Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.
Raqobat qoʻmitasi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, reklamaning aylanishi sohasidagi qonun buzilish holatlarini nazorat qiluvchi vakolatli davlat organi hisoblanib, bu borada muntazam ravishda tizimli ishlar olib borayotganligi jamoatchiligimizga maʼlum.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida “Ipak yoʼli” AITB tomonidan eʼlon qilingan “Universal” va “Milliy” nomli omonat turlari reklamasida “Universal” omonat turi boʻyicha yillik foiz stavkasi 22 foiz, “Milliy” omonat turi boʻyicha yillik foiz stavkasi 25 foiz ekanligi haqida axborotlar berilganligi kuzatilgan.
Shuningdek, bankning rasmiy veb-saytida “Universal” omonat turi boʻyicha omonatga qoʻyilgan mablagʻlar boʻyicha yilning dastlabki 6 oyi uchun depozit hisobraqamlari yopilishi muddatiga qarab yillik 14 foiz stavka va yilning keyingi 6 oyi uchun 18 foiz stavka boʻyicha qayta hisoblab chiqilishi haqida maʼlumot koʻrsatib oʻtilgan. Ammo yuqorida keltirib oʻtilgan reklama vositalarida “Universal” nomli omonat turi haqidagi boshqa muhim maʼlumotlar toʻliq berilmaganligi holati aniqlandi.
Yuqoridagilarga koʻra, Qoʻmita Maxsus komissiyasi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 16 va 43 moddalari va “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasi talablari buzilish alomatlari yuzasidan “Ipak Yoʼli” AITBga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qoʻllanildi. Shuningdek, qonun buzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha koʻrsatma berildi.