari turmushidan har xil badiiy shakllarda ikki qardosh xalqning milliy mentalitetini, oʻziga xosligini nazarda tutgan holda qalam tebratib tanilgan.

Shoirning 2022-yil nashr etilgan “Bir juft soʻz” sheʼriy toʻplamiga kirgan “Zotim chuyut, men ham qoraqalpoqman” deb nomlangan turkum sheʼrlari fikrimizga dalil boʻla oladi. Bobdagi oʻn uchta sheʼrning hammasida shoir qoraqalpoq mavzusining turli qirralarini xilma-xil usullarda ochib berishga harakat qilgan. Sheʼrlarning har bir bandi, har bir misrasida shu zamin va millatga xos betakror xususiyatlar jilolanib turadi. Shoir sheʼrlarida uchraydigan “Xoʻjaylidan nari Qoʻngʻirot, Ustyurt”, “Boʻyin koʻrsam qoraqalpoq oʻgʻlonni, koʻrgandayman Yedigeni Qoblonni”, “Jayhun jilolagan dursan, gavharsan”, “Shagʻala, shagʻala, shagʻillaydi shagʻala”, “Amu toshqiniday joʻshar “Dam bermas”, “Qancha chopsang koʻzdan qochar kengliklar”, “El bergan Otajon hofiz ustozni”, “Yurak – kema, Orolda qumlarga botib qolgan” kabi misralarni oʻqigan kitobxon oʻzini tasvir obyektiga daxldordek, biror joyda oʻsha voqeaga guvoh boʻlgandek his qiladi.

U qoʻllagan Qoraqalpogʻistonga xos atamalar, soʻz sanʼati, badiiy detallar, betakror tabiat tasviri bilan bogʻliq lavhalar qoraqalpoq hayotining badiiy koʻzgusidir. Shoir mahalliy sharoitni eslatadigan xarakterli atamalar, xalq qalbiga singib ketgan dostonlar, ulardagi qahramonlar, tarixiy shaxslarni sheʼrlariga jo qilib milliy qiyofalari bilan tabiiy va ishonarli tasvirlagan. Misollarda tilga olingan atamalar, ismlar va geografik joy nomlari, milliy anʼanalar, ijtimoiy-maʼnaviy sharoitni yodga soladigan boshqa belgilardan sheʼrda qaysi millat tarannum etilganini oʻquvchi darrov payqaydi. Muallif poetik maʼnoni kuchaytirish uchun mavzuga mos ramzlarni tanlab sheʼr gʻoyasini ochishda ulardan foydalangan.

“Zotim chuyut, men ham qoraqalpoqman” turkumiga kirgan har bir sheʼrning oʻziga xos ifoda shakli bor. “Aqchakoʻl”, “Xalilla”, “Shagʻala”, “Oqqu”, “Turongʻil va shamol”, “Kema”, “Qushlar uchib keldi Toʻrtkoʻlga” kabi qasida, bagʻishlov, qoraqalpoq xalq qoʻshiqlarini eslatadigan sheʼrlarda qoraqalpoq ruhi ufurib turadi. “Osmonlarga quchoq ochar kengliklari”ni “Qirgʻovulga, angga toʻla toʻqayi”ni, “Qirqqizlari ot choptirgan bu diyor”ni alohida mehr bilan milliy boʻyoqlarda bergan.

 “Ustyurt, Qoraqalpogʻiston qoʻrgʻoni” sheʼrida shoir qoraqalpoq milliy-mahalliy sharoitini, mamlakatimizning boshqa hududlariga nisbatan bu oʻlkada hukm suradigan yozning jarimasi va qishning qahratonini real tasvirlagan.

Bu choʻlda qush uchsa qanoti kuyar,

Unda odam yursa, oyogʻi kuyar,

Bahorning koʻkargan yantogʻi kuyar,

Choʻlning guli qayda, tikoni qayda?

Yozda choʻl chang boʻlar, ayozda toygʻoq,

Bepoyon Ustyurtda qishlaydi saygʻoq,

Ona Vatan uygʻoq, tabiat uygʻoq,

Yaratganning bunday jayroni qayda?

Bu oʻlkada koʻp ijodiy safarda boʻlib, tabiat manzaralarining guvohi boʻlgan shoir hayot koʻrinishini obrazli shaklda, xilma-xil ranglarda bera olgan.

Har qanday shoir sheʼriyatiga jon bagʻishlaydigan fazilatlardan biri obrazlilikdir. Shoir lirik qahramon xarakterini ochishda tabiatga murojaat qiladi, turli fasllardan obraz tanlaydi, yaʼni tabiatning turli manzaralarini diliga jo qilib, shu orqali falsafiy fikr aytishga muvaffaq boʻladi. Shoir sheʼrlarida uchraydigan “qish”, “yoz”, “bahor”, “yantoq”, “bepoyon choʻl”, “sahrodagi qum”, “turongʻil”, “shamol”, “baliq”, “chagʻalay”, “oʻrdak”, “oqqu” va hakozalar shunchaki oddiy tabiat koʻrinishi emas, balki lirik qahramon psixologiyasini ochib berishga qaratilgan badiiy vosita hamdir.

Rustam Musurmonning taniqli qoraqalpoq ijodkori, mashhur notiq Sharap Usnatdinovga bagʻishlangan “Chechan” nomli sheʼri shakli va mazmuni jihatidan taniqli oʻzbek adibi Sulton Akbariyning “Joʻlmirzaga hazil xat” va “Ogʻayin” sheʼriga uyqash. Bu sheʼrda shoir ustoz adiblardan tortib zamondosh ijodkorlarining qiyofasini real chizib bergan. Har ikkala sheʼrda ham oʻzbek va qoraqalpoq ijodkorlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar madh etiladi. Sulton Akbariy “Joʻlmirzaga hazil xat”da bir-birlariga haddi sigʻadigan qalamkash zamondoshlariga hazil aralash “salom” yoʻllab, ulardan hol-ahvol soʻraydi:

Xoʻjabeging oʻch emasmi quymoqqa,

Koʻk Orolning laqqasiga, oʻynoqqa,

Aldab olib borardimiz Moʻynoqqa,

Hanuz yalpoq tovonmi?

Boyniyozing tutib kelsa chavoqni

Ibroyiming toʻldir desa tovoqni,

Bobosh qovun desa kadi qovoqni,

Qoʻnoqlaring hayronmi?...

Sulton Akbariy misralarda qoraqalpoq sheʼriyatining nomdor soʻz ustalari – Xoʻjabek Seytov, Boyniyoz Qayipnazarov, Ibroyim Yusupov, Bobosh Ismoilovning nomlarini tilga olgan boʻlsa, Rustam Musurmon qoraqalpogʻistonlik zamondoshlari Muratboy Nizanov, Oʻrozboy Abdurahmonov, Baxtiyor Genjemurod, Yangiboy Qoʻchqorov bilan hamkorlikda “adabiyotga xizmat qilayotgani”dan mamnun.

Yoningizda Muratboy ham Oʻrazboy,

Qalam tutgan qoʻli uzun, darozboy.

Xorazmda mehmon boʻlib qaytdingiz,

Qichqirmasdan ovuldagi xoʻrozboy.

Sharq soʻylaydi bizga quyosh haqinda,

Lola soʻylar togʻ ila tosh haqinda.

Baxtiyor madh etdi Oʻkuzdaryoni,

Sheʼr oʻqidi Yangiboy Shosh haqinda.

Sheʼr xalqona sodda til va samimiy ruhda joʻshqin qalb bilan kuylangan. Vazni yengil, qofiyalanish tartibi ham sodda.

“Ogʻayin” sheʼrining oxirgi bandi soʻnggi misrasida Sulton Akbariy bir soʻz qoʻllaydi. Bu oddiygina soʻz sheʼrga milliy ruh berib, goʻyo uni yoritib turganday:

Ogʻayin, koʻp ezma boʻlib ketibman,

Sheʼr adarib turib salom bitibman,

Soinchimni shundo izhor etibman,

Soingan tek Sultonmi?!

Tek” soʻzi oʻzbek tilida “faqat” degan maʼnoni anglatadi. Sulton Akbariy “tek” soʻzini ishlatib sheʼrga milliy rang bergan. Oʻzini qoraqalpoq hayotiga, qalamkash doʻstlari davrasiga juda “yaqinlashtirgan”.

Rustam Musurmon ham sheʼrning soʻnggi bandlaridan birida shunday yozadi:

Koʻpaylashib Orolga em izlaysiz,

Ona yerning obodligin koʻzlaysiz.

Aylanayin, tuvusqanim, bovurim,

Yurtboshimning elga mehrin soʻzlaysiz.

Tuvusqanim” soʻzining aynan qoraqalpoqcha variantda berilgani tasvirga takrorlanmas kolorit berish bilan birga sheʼrning poetik ohangini ham kuchaytirgan.

Sheʼrdan shunday ibratli mantiqiy xulosa kelib chiqadi. Bir paytlar adabiyotlar manfaatiga xizmat qilgan oʻzbek va qoraqalpoq ijodkorlari oʻrtasidagi samimiy, doʻstona munosabatlar, oʻzaro bordi-keldilar, diydorlashib turishlar, fikrlashib tajriba almashuvlar bugun ham davom etmoqda. Diydorlashuv sabab adabiyot­larimiz doʻstlik mavzusidagi yangi-yangi asarlar bilan boyib bormoqda. Rustam Musurmon Qoraqalpogʻistonning qaysi burchagida boʻlmasin, oʻzini xuddi oʻz uyidagidek emin-erkin his qilib, bu xalqning mehmondoʻstligini “mezbon saxiy boʻlsa, mehmon oromda” deya yuksak baholaydi. “Chechan” mana shunday ijodiy safarlarning, muloqotlarning, tajriba almashuvlarning mevasidir. Sheʼr shu fazilati bilan ham bugungi kunning asari.

Shoir yana bir sheʼrida qoraqalpoq xalqiga mehrini shunday izhor etadi:

Shunday mehri daryo xalqi bor Haqning,

Toʻylariga borib qoraqalpoqning,

Qoʻshigʻiga joʻr boʻlaman Berdaqning,

Men Nukusni sogʻinaman koʻrmasam.

Maqola xotimasida Muxtor Shaxanovning quyidagi misralarini keltirishni joiz topdik:

Doʻst quchishdan boʻshamasin qoʻllarim,

Shuni juda armon qilar dillarim.

Doʻstligimga ishonganlar kam boʻlsa,

Unda mening ojizlanib qolganim.

Oʻzbek adabiyotida oʻz oʻrniga va oʻz soʻziga ega shoir va tarjimon, publitsist Rustam Musurmon xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini oʻrnatishda hech qachon “ojizlanib qolmasin” deymiz.

Gulandom QURAMBOYEVA,

filologiya fanlari doktori