Mamlakatimizda “2024-yil uchun O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to'g'risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo'yildi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o'tgan matbuot anjumani ana shu loyiha hamda yangi Byudjetnoma muhokamasiga bag'ishlandi. Tadbirda ishtirok etgan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo'mitasi rahbariyati loyihadan joy olgan ma'lumotlarni tahlil qildi.
Qonun loyihasi 17 ta modda va 11 ilovadan iborat bo'lib, kelgusi yilda yurtimiz davlat byudjetining asosiy parametrlari belgilangan. Unga ko'ra, 2024-yil uchun Davlat byudjeti daromadlari 270,3 trln so'm, xarajatlari esa (byudjetlararo transfertlarni inobatga olmagan holda) 279,6 trln so'm miqdorida belgilanmoqda. YAIM o'sish sur'ati prognozi - 5,6-5,8 foiz.
— Shuningdek, byudjet taqchilligi yuqori chegarasi bilan 52,5 trln so'm (4,2 mlrd dollar) yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz, 2025-2026-yillarda esa 3 foizdan oshirmaslik belgilanmoqda, — deydi Iqtisodiyot va moliya vaziri o'rinbosari Ahadbek Haydarov. — Byudjet taqchilligi qisqartirilishi iqtisodiyotda yalpi talabning o'sishini tartibga solish, o'z navbatida, tashqi savdo balansi manfiy taqchilligi va inflyatsion bosimni kamaytirishga xizmat qiladi.
O'zbekiston Respublikasi nomidan va O'zbekiston Respublikasining kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo'yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 5 mlrd dollar etib belgilash taklif qilinmoqda. Shundan:
- Davlat byudjetini qo'llab-quvvatlash, shu jumladan Davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun – 2,5 mlrd dollar;
- Investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun – 2,5 mlrd dollar miqdorida.
2024-yil uchun O'zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog'ozlarining cheklangan sof hajmi 25 trln so'm miqdorida belgilanmoqda.
Qonun loyihasida kelasi yili qaysi vazirlikka qancha mablag' ajratilishi ham keltirilgan. Unga ko'ra, eng ko'p mablag':
▪️Iqtisodiyot va moliya vazirligi (91 trln 928 mlrd 187 mln so'm);
▪️Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligiga (46 trln 647 mlrd 414,5 mln so'm) ajratiladi.