Raqobatbardosh mutaxassis – u qanday boʻlishi lozim?

    Bugungi kunda yuqori bilim va tajribaga ega boʻlgan malakali mutaxassislar tayyorlashda taʼlim, ilm-fan va amaliyotning oʻzaro integratsiyalashuvi jadal surʼatlar bilan oʻsib bormoqda.

    Bunday rivojlanishni belgilovchi ragʻbat bilimga asoslangan jamiyat uchun xos boʻlgan yuqori malakali va tashabbuskor kadrlarga ehtiyojning kuchayishi hisoblanadi.

    Oliy taʼlim muassasalarining asosiy ish beruvchilar bilan oʻzaro hamkorligi har ikki tomonning maqsadlariga xizmat qiluvchi malakali mutaxassislar tayyorlashning muhim omillaridan biridir. Ushbu hamkorlik kadrlar buyurtmachilarining taʼlim dargohi bilan birgalikda oʻquv dasturlarini shakllantirish va zarur oʻquv­-laboratoriya uskunalari bilan jihozlashda samarali ishtirok etish, boʻlajak bitiruvchilar bilan faol tanishish, ularni amaliyotga jalb qilish va mavjud muammolari boʻyicha loyihalarda qatnashish imkonini beradi. Shu bilan birga, OTM talabalari ilgʻor jamoalar ish jarayoniga qoʻshilish va oʻziga boʻlgan ishonchni oshirish hamda oʻz bilim-­koʻnikmasini namoyon qilish imkoniyatiga ega boʻladi.

    Geologiya fanlari universiteti Prezidentimiz tashabbusi bilan sohadagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish, oʻqitishning zamonaviy uslublaridan keng foydalanish, geologiya sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, shuningdek, taʼlim jarayonining moddiy-­texnik bazasini ilgʻor xorijiy texnologiyalar asosida mustahkamlash maqsadida 2020-yilda tashkil etilgan. Universitet tarkibida sohaning yetakchi ilmiy­-tadqiqot muassasalari – H.M.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti, Mineral resurslar instituti, Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti, Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti mavjud.

    Davlatimiz rahbarining 2022-yil 2-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimidagi geologiya fanlari universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora­-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Geologiya fanlari universiteti geologiya sohasida taʼlim, ilm-­fan va amaliyot integratsiyasini taʼminlovchi ilmiy klaster hamda malakali kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublikaning tayanch oliy taʼlim muassasasi etib belgilandi.

    Mazkur qarorga muvofiq, sohaning oʻziga xosligidan kelib chiqib, mamlakatimiz oliy taʼlim yoʻnalishida birinchi marta taʼlim jarayonining 70 foizini amaliy mashgʻulotlarga ajratish belgilandi. Universitetning 10 ta ixtisoslashgan kafedrasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish belgilandi va talabalar amaliyot uchun Togʻ-­kon sanoati va geologiya vazirligi tizimidagi 13 ta korxona va tashkilot hamda “Olmaliq KMK” AJ, “Navoiy KMK” AJ, “Navoiy-uran” DK, “Oʻzbekneftgaz” AJ kabi yirik sanoat korxonalariga biriktirildi.

    Bugungi kunda universitetda 2 ta fakultet, 10 ta kafedra faoliyat yuritmoqda, ularda 11 bakalavriat taʼlim yoʻnalishi kunduzgi taʼlim shaklida 790 nafar va sirtqi taʼlim shaklida 846 nafar hamda magistratura mutaxassisligi boʻyicha 16 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularga sohaning tajribali pedagog mutaxassislari taʼlim berayotir. Bu yerda faoliyat yuritayotgan professor­ oʻqituvchilarning ilmiy salohiyati 61 foizni tashkil etadi. Shuningdek, taʼlim jarayoniga togʻ­-kon sanoati va geologiya tarmogʻining ishlab chiqarish tashkilotlari va ilmiy­-tadqiqot institutlaridan 100 ga yaqin professor­ oʻqituvchi hamda ilmiy xodimlar, shuningdek, 6 nafar xorijiy mutaxassis jalb etilgan.

    2023/­2024 oʻquv yilidan boshlab, dunyoning yetakchi 500 ta OTMlari roʻyxatiga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturi asosida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti (QS World University Rankings da 87­oʻrin) bilan Geologiya (Geofizika) bakalavriat yoʻnalishi boʻyicha “2+2” qoʻshma taʼlim dasturi asosida, shuningdek, Tomsk davlat universiteti (QS World University Rankingsda 418­oʻrin) bilan “Yer evolyutsiyasi: geologik jarayonlar va minerallar” magistratura mutaxassisligi boʻyicha “1+1” qoʻshma taʼlim dasturi asosida talabalar tahsil olmoqda.

    Bundan tashqari, 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Belarus davlat texnika universiteti (QS World University Rankings da 801­850 talikka kiradi) bilan Ekologiya yoʻnalishi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.

    Universitetda talaba yoshlarning ilmiy va ijodiy salohiyatini rivojlantirish orqali intellektual elitani tayyorlash va bu borada yuksak isteʼdod sohiblariga, bilimning tegishli sohalari va fanning aniq yoʻnalishlari boʻyicha oʻz qobiliyatini namoyon etish va rivojlantirish, oʻzlaridagi noyob isteʼdodni roʻyobga chiqarish uchun imkoniyat yaratish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Iqtidorli talabalarni taqdirlash va moddiy ragʻbatlantirish maqsadida bakalavriat bosqichi talabalari uchun I.X.Hamroboyev nomidagi va magistratura bosqichi talabalari uchun H.M.Abdullayev nomidagi stipendiyalar taʼsis etilgan.

    Mazkur stipendiyalar tanlovini oʻtkazish boʻyicha nizom tasdiqlangan. Oʻtgan qisqa davrda magistratura bosqichida oʻquvchi 7 talaba H.M.Abdullayev nomidagi, bakalavriat bosqichida tahsil oluvchi 11 talaba I.X.Hamroboyev nomidagi stipendiya sohibiga aylandi. Joriy oʻquv yilida universitet talabasi Nozima Soataliyeva Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi boʻldi.

    Bakalavriat taʼlim yoʻnalishi kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan 790 talabadan 297 nafari mehnat faoliyati bilan mashgʻul. Ularning 135 nafari davlat muassasalarida, 162 nafari yakka tartibda ishlaydi.

    Ilmiy ishlarni bajarishga layoqatli talabalarning ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishi uchun imkoniyat yaratish maqsadida talaba va magistrantlar universitet tarkibidagi ilmiy­-tadqiqot institutlarida amalga oshirilayotgan loyihalarda ishtirok etmoqda. Amaliyot jarayoni sifatini tubdan yaxshilashga, talabalarda ishlab chiqarish va sanoatdagi real muammolar toʻgʻrisida tasavvur uygʻotish, har bir talaba uchun kelgusida ish oʻrinlarini aniqlashtirib qoʻyish kabi muhim masalalarni hal qilish imkoniyatini yaratish maqsadida 50 ta korxona­-tashkilot hamda yirik sanoat korxonalari (“Olmaliq KMK” AJ, “Navoiy KMK” AJ, “Navoiy-uran” DK, “Oʻzbekneftgaz” AJ va boshqalar) bilan universitet talabalarining amaliyotini tashkil etish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolangan.

    Universitetning togʻ­-kon sanoati va geologiya sohasidagi korxonalar bilan oʻquv va ilmiy hamkorligi tegishli faoliyat sohalarida mintaqaviy mehnat bozorini shakllantirishning muhim omillaridan biri boʻlishi mumkin.

    Maqsud ISOQOV,

    Geologiya fanlari universiteti rektori,

    geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor