"Qurʼoni karimni tahqirlashga hech kimning haqqi yoʻq!

    Mamlakatimizda 30 Oktabr 2020 409

    Oʻzbekiston musulmonlari idorasi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

    Bismillahir Rohmanir Rohiym.

    Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar boʻlsin. Paygʻambarimizga mukammal va batamom salavotu salomlar boʻlsin.

    Aziz moʻmin-musulmon yurtdoshlar! Kuni kecha ijtimoiy tarmoq sahifalarida dinimizning ilohiy manbasi va eng muqaddas kitobi – Qurʼoni karimga nisbatan hurmatsizlik aks etgan videolavha tarqaldi hamda keskin bahs-munozara va noroziliklarga sabab boʻldi.

    Maʼlumki, Alloh taolo Qurʼoni karimni insoniyatga hidoyat va ezgulik manbai oʻlaroq nozil qilgan. Shu nuqtayi nazardan, qolaversa, qonunchilikka koʻra, inson kim boʻlishidan qatʼiy nazar muayyan din vakilining diniy tuygʻulari, qadriyatlari hurmat qilinishi shart, ularning tahqirlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Ota-bobolarimiz qadim-qadimdan Qurʼoni karimni koʻksilaridan pastda tutmaganlar, joynamozlarini ham doimo baland joyga qoʻyganlar. Masjid atrofidan ohistalik bilan oʻtganlar. Azon aytilayotganda behuda soʻz aytmaganlar. Ana shu jihatlardan kelib chiqqanda, tarqalgan videolavhadagi holat yurtimiz moʻmin-musulmonlarining keskin noroziligiga sabab boʻldi.

    Shu oʻrinda, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Qurʼoni karimni oyoq osti qilish holatini qattiq qoralashini hamda bu noinsoniy harakat hech qaysi diniy taʼlimotga ham, aqlga ham, umuman olganda, insoniylik tamoyiliga ham toʻgʻri kelmasligini bildiradi.

    Kezi kelganda, moʻmin-musulmon yurtdoshlarimizga bunday manfur xatti-harakatlarga nisbatan tajovuzkorona emas, balki aqlni ishlatib munosabat bildirish lozim ekanini taʼkidlaymiz. Chunki, qonun hujjatlariga muvofiq milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab, aholi guruhlariga nisbatan adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy shaʼn-sharaf va qadr-qimmatni kamsitishga, fuqarolarning his-tuygʻularini haqoratlashga qaratilgan qasddan qilingan harakatlar javobgarlikka asos boʻladi. Shunday ekan, bu fuqaroning qilmishi ham, albatta, qonuniy asosda koʻrib chiqiladi.

    Oʻz navbatida, Qurʼoni karimni tahqirlagan mazkur fuqaroning shaxsini aniqlash boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan amaliy saʼy-harakatlar olib borilayotgani hamda konstitutsiya va qonun hujjatlariga zid ravishda diniy adovat chiqarishga yoʻnaltirilgan xatti-harakatlariga nisbatan qonuniy chora koʻrilishini taʼkidlaymiz."