Qulay shart-sharoit va do'stona aloqalar

    Quvada hozir gilos mavsumi boshlangan. Mirishkor bog'bonlar sa'y-harakati tufayli etishtirilgan sarxil mevalar ichki bozorga chiqarish bilan birga tashqi bozorga eksport qilinmoqda.

    Asta-sekin kunlar isishi bilan yurtimizda dala yumushlari ham ko'payadi. Meva va poliz ekinlari ham pishib etila boshlaydi. Bu esa ana shu bog' va dala ne'matlarini birinchilardan bo'lib tashqi bozorlarga sotish imkoniyatimizni kengaytirish barobarida, xorijiy davlatlar ishbilarmonlarining biz bilan hamkorlikda ishlash istagini oshiradi. Jumladan, Quva tumani “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig'ini hududida joylashgan “777–Kubbo vitamini” O'zbekiston–Qozog'iston qo'shma korxonasi shunday xohish, qolaversa, mamlakatimizda chet ellik sarmoyadorlarga yaratib berilayotgan qulay shart-sharoit mevasidir.

    Quvada hozir gilos mavsumi boshlangan. Mirishkor bog'bonlar sa'y-harakati tufayli etishtirilgan sarxil mevalar ichki bozorga chiqarish bilan birga tashqi bozorga eksport qilinmoqda. O'tgan mavsumda qo'shma korxona tomonidan 60 tonnadan ortiq gilos eskporti amalga oshirildi. Joriy mavsumdagi rejalar bundan ham yuqori.

    Yangilikka intilish, havas bilan mehnat qilish quvalik mirishkorlarning qon-qoniga singib ketgan. Qaerga bormang, meva-cheva narxi, yangi navlar, parvarish usullari suhbat asosini tashkil etadi. Bog'lar, yo'l bo'ylarida, xushta'm mevalardan istagancha tatib ko'rish mumkin. Sizga peshvoz chiqqan shirin so'z sohibkorlar, “Kelinglar, yeb ko'rish bepul”, deya ochiq chehra bilan bog' va tomorqa tomon boshlaydi.

    Bog'bonlar sarxil mevalarning nafaqat ta'mi va sifati, balki uzoq vaqt saqlanishiga ham e'tibor qaratishmoqda. Shu maqsadda meva saralash, qadoqlash, saqlash borasida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish yo'lga qo'yildi. Umumiy sig'imi 1,5 ming tonna bo'lgan muzlatgich, logistika, mehmonxona xizmati ishga tushirilib, 30 dan ortiq doimiy va yuzlab mavsumiy ish o'rinlari yaratildi.

    — O'tgan mavsumda qozog'istonliklar dasturxoniga 600 ming dollardan ortiq gilos eskport qilindi,— deydi ish boshqaruvch Jahongir Zokirov.— Bu yil eksport miqdorini 1 million dollarga etkazamiz. endilikda bog'bon va tomorqa yer egalaridan sarxil mevalar xarid qilish bilan birga, intensiv usulda mahsulot etishtirish borasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga e'tibor qaratdik. Mazkur ishlar uchun umumiy qiymati 1 million dollar bo'lgan investitsiya hisobiga qaqroq qir-adir erlarni o'zlashtirib, 100 gektarda gilos bog'lari tashkil etildi. Bularning bari ishlab chiqarish hajmi va sifatini oshirishda o'ziga xos imkoniyatlar beradi.

    O'zbekiston va Qozog'istonni umumiy bog'lab turuvchi hamkorlik rishtalari tobora kengayib bormoqda. Keyingi yillarda savdo- iqtisodiy, madaniy, gumanitar sohalarda samarali aloqalar keng rivojlangani quvonarli.

    — Bu erda ish boshlaganizmizga besh yil bo'ldi, — deydi investor Baxtigul Bemeldinova. — Keyingi yillarda xorijlik investorlarni qo'llab-quvvatlash, samarali hamkorlik uchun kerakli shart-sharoitlar yaratib berildi. SHuningdek, bojxona, soliq, bank tizimida amalga oshirilgan islohotlar turli ovoragarchilik va qog'ozbozliklarga chek qo'ydi. Mahsulot xarid qilish, eksportga yo'naltirish bilan bog'liq imkoniyatlarimizni oshirdi. Ayni kunda hamkorlik aloqalari va geografiyasini yanada kengaytiryapmiz. endilikda nafaqat Qozog'iston, shu bilan birga Xitoy va Janubiy Koreya, Evropa mamlakatlariga ham sarxil mevalarni eksport qilish imkoniyatimiz oshadi.

    Farg'ona viloyati hamda Qozog'iston Respublikasi tadbirkorlari o'rtasida o'zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan amaliy ishlar ko'lami yangi bosqichda kengayib boryapti. Natijada faqat meva-sabzavot emas, balki oziq-ovqat, sanoat, qurilish, metalni qayta ishlash, hunarmandchilik yo'nalishlarida ham uzoq istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

    Ma'lumot o'rnida aytish o'rinliki, hozirga qadar Qozog'iston korxonalari kapitali ishtirokida 14 ta qo'shma, 2 ta xorijiy korxona tashkil qilingan. O'tgan yilning o'zida umumiy qiymati 2 million dollarlik to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiya va kredit o'zlashtirilib, yuzlab yangi ish o'rni yaratildi.

    Rasuljon KAMOLOV,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri