Hali Ramazon hayiti sanasi rasman eʼlon qilinmadi. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi fiqhiy qoidalar, falakiy hisob-kitoblar va astronomik kuzatishlarga tayangan holda Ramazon hayiti kunini eʼlon qiladi.
Ramazon 29 kun boʻlishi ham mumkin. Chunki shu paytgacha musulmonlar bir necha marta mana shunday 29 kun qilib roʻza tutgan. Buning sababi Oyga bogʻliq. Masalan shamsiy oylar necha kun boʻlishi aniq. Lekin ibodat qamariy oylar bilan hisob-kitob qilinadi. Bunday oylar yo 29 kun yo 30 kun boʻladi. Oyning chiqishiga qarab farq qiladi.
Agar Ramazon hayitining 1-kuni 30-mart – yakshanba kuniga toʻgʻri kelsa, ish haftasining turidan qatʼi nazar barcha xodimlar uchun 31-mart – dushanba ham dam olish kuni boʻladi. Chunki, MK 208-moddasiga koʻra, dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga toʻgʻri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga koʻchiriladi. Bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat koʻrsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari toʻxtatib qoʻyish mumkin boʻlmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari koʻchirilmaydi.
Demak, yuqoridagilardan xulosa qilsak, hozircha Ramazon hayitida 5 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar ketma-ket 3 kun dam olishlari mumkin:
- 29-mart– shanba.
- 30-mart – yakshanba.
- 31-mart – dushanba.
6 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar esa hozircha ketma-ket 2 kun dam olishlari mumkin:
- 30-mart – yakshanba.
- 31-mart – dushanba.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan Ramazon hayiti munosabati bilan qoʻshimcha dam olish kunlari belgilanishi yoki dam olish kunlari koʻchirilishi ham mumkin.