Radar oʻrnatish joylari sotuvidan davlat byudjetiga qariyb 87 milliard soʻm tushdi

    Moliya 16 Sentabr 2021 2836

    Bu haqda Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev oʻzining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifasida maʼlum qildi.

    — Radar va kameralar oʻrnatish joylarini auksion asosida sotish amaliyotiga oʻtilmoqda. Bu ijobiy natija berayotganligini kuzatmoqdamiz, — deya yozadi Rasul Kesherboyev. — Masalan, yaqinda Toshkent shahrining H.Olimjon-A.Qodiriy chorrahasida joylashgan Radar va kameralar oʻrnatish joyi 3,5 mlrd.soʻmga sotilgan edi. Joylarning yuqori narxlarda sotilayotgani yaxshi, albatta. Biroq bundan tushgan pullar qayerga ketayapti, degan savol koʻpchilikka qiziq boʻlsa kerak. Yaqinda shu masalada Moliya vazirligiga soʻrov bilan chiqqandik.

    Uning aytishicha, tushgan mablagʻlar qaysidir tashkilotning choʻntak jamgʻarmasiga emas, toʻliq respublika byudjetiga yoʻnaltirilmoqda ekan.

    Shu kungacha xuddi shu yoʻnalishda elektron auksion savdolarida gʻolib boʻlgan 11 ta tadbirkorlik subyektlaridan jami 86,700 mln. soʻm (salkam 87 mlrd) miqdoridagi mablagʻlar Davlat byudjetiga kelib tushibdi.

    Mana buni byudjetga qoʻshimcha manba desa, boʻladi.

    Ochiqlik nafaqat qonuniylik uchun, balki davlat byudjetini toʻdirish uchun ham samarali yoʻl ekanini koʻrsatmoqda, deya oʻz fikrini yakunlaydi deputat.