Joriy yilning 9-iyul kuni «Navoiyuran» davlat korxonasida korxonaning 2024-yil 1-yarim yillikdagi ishlab chiqarish faoliyati yakunlari hamda 2024-yil uchun belgilangan prognoz koʻrsatkichlarini soʻzsiz bajarilishiga oid asosiy vazifalari muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Dastlab, korxonaning 2024-yil 1-yarim yillikda ishlab chiqarish-xoʻjalik faoliyati yakunlari hamda 2024-yil uchun belgilangan prognoz koʻrsatkichlarining bajarilishi borasidagi muhim vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida axborot berdi.
Uran ishlab chiqarishda davlatimiz tomonidan belgilab berilgan reja 110 foizga bajarildi, — deydi korxona bosh direktori Jamol Fayzullayev. — Ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 112 foizni tashkil etdi. Geologiya ‑ qidiruv ishlar prognoz koʻrsatkichi 122 foizga bajarilib, oʻsish surʼati 157 foizni, mahsuldor eritmalarni qayta ishlash hajmi 122 foizga, oʻsish surʼati 111 foizga va uran qazib olish 111 foiz oʻsish surʼati bilan 105 foizga bajarildi. Natijada eksport hajmi koʻrsatkichlari 183 foizga, oʻsish surʼati bilan 167 foizga bajarildi.
Investitsiya dasturi loyihalarini amalga oshirish doirasida korxonada 207 foizga bajarildi, 48,5 mln dollar kapital qoʻyilma oʻzlashtirildi va 48 ta yangi ish oʻrinlari yaratilgan..
Hisobot davrida mahalliylashtirish dasturidagi 16 ta loyiha doirasida 32,9 mlrd soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, prognoz koʻrsatkichi 102 foizga bajarildi, oʻsish surʼati 146 foizni tashkil etdi.
Joriy yilning ikkinchi yarim yilligida 906 ming metrdan ortiq jami 25 ta obyektlarda burgʻilash ishlarini bajarish, geologiya-qidiruv ishlari natijasida uran zaxiralarini 2024-yil yakuni boʻyicha jami 8 025,0 tonna va uranning bashorat resurslarini 10 ming tonnaga oʻstirish belgilangan. Shimoliy Bukinoy, Aktau, Aulbek, Nurkon, Moybuloq konlari boʻyicha yakuniy geologik hisobotlar tuzilib, Davlat zaxiralari komissiyasida jami 22 000 tonna uran zaxiralarini tasdiqlash rejalashtirilgan.
Kelgusida 23 ta burgʻilash uskunasini olib kelinib, dizel elektr stansiyalarini va boshqa zarur tovar moddiy boyliklarini xarid qilish tezlashtiriladi. Qolaversa, xalqaro kompaniyalar bilan geologik qidiruv ishlarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etilib, «Maʼdanli», «Jantuar» va «Koscheka» konlari maʼdanlarini qayta ishlashning optimal texnologiyasini ishlab chiqish maqsadida xorijiy hamkorlar bilan birgalikda tajriba-sinov ishlarini olib boriladi. Shuningdek, konlarining 3D modellarini yaratish, ishlab chiqarish jarayonlarini onlayn kuzatib borish boʻyicha raqamli texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish choralari ham koʻriladi.
«Navoiyuran» DK axborot xizmati