Renessans zabti maʼnaviy-aqliy hodisalardan quvvat oladi

    Oʻzbekiston qahramoni Ibrohim Gʻafurovning yakunlanayotgan 2023-yil voqeliklari, oʻzgarishlari, fikr toʻlqinlari va dolgʻalari haqidagi xulosalari sizni ham befarq qoldirmasligiga ishonamiz.

    “Tarjimon ham, yozuvchi, shoir ham hech qachon did-farosatda zamondosh oʻquvchiga moslashib, tenglashib ijod qilolmaydi. Ijodkor hamma vaqt did-farosat, vijdonlilikda zamondan, zamondoshlaridan ancha oldinroqda yuradi. Boʻyi ommaning boʻyiga baravar, qiligʻi ommaning qiligʻidan farq qilmaydigan, oʻz fikriga ega boʻlmagan kishi qanday qilib yozuvchi, shoir, sanʼatkor, tanqidchi, tarjimon boʻlishi mumkin? Yoʻq, ijodkor hamma vaqt chuqurroq oʻylaydi, uzoqroqni koʻradi, umummanfaatni oʻtkirroq, teranroq tushunadi. Shuning barobarida u ijodkor deb ataladi”.

    Oʻzbekiston qahramoni Ibrohim Gʻafurovning ushbu soʻzlari bu galgi diydorlashuv uchun oʻziga xos muqaddima boʻldi. Ustozimizning yakun topib borayotgan 2023-yil voqeliklari, oʻzgarishlari, fikr toʻlqinlari va dolgʻalari haqidagi xulosalari sizni ham befarq qoldirmasligiga ishonamiz.

    – Ustoz, yakun topib borayotgan yilimiz soʻnggida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishi ayni paytda uygʻonib, yuksalib va birlashib borayotgan turkiy dunyoning muhokamalar markaziga aylanayotgan, jahon hamjamiyatida oʻz oʻrniga, pozitsiyasiga, qatʼiy soʻziga ega boʻlib borayotgan Oʻzbekiston davlatining sarhisob onlariga munosib xotima boʻldi. Shunday emasmi?

    – Asr toʻlqinlari yuraklarda jaranglab aks-sado topadi. Vatanimizning har bir burchagidan quvonchli, hayajonli xabarlar oqimi ongimiz, shuurimizni toʻlaligicha egallab oladi. Oʻzbekistonimizda gʻayrat, ragʻbat, jasorat joʻsh urmoqda. Xalqimiz oʻz yetakchisi bilan birgalikda ilm-fanni egallash, kashfiyotchilik, kordonlik, ishbilarmonlik bilan oʻtgan esda qoladigan damlarning sarhisobini qilmoqda.

    Prezidentimizning Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kuni kecha boʻlib oʻtgan yigʻilishidagi nutqini eshitib oʻzimni unutilmas voqealarning ishtirokchisidek sezmoqdaman, qalbim samoviy tuygʻularga toʻlmoqda. Ijodkorlar yaxshi his qiladi, kishi qalbi hayajonga toʻlib tursa, u albatta, doim joʻshib, toʻlqinlanib yuradi.

    Keyingi yillarda Oʻzbekiston jahonga ochildi, dunyo Oʻzbekistonga havas bilan qaramoqda. Dunyoviy va insoniy maqsadlar yoʻlida ogʻishmay kelmoqdamiz. Bugun Kaspiy tomon yoʻllar bizni barqaror Yevropa va taraqqiyparvar Turkiyaga va ular osha Atlantikaga olib chiqadi. Oltiariq uzumlarining shuhrati Nyu-Yorkkacha yetib bordi, qanchalar mashaqqatli boʻlmasin, qutlugʻ saʼy-harakatlar bilan Orol hududlarida yashil makonlar barq ura boshladi. Oʻlik sahrolarda hayot paydo boʻlmoqda.

    Oʻzbekiston dunyoning sakkiz tomoniga najib yoʻllar solayotgani bilan insoniyatni hamjihatlik, birdamlik, hamkorlikka undamoqda. Shu bois ham xalqaro miqyosda ishonch va eʼtibor, hurmat va eʼtirof qozonmoqda.

    Adabiyotchi boʻlganim bois, bu yuksalish yoʻllarini barcha olamshumul xususiyatlari barobarida, tom maʼnoda, asrimiz odamlari qalbiga kirib borayotgan yoʻllar, deb atagim keladi. Kimlar qadim yoʻllarni buzmoqda, Oʻzbekiston esa buyuk tarix yoʻllarini tiklamoqda. Bu yoʻllar shunchaki bir makondan boshqa makonga olib boradigan yoʻllargina emas, ular tamomila zamona konsepsiyalari va hayotbaxsh dasturlaridir. Biz endi ularni yangi tushunchalar bilan “Markaz” deb ataymiz. Qanday yaxshi!

    Yoʻllarning mundarijasi va mazmuni gʻoyatda tigʻiz. Biz shu yangi Oʻzbekiston yoʻllaridan emin-erkin yurib, damba-dam roʻparamizdan chiqayotgan qarama-qarshiliklarni yengib oʻtib bormayapmizmi, yosh avlodni ilm, iroda bilan chiniqtirmayapmizmi, ular ongini ilm-fan, yuksalish gʻoyasi bilan toʻldirmayapmizmi! Toʻldiryapmiz, chiniqtiryapmiz! Har qanday sharoitda yashovchan qilishga urinmoqdamiz. Real tushunchalarga oshno qilmoqdamiz, real baho va xulosalarga koʻniktiryapmiz. Odam real tushunchalar bilan yashasa va oʻzini hayot uchun tarbiyalasa, Prezidentimiz aytmoqchi, albatta, oʻzining katta insonparvarlik yoʻlini topib oladi, inshaalloh! Yoʻllar va real siyosat – bu davlat rahbari har birimizdan talab qilayotgan maʼnaviy-aqliy hodisa! Men bir ijodkor sifatida mana shu hodisani oʻz ruhoniyatimda juda aniq sezib turaman.Ular meni hech narsaga qaramay harakatga chaqiradi. Zamon bizni shunday ishlarga chaqirib turmasa, kimmiz oʻzi?!

    Erkin nashriyotlar, erkin tahririyatlar, jurnalistlar jamoalari jamiyatimizning eng ogʻriqli dardlari ustida jon kuydira boshlaganini hammamiz koʻrib turibmiz. Oʻylaymanki, eskicha ishlashdan voz kechib, tamomila yangi yozuvchilar ham jahon fikr maydoniga tushadi. Jang faqat shaxmat taxtasi va ranglarda emas, hayotning har bir dami jang! Ammo bu janglarda eskilik oʻladi, yangilik, yangi aql-idrok, hissiyotlar bosh koʻtaradi. Renessans shunday zabtga ega boʻladi. Hayotda mutlaqo inkor qilib boʻlmas haqiqatlar bor: ozod makon, ozod dil, ozod adib, ozod fermer, ozod jurnalist, ozod ilm-fan, ijod endi chin mulkimiz, kelajakka oʻlmas merosimiz. Bularning ulugʻ xiyobonlari, ulugʻ yoʻllari, ulugʻ kitobxonlari mavjud. Shularning nashidalari bilan yana bir yil poyonida turibmiz, sogʻ-omonmiz. Yangi yil ham qutlugʻ kelsin, ilohim!

    Davlatimiz rahbari yigʻilishda maʼnaviyat va madaniyat sohasidagi ishlarimiz uchun metodik asos boʻlib xizmat qiladigan milliy gʻoyamizni rivojlantirish boʻyicha alohida dasturiy hujjat ishlab chiqishimiz lozimligini taʼkidladi. Dunyoviy davlat konsepsiyasi qanday maʼnaviy-maʼrifiy mezonlarga asoslanishi zarur deb bilasiz? Umuman, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan eʼtiborimiz markaziga qoʻyilayotgan dovon – Maʼnaviy taraqqiyot jarayoni qanday evrilishlar, oʻzgarishlar va oʻziga xos yoʻqotishlar hisobiga roʻy berishi mumkin?

    – Tabiatda oʻzicha bexos dumalab yotgan tosh yoʻq. Hozir huzurlanib dumalab yotganday koʻringan bu tosh qadimgilarning hikmatlaricha oʻz vaqti kelganda, inson uchun qurilgan bir muhtasham binoning peshtoqi yo poydevoridan oʻz oʻrnini topadi. Bunga zarracha ishtiboh yoʻq. Tabiat va jamiyatning munosabatlari va tinimsiz olib boradigan muzokaralari, bosh keti koʻrinmaydigan muloqotlarida hamma narsaning oʻrni va maʼnosi qidiriladi. Kembrijga oʻqishga kirmoqchi boʻlib kuyib-pishib imtihon topshirib yurgan qizchani sinov tariqasida: “Maʼnaviyat nima?” deb soʻroqqa tutsangiz, darhol: “Maʼnaviyat bu maʼno degani, amaki, shuni ham bilmaysizmi?” deb sizni izza qilibd qoʻyadi. Va oʻzining Kembrijda tahsil olishga daʼvosini koʻz oʻngingizda oqlaganday ham boʻladi. Bunday qiziquvchan va intiluvchan yoshlar keyingi yillarda koʻp koʻzga tashlanmoqda. “Aqliga balli!”, deysiz banogoh.

    Va bu Yangi Oʻzbekiston voqeligining juda xarakterli belgilaridan biri. Chirchiqlik bu qizcha sizga yaltiroq papkasidan bir necha kitobchalarini ham olib koʻrsatadi. Ular ichida oʻzi uchun yozgan “Ingliz tilini oʻzbek tiliga qiyosan oʻrganish metodologiyasi” degani ham bor. Hali oʻn oltiga ham kirmagan bu qizchaning gʻayrati oldida lol boʻlib oʻyga choʻmib turasiz: maʼrifatparvar, ilmparvar, erkparvar, ajdodlar orzu qilib kurashgan nasl shular boʻlsa kerak, deb hayrat barmogʻingizni peshonangizga tiraysiz. Uni tamiz bilan yana bir oz tinglang: sizga maʼnaviyat va maʼrifat soʻzlari inson hayotining tub asosini bildiradigan, katta harflar bilan yoziladigan Maʼnaviyat va Maʼrifat tushunchalariga aylanganiga oʻttiz yil boʻlayotganini, va ular endilikda huquqiy demokratik jamiyatimizda oʻzak tushunchalar boʻlib borayotgani, yana ham muhimrogʻi milliy gʻoyamizning yemirilmas, mustahkam zamini ekanligini sizga professorlardan ham yaxshiroq bayon qilib beradi.

    Qarang, shunday avlod kelyapti. Dunyoning katta yoʻllariga chiqyapti. Tabiatda hamma narsa parvarish va eʼtibor bilan yuzaga chiqadi. Inson tabiat va jamiyat bilan uzluksiz muzokarada oʻzini topadi, oʻzligini anglaydi, oʻziga muhit yaratadi. Maʼnaviyat va maʼrifatga yaxlit qaraylik, yaxlit yombi hodisa deb bilaylik. U madaniyat, sanʼat, adabiyot, taʼlim, kitob, jurnal, gazetalar, xalqaro bordi-keldilar, diniy eʼtiqodlar, bepoyon jonli muloqotlarni va bulardan ham avvalroq axloq tarbiya taʼlimini oʻz ichiga oladi va doim ular bilan chambarchas bogʻlangan holda yuksalib, oʻzini oʻzi yaratib boradi. Oʻzini oʻzi yaratib va yangilab boradi degan tushunchaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Bu shunaqa jarayon:

    Bu har bir inson ongi va qalbida kechadi. Tuygʻular va hissiyotlarni yuzaga chiqaradi. Eng muhimi, u insonga suv va havodek zarur qadriyatlarni yuzaga keltiradi va harakatga soladi. U toʻxtovsiz yangilanib boradi. Prezidentimizning Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishidagi nutqida u “yangi kuch, yangi harakatga aylanishi kerak”, degan tezis oʻrtaga tashlandi va “yangi” soʻziga urgʻu berildi. Shu tariqa u Yangi Oʻzbekiston, yangi Uygʻonish, yangi dunyoviy davlat degan ijtimoiy-falsafiy asos degan hodisalarga tom maʼnoda hamohanglik kasb etdi. Yana bir karra qaytaraman: bularning bari juda yaxlit. Ularga yaxlit bir butunlikda qaramoq va munosabatda boʻlmoqlikni talab qiladi. Hozirgi zamon shundayki, ularning hammasi oʻlmas, bitmas-tuganmas qadriyat deb qarab, asosiy vazifa ularga ongimiz, tafakkurimiz, dunyoqarashimizda yangi yoʻnalish bera olamizmi, degan juda katta masala koʻndalang turadi. Bularga yangi yoʻnalish bermasdan sira iloji yoʻq. Zero, raqamli dunyoga kirdik. Gazetalarning istilohlari kundan-kun murakkablashib, ijtimoiylashib, siyosiylashib bormoqda. Bundan koʻz yumishning iloji yoʻq.

    Prezidentimiz oʻz nutqida maʼnaviyat va maʼrifatning bugungi, ha aynan, bugungi oʻn bitta sohasini tilga oldi va ularni zamon, odamlarning iqtidorlari nuqtayi nazaridan tahlildan oʻtkazdi. Hozirgi davlat va xalq, jamiyat ahamiyatiga molik soʻzlardan raqamlar, hisob-kitoblar koʻp. Bu – tabiiy. Prezident har bir sohaning taraqqiyoti uchun raqam keltiradi. Har oʻrinda gap milliardlar, trillionlar ustida boradi. Quruq qoshiq ogʻizni yirtadi. Maʼnaviyat sohalariga iqtisodiy zamin mustahkam tayanch boʻlmasa, rivojlanish boʻlmasligini Prezident yetuk iqtisodchi sifatida teran biladi.

    Trillionlar boru, lekin ularni tasarruf qiluvchilarning kayfiyatlari qanday? Maʼnaviyat maskanlarining arxitekturasi qanday boʻlishi kerak? Trillionlar sarflab qurilayotgan koʻpriklar, kutubxonalar, doʻstlik klublari tez orada sovet davridagi madaniyat saroylariga oʻxshab qolmaydimi? Va umuman qani oʻsha saroylar? Koʻplarining quruq, sirlari toʻkilgan loshlari qolgan xolos. Endigi maʼnaviyat saroylari, kutubxonalar unday boʻlmagay... Kimga kerak koʻzboʻyamachiliklar, nima foyda keltiradi xaspoʻshlovchilar, soʻzlardan rang-barang boʻyoqlar yasovchi suvoqchilar? Iloho, trillionlar aslo bularning qoʻliga, hukmi-hikkasiga sira tushmagay! Olti oy hokimlik qilmayoq chuvi chiqayotganlar qayerdan paydo boʻlmoqda? Trillionlar tagida, atrofida kimlar oʻrmalamoqda? Juda boʻlmaganda besh yil xalqqa halol, vijdonan, farosat bilan xizmat qiladigan el-yurt yumushiga xolis yaraydigan hokimlar qolmadimi? Mumkin emas bunday boʻlishi! Salkam qirq million qadim xalqdan nahot elparvar, sofdil, Prezident yonida oq, yorugʻ yuz bilan turadigan kadrlarni akademiyalar yetishtirmay qoʻydimi? Nahot ularni hech kim tekshirmaydi, reytingini oʻrganmaydi, psixologik, maishiy holati, koʻyini aniqlamaydi? Haqiqiy bilimdon, kashshof kadrlar yetishtirish oqsab qolmayaptimi? Nega optimal holatlar kartasi ochilmayapti? Maʼnaviyat sohalarida, ularning minglab kadrlari kahkashonida real taʼsirchanlikka erishish uchun qanday modellar, qanday metodlar ishlab chiqishimiz kerak? Axir modellarsiz, ilmiy nazariyalarga asoslangan metodlarsiz hozirgi zamonda bir qadam ham siljib boʻlmaydi-ku! Balki maʼnaviyatning boshqarish tizimlarini optimal tarzida yangilash zaruriyatga aylanayotgandir... Axir yangi kuch, yangi harakatga aylanishning boshqa yoʻli yoʻq-ku! Gʻoyalar va qadriyatlar maʼnaviyatning matritsasi emasmi? Yangi maʼnaviyat nimalarda namoyon boʻladi, qanday? Buni ado etish uchun ichki erkinlik yetarlicha mustahkammi?

    Men “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi haqida oʻqiganimda yaxshi musiqa eshitganday hayajonlandim. Koʻz oʻngimda ufqlar toʻla dunyo kitoblari manzarasi yastandi. Eski odamman shekilli bu ruhoniy manzarani xayolimga sigʻdira olmadim. Haqiqatan bunday ulugʻvor ishlar uchun yangi nasllar maydonga chiqayotganiga oʻxshaydi. Prezidentimiz yoshlarni har tomonlama ragʻbatlantirayotgani, gʻayrat va shijoatga undayotgani bejiz emas.

    – Suhbatlaringizdan birida “Bizning oʻzbek-turkiy sivilizatsiyamiz el-yurt manfaatlarini birinchi darajali deb bilishdan, yurt, til birligi tuygʻusidan barqaror boʻldi. IX asrdan boshlab oʻzbek sivilizatsiyasi islom sivilizatsiyasi bilan tutashdi va oʻz mundarijasi, ufqlarini boyitdi. Men Navoiyni yaxlit bir sivilizatsiya deb bilaman. Jadid ajdodlarimiz Navoiy sivilizatsiyasini davom ettiruvchilari boʻldilar. Uning maʼrifatini yangi zamonlarga olib kirdilar. Bu ezgu ishga boshlarini tikdilar”, deb aytgansiz. Men siz mansub ijodkorlar avlodi – Said Ahmad, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Oʻtkir Hoshimovlarni ham yashovchan gʻoyalar va ulardan tugʻilgan goʻzal asarlar mualliflari sifatida jadidlarga izdosh madaniy avlod deb atagim keladi. Ustoz, mana bugun 86 yoshni qarshi olyapsiz. Oʻzingiz bosib oʻtgan ijod va umr yoʻliga qanday taʼrif bergan boʻlardingiz?

    – Jadidlarga izdosh madaniy avlod! Qanday zoʻr fikr! Jadidlarga izdoshlikning esa buyuk insoniy ijodiy masʼuliyati bor. Men hozirgi yoshlar avlodi bu vazifani oʻz zimmalariga ola biladilar deb ishonaman. Chunki yuqorida aytganim Kembrijga intilayotgan oʻn olti yashar qizcha yolgʻiz emas. Ular bugun Oʻzbekistonda minglar, millionlar deb aytgim va bu aqidamga ishongim keladi. Qolaversa, dunyoviy davlatning aksessuarlari shular bilan adl bunyod boʻladi. Oʻzbekistonda ijodkorlar, iqtidorli kuchlar yetarli. “Bugun maʼnaviyat boshqa sohalardan oʻn qadam oldinda yurishi kerak, shunda u yangi kuch, yangi harakatga aylanadi”, deydi Prezidentimiz. Shuningdek, davlatimiz rahbari oʻz nutqida respublikada bolalar adabiyotini rivojlantirishni juda katta masala qilib qoʻydi. Internet adabiyoti, jahon adabiyotidan badiiy tarjimalar – yaqin kelajagimizning tamal toshlaridir. Madaniyat va ong tarbiyasida bularning oʻrni beqiyos.

    Davlatimiz rahbari bizga, yoshlarga mislsiz ufqlar ochyapti. Buning uchun yoshlar ijodkorlik nafasi bilan yashab, oʻzlariga chin maʼnodagi estetik va etik axloqiy, ruhoniy zamin yaratishlari va ularni oʻz umr yoʻllari, izlanishlarida mahkam tutishlari kerak boʻladi. Yoshlarga qiziqishlari shakllanishida izchillik, iroda va matonat kerak. Hech qanday toʻsiqlar yoʻq. Toʻsiqlar feʼl-atvorimizda boʻlishi mumkin. Dunyo har tomondan oʻzgarib boryaptimi, demak, biz ham oʻzgarishimiz kerak. Dunyo bizni ezgu ishlarga chorlayaptimi, biz ham labbay deb javob berib chogʻlanishimiz kerak.

    Menga kelsak, quduq hali qurigani yoʻq. Tublarida zilol, gʻuborsiz koʻk suvlar chayqalib, Yeru zaminning azal harakatidan mavjlanib turibdi. Bu quduqning suvlarini obi hayot deb atayman. Obi hayot kabi asarlar dunyoga keltirishni hamon orzu qilaman. Yaratgan Yer kurrasini koinotlar ichida milliardlab Somon yoʻli yulduzlari, yulduzotlari ichida makonlari qilib yaratgan va barcha maxluqlariga rizqu roʻzi poyon ato etgan. Koinotda yaratuvchilik bilan buzgʻunchilik omonsiz kurashda. Ijodkorlar insoniyat ayni tashnakom boʻlib turganida unga bir kosada obi hayot tutishga chogʻlangan odamlar. Olimlar va yozuvchilar doim harakatda. Ojizlik bandaning oʻlimi bilan barobar. Hayotning tuzi, asl maʼnosi ularning asarlarida. Olamning ibtidosi – boʻshliq. Ijodkolar shu azal boʻshliqni insoniy maʼno bilan toʻldiradilar va yashashga maroq bagʻishlaydilar. “Doim yangi kun bilan yashash kerak”, deydi XIX asrda yashagan amerikalik adib Ralf Uoldo Emerson. Men kirib kelayotgan har bir yangi kunni sevaman. Prezidentimiz aytmoqchi, mamlakatimiz yangi taraqqiyot davriga qadam qoʻydi. Yangi Uygʻonish davri. Men ikki asrning odamiman. Yangi asrda maʼnaviyat va ijod safida boʻlsam, deyman.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi