Raqamli irrigatsiya: ommalashayotgan tajriba

    Sherbek Rustamov oʻn yildirki dalada mehnat qiladi. “Xoliqov Sardor Saydaliyevich” fermer xoʻjaligi tashkil etib, ish boshlaganidan buyon Mirishkor tumanida ilgʻorlikni qoʻldan bergani yoʻq. Bu yil ham 50 gektar maydonga gʻalla ekib, shartnomaviy rejani ortigʻi bilan bajardi. 44 gektarga ekilgan paxta allaqachon gulga kirgan.

    Doimo yangilikka intilib ishlashni oʻrgangan Sherbek aka qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda oʻtgan yildan boshlab tomchilatib sugʻorishdan foydalanishni oʻz dalasida joriy eta boshladi. Natija ancha yaxshiligini amalda koʻrgach, bu usuldan joriy yil ham foydalanishni maqsad qilib, ishni boshlab yubordi.

    — Oʻtgan yili bankdan 575 million soʻm imtiyozli kredit hamda davlatdan 92 million soʻmlik subsidiya berilishi natijasida 23 gektar paxta maydoniga tomchilatib sugʻorish texnologiyasini oʻrnatgandik, — deydi Sh. Rustamov. — Natija biz kutganimizdan ham ancha yaxshi boʻldi. Vaqt ham, mablagʻ ham tejalishini angladik. Shu sabab, joriy yilda paxta dalamizga yanada koʻproq tomchilatib sugʻorishni tashkil qilishni rejalashtiryapmiz.

    Fermer tomchilatib sugʻorish usuli orqali oʻtgan yili paxta hosilidan yaxshigina daromad topdi. Bu yil ekkan 44 gektar paxtasining deyarli sakson foizini tomchilatish usulida sugʻorishni yoʻlga qoʻymoqda. Hozirdanoq hech ikkilanmasdan paxta shartnomaviy rejasini ortigʻi bilan bajarishini taʼkidlayapti. Hosil unumdorligi uchun bu yaxshi usul ekanligini qoʻshni fermerlarga ham tavsiya etib kelmoqda.

    Keyingi yillarda global muammoga aylanib borayotgan suv tanqisligi dunyoning koʻpgina davlatlarida qayd etilayotgani sir emas. Bu esa bevosita suvni tejash, undan unumli foydalanishni talab etmoqda. Shu boisdan soʻnggi yillarda, ayniqsa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun suv tejovchi texnologiyalar amaliyotga kirib keldi. Natijada tomchilatib, yomgʻirlatib sugʻorish, lazerli tekislash kabi samarali usullardan foydalanish boshlab yuborildi.

    Maʼlumki, Qashqadaryo mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda yetakchi viloyatlardan biri hisoblandi. Bugungi kunda vohada qishloq xoʻjaligi ekinlari uchun 75 foiz suv Amudaryo daryosidan Qarshi magistral kanalidagi 7 ta koʻtarmali nasos stansiyalar kaskadidagi 45 ta nasos stansiyasidan, 5 foiz suv Zarafshon daryosi orqali tranzit tarzda va qolgan 20 foizi Qashqadaryo va uning irmoqlari, tik sugʻorish quduqlari, nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi hisobidagi 62 ta nasos stansiyasi hamda 2,5 milliard kub metr suv yigʻadigan 13 ta suv omboridan olinadi.

    Amu–Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi maʼmuriyati maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yilning bahor oylarida yogʻingarchilik kam boʻlgani, yozning oʻta issiq kelishi, suv resurslari har yilgidan 25–30 foizga tanqis boʻlishi viloyatda murakkab suv tanqisligi sharoitini keltirib chiqargan. Jumladan, suv taʼminotida asosiy hisoblangan 9 ta katta-kichik suv ombori sugʻorish mavsumining oʻzidayoq qurib qolganiga qaramasdan, iqtisodiyot tarmoqlari sugʻorish ishlari, sanoat ehtiyojlari uchun yil davomida 4,34 milliard metr kub suv yetkazib berilgan.

    Shundan qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish uchun 4,36 milliard metr kub suv limiti ajratilib, amalda 4,07 milliard metr kub suv yetkazib berilgan. Suvni samarali boshqarish, suv tejaydigan texnologiyalarni, irrigatsiya-melioratsiya tadbirlarini oʻz vaqtida oʻtkazilishi natijasida esa 286 million metr kub suvni iqtisod qilishga erishilgan.

    Shuningdek, suv tanqisligini yumshatish maqsadida kanallar tozalanib, 45 kilometr kanal betonlashtirilgan. Gidrotexnik inshoot va gidropostlar taʼmirlanib, tik quduqlarga hamda kollektorlarga dizel nasoslari oʻrnatilib, yer osti, kollektor-zovurlardan 141 million metr kub qoʻshimcha suv olingan.

    — Prezidentimizning 2022-yil 1-martdagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish hamda suv isteʼmolchilari orasidagi munosabatlarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda, — deydi Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻi Toshboʻri Egamnazarov. — Xususan, viloyatda shu vaqtga qadar 21249 gektar maydonlarda suv tejovchi texnologiya joriy etildi. Eng asosiysi, amalga oshirilgan ishlar va suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish natijasida 146 million metr kub suvning tejalashiga erishildi.

    Shuningdek, markazlashtirilgan kapital mablagʻlari hisobidan 35 ta irrigatsiya-melioratsiya loyihasiga 126 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, 24 kilometr lotok, 17 kilometr kanal, 11 dona gidrotexnik inshoot, 6 kilometr quvur rekonstruksiya qilindi, Dehqonobod sel-suv omborining suv yigʻish hajmi 20 million metr kubga oshirildi, kollektor hamda yopiq-yotiq drenajlarda taʼmirlash-tiklash ishlari amalga oshirildi. Yigirmadan ortiq irrigatsiya-melioratsiya obyektlarida qurilish-taʼmirlash tadbirlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Buning natijasida 82 ming gektar maydonning suv taʼminoti va 31 ming gektar maydonning meliorativ holati yaxshilandi.

    Amalga oshirilgan ishlar samarasi oʻlaroq, shoʻrlangan maydonlarning ulushi ancha qisqardi. Yer osti suv sathi 2 metrgacha, muammoli boʻlgan sugʻoriladigan yer maydonlari 5,1 ming gektardan 2,3 ming gektarga kamaytirildi.

    Keyingi yillarda viloyatda suv xoʻjaligida yangi yoʻnalish – davlat-xususiy sheriklikni joriy etishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, 2021–2022-yillarda davlat-xususiy sheriklikni joriy etish boʻyicha qiymati 28 milliard soʻm boʻlgan oʻndan ortiq loyiha yuzasidan bitimlar imzolanib, reyestrga kiritilgan boʻlsa, buning natijasida jami 228 million soʻmlik mablagʻ iqtisod qilindi.

    Davlat-xususiy sheriklikka olingan obyektlarning modernizatsiyasi uchun xususiy sheriklar tomonidan 1,12 milliard soʻmlik investitsiya kiritildi.

    Joriy yilda esa ikkita loyiha asosida Qarshi tumanidagi “Qoʻngʻirtogʻ” nasos stansiyasi va Kasbi tumanidagi “17-36-sonli” meliorativ quduq xususiy sektorga boshqaruvga berildi.

    — Sohadagi ustuvor yoʻnalishlardan yana biri suv xoʻjaligini raqamlashtirishdir, — deydi Amu–Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining boʻlim mutaxassisi Feruz Toshmurodov. — Oʻtgan yilda suv xoʻjaligi obyektlariga olti yuzga yaqin zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etildi. Sugʻorish tarmoqlarida uch yuzga yaqin “Smart Water”, nasos stansiyalarida elektr energiyasi sarfini oʻlchovchi hisoblagich va meliorativ kuzatuv quduqlarida sizot suvlari sathi, suvlarning minerallashganlik darajasini onlayn nazorat qilish uchun uch yuz dona “Diver” qurilmasi oʻrnatilib, toʻrt yuzdan ortiq qurilma vazirlik serverlari bilan integratsiya qilindi.

    Kasbi tumani “Mirishkor-Qamashi” kanallaridagi 26 ta suv ajratish nuqtasini boshqaruv jarayoni Avstraliyaning “Rubicon water” kompaniyasi texnologiyasi asosida avtomatlashtirildi.

    Darhaqiqat, oʻtgan uch-toʻrt yilda suv resurslarini samarali boshqarish, ularning hisobini zamonaviy texnologiyalar asosida yuritish hamda suv xoʻjaligi obyektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqarishga xususiy sektor daromadining bir qismini ajratishda vohada katta oʻzgarishlar amalga oshirildi. Natijada bu tajribani mamlakatimizda ommalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-dekabrdagi “Qashqadaryo viloyati tajribasi asosida suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Shundan soʻng suv xoʻjaligi obyektlarini klasterlar boshqaruviga berish yanada jadallashdi. Shu yil boshidan hozirga qadar klasterlarga bogʻliq maydonga xizmat qiladigan 7,2 ming kilometr ichki sugʻorish tarmoqlari, 5,1 ming kilometr kollektorlar dalolatnoma asosida klasterlar boshqaruviga berildi. Misol uchun, joriy yilda “Koson baxt tekstil” klasteriga Koson tumanidagi barcha suv xoʻjaligi obyektlari, “Indorama agro” klasteriga Kasbi va Nishon tumanidagi suv xoʻjaligi obyektlarini 30 yilga boshqaruvga berish boʻyicha loyiha hujjatlari tayyorlanmoqda.

    Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida loyiha qiymati 105,3 million dollar boʻlgan “Qarshi nasos stansiyalari kaskadini kapital qayta tiklash (FAZA-III)” xorijiy investitsiya loyihasi amalga oshirilayotgan boʻlib, joriy yil Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasining 11,9 million dollarlik mablagʻlari oʻzlashtirildi.

    Loyiha doirasida 9 dona nasos agregat, 200 komplekt yuqori kuchlanishli boshqaruv qurilmasi, 4 dona zemsnaryad, 12 dona maxsus texnika xarid qilindi, 2017–2023-yillarda amalga oshiriladigan tadbirlar natijasida Amudaryoga bogʻliq 402 ming gektar sugʻoriladigan maydonlarning suv taʼminoti yaxshilanadi.

    Tashabbuskorlarning mablagʻlari hisobidan qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqqan sugʻoriladigan, lalmi, adir maydonlardan 20,4 ming gektari oʻzlashtirilib, kam taʼminlangan, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”dagi fuqarolarga 50 sotixdan yer qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun ajratilmoqda.

    Suvni ichki tarmoqlardan isteʼmolchilarga taqsimlash, uning kundalik hisobotini yuritish maqsadida suv xoʻjaligi maxsus xizmat boʻlimlari tomonidan yil davomida 3,4 milliard metr kub suv isteʼmolchilarga yetkazib berilyapti.

    Eng muhimi, sohaga davlat-xususiy sheriklik hamda raqamlashtirish va suv tejovchi texnologiyalarning joriy etilishi natijasida eng dolzarb boʻlgan suv tanqisligining oldi olinishiga erishilmoqda. Suvning har tomchisidan unumli foydalanib, yuqori hosildorlik olinmoqda. Asosiysi, harakatlar oʻz samarasini berib, belgilangan vazifalar oʻz vaqtida bajarilmoqda.

    Akbar RAHMONOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri